11:24 / 16.10.2019
4 964

Qo‘shrabotda o‘qituvchi uch aka-uka tomonidan o‘lasi qilib kaltaklandi

Qo‘shrabotda o‘qituvchi uch aka-uka tomonidan o‘lasi qilib kaltaklandi
Foto: «Daryo»
«Daryo» tahririyatiga Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani, «Qovunchi» MFY, O‘rozmat qishlog‘ida yashovchi nafaqadagi muallim Rahmiddin Do‘smonov murojaat qilib, joriy yil 26 avgust kuni o‘g‘li, 42-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilmurod Do‘smonovni uch aka-uka kaltaklaganini bayon qilgan.

Mazkur holat yuzasidan «Daryo» nashri muxbiri Farhod Norbo‘tayev jurnalistik surishtiruv olib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil 26 avgust kuni soat taxminan 17:30 atrofida O‘rozmat qishlog‘ida qo‘shnisining uyida hasharda bo‘lgan 42-maktab o‘qituvchisi Dilmurod Do‘smonovni ushbu qishloqda yashovchi, hech qayerda ishlamaydigan aka-uka Samandar, Sharifjon va Maxsud Do‘stqulovlar qishloqdan 6 kilometr uzoqlikda yashovchi Shirin Do‘stqulovning uyiga olib borib, kaltaklagan.

— Aslida o‘g‘limni urganlar o‘zimning qarindoshim. O‘g‘lim qarindoshimning qiziga uylangan. Oilasidagi ozgina kelishmovchilik sababli shunday noxush holat ro‘y berdi, — deydi Rahmiddin Do‘smonov. — Bu holat bir-ikki marta bo‘lgani yo‘q. Ko‘p bora sodir bo‘ldi. Men bilganim beshinchi marotaba bu. Ular hech qayerda ishlamaydi. Qozog‘iston va Rossiyaga borib ishlab keladigan bu yigitlar sababli qishlog‘imizning hamma to‘y-ma’rakalarida janjal bo‘ladi. Ular qachongacha mahallamizda g‘urbat bo‘lib yuradi?

Jabrlanuvchi Dilmurod Do‘smonovning aytishicha, u tuman tibbiyot birlashmasida 26 avgustdan 17 sentyabrgacha, 22 kun davomida davolangan. Ammo ekspertiza xulosasida «15 kun davolandi» deb qayd etilgan.

— Kasalxonada 22 kun davolanganman. Biroq ekspertiza xulosasida «15 kun davolandi» deb yozilgan. Bunga ham oydinlik kiritilishini istayman. Bu yerda ham tushunmovchilik bo‘lyapti. Ekspertiza holatni noto‘g‘ri ko‘rsatyapti, — deydi Dilmurod Do‘smonov.

Jurnalistik surishtiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, janjalning kelib chiqishiga uch aka-uka Dilmurod Do‘smonovning oilaviy ishiga aralashgani sabab bo‘lgan.

— Bir o‘g‘il, bir qizim bor. O‘zim maktabda ishlayman. Ayni paytda oilam bilan ajrashish arafasidaman, — deydi Dilmurod Do‘smonov.

Foto: «Daryo»
Dilmurod Do‘smonov kaltaklanmasdan avval ushbu oilani saqlab qolish imkoni bo‘lgan. Ammo mahalladagi mas’ullar va tuman mutasaddilarining e’tiborsizligi, vaziyatga o‘z vaqtida to‘g‘ri baho bermaganligi sabab muammo chuqur ildiz otavergan.

— Janjal bo‘lishidan ikki oycha oldin mahalla raisi, maslahatchilardan ularni yarashtirib qo‘yishlarini so‘radim. Ular «Shoshmanglar, bir oz kutaylik» dedi. Kutib nima bo‘ldi? Mana, oxiri janjal bo‘ldi. Birovni mayib qildi. O‘sha vaqtda yarashish imkoniyati bor edi. Endi kelin qanday yuz bilan bizni uyimizga kela oladi, — deydi Rahmiddin Do‘smonov. — Nevaralarimga ichim achyapti. Ularni ko‘rgim keladi. Men ham oilasi buzilmasligini istadim. Shu ishlar bo‘lmasin deb qancha yugurdim. Tuman rahbariyatigacha bordim. «Shoshmay tur» deyishdi. Oxiri shu ish bo‘ldi. Mahalla hech nima qilmadi. Janjal bo‘lganidan so‘ng tuman xotin-qizlar qo‘mitasidan kelib bizni do‘qlab ketyapti. Axir xotin-qizlar qo‘mitasi janjalning oldini olish kerak-ku?

Qo‘shrabot tuman Ichki ishlar bo‘limining ma’lum qilishicha, sodir bo‘lgan holat o‘rganilib, aka-uka Samandar, Sharifjon va Maxsud Do‘stqulovlarning xatti-harakatida jinoyat alomatlari borligi aniqlangan. Ularga nisbatan tuman IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 109-moddasi, 2-qismi bilan 24 sentyabr kun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi kunda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ammo jabrlanuvchining otasi Rahmiddin Do‘smonov tuman IIB tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishidan norozi ekanligini bildirdi.

Skrinshot: «Daryo»
— Tuman IIB tomonidan jinoyatchilarga JK 109-moddasi, 2-qismi asosida jinoyat ishi ochilganiga norozilik bildiraman. Ular yengil jazo olishi uchun shu modda qo‘llanilgan. Qolaversa, ular yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplab berishini talab qilaman. Tuman IIB tomonidan «Tergov natijasi yuzasidan Qo‘shrabot tuman prokuraturasiga murojaat qilishingiz mumkin», degan xat kelgan. Chora ko‘rilmasa, men yana yuqori tashkilotlarga murojaat qilaman, — deydi Rahmiddin Do‘smonov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘shrabotda o‘qituvchi uch aka-uka tomonidan o‘lasi qilib kaltaklandi