AQSh O‘zbekiston ta’lim tizimiga yangilik olib kirmoqda

  • 12 oktyabr 2019, 14:54
  • 659
  • Jamiyat
  • AQSh O‘zbekiston ta’lim tizimiga yangilik olib kirmoqda
    Foto: AQSh elchixonasi
    O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ta’lim tizimidagi hamkorlik doirasida amerikalik besh nafar mutaxassis yurtimizga keldi. Ular Xalq ta’limi vazirligidagi hamkasblari bilan hamkorlikda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matematika va o‘qish bo‘yicha ko‘nikmalarini baholash metodikasini ishlab chiqadi.

    AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki mamlakat mutaxassislari hamkorlikda matematika va o‘qish bo‘yicha sakkiz tilda (o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, tojik, qirg‘iz, turkman va ingliz) savolnomalar tuzadi. Ular asosida mamlakatimiz bo‘ylab o‘quvchilar umumiy bilimlarni qay darajada o‘zlashtirayotgani tadqiq etiladi. Shu tariqa o‘quv jarayonidagi kamchiliklar va zaif nuqtalar aniqlanib, ta’lim strategiyasi takomillashtiriladi.

    «Bu O‘zbekistonda olib borilayotgan birinchi xalqaro tadqiqot bo‘lib, u boshlang‘ich sinflarda o‘qish natijalarini aniq baholashga imkon beradi. Bu esa vazirlikka ta’lim tizimini takomillashtirish yo‘lida yangi metodologiya ishlab chiqishda ko‘maklashadi», – deydi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

    Xorijlik mutaxassislar vazirlik va uning viloyat boshqarmalaridagi qirq nafar xodimi uchun sakkiz kunlik seminar o‘tkazmoqda. Amaliy mashg‘ulotlarda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash asosi sifatida EGRA (o‘qish) va EGMA (matematika) metodikasidan foydalaniladi. Ushbu baholash tizimi dunyoning 70 dan ortiq mamlakatida sinovdan o‘tgan.

    Baholash va tadqiqot jarayoniga «RTI International» tashkiloti ham jalb etilgan. Mazkur tashkilot Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda EGRA va EGMA tizimlarini sinovdan o‘tkazadi. Mamlakat miqyosidagi tadqiqotlar 2020 yilda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

    Yurtimiz ta’lim tizimiga xalqaro baholash usullari AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ko‘magida joriy etilmoqda.

    Avval xabar berganimizdek, joriy yil 28 sentyabr kuni O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim kelishuv imzolangandi.

    Mazkur hujjatga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimiz ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag‘ ajratadi.

    Ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilayotgan mablag‘ boshlang‘ich sinflarda o‘qish va matematika saboqlarini yanada takomillashtirish, axborot texnologiyalaridan keng foydalanish hamda ingliz tilini o‘qitish samaradorligi va sifatini oshirishga yo‘naltiriladi.

    Xalqaro baholash tizimini joriy etish loyihasi ana shu besh yillik kelishuvning dastlabki bosqichi sanaladi.
    S.Salim

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » AQSh O‘zbekiston ta’lim tizimiga yangilik olib kirmoqda