Toshkent shahrida Shinxan universiteti tashkil etiladi

  • 10 oktyabr 2019, 13:23
  • 264
  • Jamiyat
  • Toshkent shahrida Shinxan universiteti tashkil etiladi
    Foto: hankooki.com
    O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Toshkent shahrida Shinxan universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda Shinxan universiteti (Koreya Respublikasi)ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

    Belgilanishicha:
    Toshkent shahridagi Shinxan universiteti oliy ta’lim muassasasi - yuridik shaxs (mas’uliyati cheklangan shaklidagi nodavlat oliy ta’lim tashkilot) shaklidagi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga ega, tasarrufidagi mol-mulk bilan o‘z majburiyatlari bo‘yicha javobgar hisoblanadi;

    Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasining davlat ta’lim standartlari talablarini inobatga olgan holda Shinxan universiteti (Koreya Respublikasi) ta’lim dasturlari asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi;

    Universitetda ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi;

    abituriyentlar qabuli va Universitet bitiruvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

    Universitet bitiruvchilariga Shinxan universiteti diplomini beradi. Mazkur diplom O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi;

    Universitet o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olgandan so‘ng ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanishiga ruxsat etiladi;

    Universitetda ta’lim olish ingliz, o‘zbek, va rus tillarida kunduzgi shaklda, to‘lov-kontrakt asosida hamda Universitet bitiruvchilarining potensial ish beruvchilari - yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan ta’lim grantlari bo‘yicha, shuningdek, yoshlarning ta’lim olishi uchun avvalo mamlakat hududlari tomonidan ajratiladigan xayriya ehsonlar hisobiga amalga oshiriladi;

    Universitet faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib:
    - respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda kiyim dizayni, moda dizayni, xalqaro turizm menejmenti, hamshiralik ishi, shuningdek talab yuqori bo‘lgan ta’limning boshqa yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;
    - ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish;
    - yuqori malakali mutaxassislarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning malakaviy amaliyotini yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;
    - mehnat bozorining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, kiyim va moda dizayni, xalqaro turizm sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;
    - ta’lim va ilmiy-texnikaviy sohalarda yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash;
    - respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlariga javob beradigan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, Universitet 3.0 tizimi asosida faoliyatini tashkil etish belgilanadi.

    Qayd etilishicha, Universitet:
    - o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan Universitetni rekonstruksiya qiladi, ta’mirlaydi va jihozlaydi;
    - Universitetni rivojlantirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etadi;
    - o‘z mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan o‘quv korpuslari, o‘quv-laboratoriya bazasi, talabalar turar joylari va Universitetning boshqa inshootlarini mebel, inventar, o‘quv va ilmiy jihozlar, orgtexnika, kompyuterlar bilan jihozlaydi, shuningdek, Universitetni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlaydi;
    - Universitetning kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirishga, shu jumladan Kyungin universitetining (Koreya Respublikasi) axborot resurs bazasidan foydalanish imkonini yaratgan holda ko‘maklashadi;
    - Universitetda ta’lim berish va o‘quv jarayonini tashkil etish uchun malakali xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb qiladi.

    Universitet faoliyatini moliyalashtirish va uni saqlash:
    - Universitet mablag‘lari va talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
    - xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar;
    - yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari;
    - xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari;
    - qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

    Universitet:
    O‘zbekiston Respublikasi manfaatdor tashkilotlarining mutaxassislarga bo‘lgan real ehtiyojidan kelib chiqib, 2020/2021 o‘quv yili va keyingi yillar uchun talabalarni qabul qilish kvotalari va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarini belgilaydi;

    Shinxan universiteti (Koreya Respublikasi) va boshqa yetakchi xorijiy ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlariga o‘qish va stajirovka o‘tashga yuborish uchun eng istiqbolli talabalarni tanlov asosida saralab olishni tashkil etadi;

    Universitet professor-o‘qituvchilari va doktorantlari uchun xalqaro tajriba almashinuvini tashkillashtiradi.

    Universitet rektori Universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

    Universitetga:
    kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, Universitet hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda yangi istiqbolli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish;

    tuziladigan shartnomalar asosida Universitetga o‘qituvchilik qilish va ilmiy ish olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professorlar va o‘qituvchilarning yashashi hamda transport xarajatlariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha haq to‘lashga ruxsat beriladi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Toshkent shahrida Shinxan universiteti tashkil etiladi