O‘zbekistonda yangi kodeks ishlab chiqiladi

  • 09 oktyabr 2019, 11:20
  • 801
  • Jamiyat
  • O‘zbekistonda yangi kodeks ishlab chiqiladi
    Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi Kodeksi loyihasi yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.

    Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy sudi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, shuningdek Toshkent davlat yuridik universiteti, Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ) va AQSh Xalqaro Rivojlanish Agentligi (USAID) ekspertlari ishtirok etishdi.

    Kodeks loyihasi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 44-bandi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur loyiha qabul qilinishi bilan amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks o‘z kuchini yo‘qotadi.

    Yangi ishlab chiqilgan Kodeks loyihasida Davlat dasturida belgilangan quyidagi vazifalar o‘z aksini topgan:
    - ishni ko‘rishning protsessual tartibini takomillashtirish;
    - protsess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini maqbullashtirish;
    - ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish (elektron bayonnoma, elektron ma’muriy ish va boshqalar);
    - jabrlanuvchi arizasiga asosan yuritiladigan ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni tugatish tartibini joriy qilish;
    - ma’muriy jazo choralari tizimini liberallashtirish;
    - jarima jazosini ixtiyoriy ijro etishni rag‘batlantirishning differensial tartibini joriy etish;
    - ma’muriy javobgarlikka tortishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar toifasini maqbullashtirish.

    Bundan tashqari, loyihada bir nechta konseptual o‘zgarishlar taklif etilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
    - Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks loyihasida umumhuquqiy va maxsus prinsiplar ro‘yxatini aniqlashtirish va kengaytirish;
    - Ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan yuridik shaxslar javobgarligini joriy qilish;
    - Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksni “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun bilan muvofiqlashtirish;
    - Ma’muriy javobgarlik va ma’muriy jazodan ozod qilish.

    Davra suhbati davomida Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksni “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun bilan muvofiqlashtirish, yuridik shaxslarni javobgarligi, jarimalar miqdori masalalarida jiddiy bahs munozaralar bo‘ldi.
    O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi mutaxassislar takliflari asosida takomillashtiriladi va umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » O‘zbekistonda yangi kodeks ishlab chiqiladi