11:30 / 13.10.2019
3 357

Markaziy bank xodimlariga qator taqiqlar joriy qilindi

Markaziy bank xodimlariga qator taqiqlar joriy qilindi
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Qonunga yangi modda qoʻshilgan boʻlib, unga asosan Markaziy bank xodimlariga quyidagilar man etiladi:

– haq toʻlanadigan biror-bir boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanish, bundan ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish mustasno;
– banklar, xoʻjalik boshqaruvi organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kuzatuv kengashlari tarkibiga kirish;
– oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan bank sirini tashkil etuvchi axborotni yoxud qonun hujjatlariga muvofiq foydalanilishi cheklangan boshqa axborotni uchinchi shaxslar manfaatlarini koʻzlab oshkor etish yoki undan foydalanish.

Manfaatlar toʻqnashuvi va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan bu oʻzgarish, maʼlum boʻlishicha, Belarus tajribasidan kelib chiqqan holda kiritilgan.

Shu bilan birga, endilikda Markaziy bank xodimlarini tadbirkorlik subyektlarining, shu jumladan kredit tashkilotlarining, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarning moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvlarini oʻtkazish uchun jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qonunning yangi tahririga asosan, Markaziy bank boshqaruvi tarkibi 11 kishidan 9 kishiga kamaytirilmoqda, ulardan 2 nafari mustaqil aʼzo boʻlishi belgilanmoqda. Yaʼni MB boshqaruvi tarkibiga MB raisi, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari, shuningdek boshqaruvning ikki nafar mustaqil aʼzosi kiradi.

Mustaqil aʼzolar MB raisining taqdimnomasiga koʻra Oliy Majlis Senatining Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
11-oktyabr kuni Senatda maʼqullangan qonun prezident imzolab, rasman eʼlon qilinganidan soʻng kuchga kiradi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Markaziy bank xodimlariga qator taqiqlar joriy qilindi