Prezident bog‘cha bolalariga sovg‘alar topshirdi (foto)

  • 17 oktyabr 2019, 18:02
  • 787
  • Jamiyat
  • Prezident bog‘cha bolalariga sovg‘alar topshirdi (foto)
    Foto: Prezident matbuot xizmati
    Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim tizimini yuksaltirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joylarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy bog‘chalar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

    Surxondaryo viloyatida o‘tgan yili 288 maktabgacha ta’lim muassasasida 3-7 yoshli bolalarning 11,6 foizi qamrab olingan bo‘lsa, ayni paytda 355 ta davlat va 177 ta nodavlat bog‘chada jami bolalarning 24,3 foizi tarbiyalanmoqda. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 32,3 foizga yetkazib, 74 ming o‘g‘il-qizni zamonaviy bog‘chalarga qamrab olish rejalashtirilgan.

    Denov tumanidagi Bog‘i Eram mahallasida «Mehnat farovon hayot» fermer xo‘jaligi tomonidan 150 o‘rinli «Smart kids» nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etildi. Ikki qavatli mazkur bog‘cha chet tillarga ixtisoslashgan bo‘lib, bolalar ingliz, rus va koreys tillari bo‘yicha beshta guruhda tarbiyalanadi. Bundan tashqari, bog‘chada sport, musiqa va san’at turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

    Maktabgacha ta’lim muassasasida asosan shu hududdagi harbiy shaharchada yashayotgan harbiylarning, shuningdek, mahalliy aholining farzandlari tarbiyalanmoqda. Bog‘chaga ishga qabul qilingan 22 tarbiyachining 14 nafari harbiylarning turmush o‘rtoqlaridir.

    Davlatimiz rahbari bog‘chada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, tarbiyachilar bilan muloqot qildi. Bog‘cha tarbiyalanuvchilari Prezidentimizga Beshta tashabbus haqida she’r aytib berdi. Davlatimiz rahbari bolalarga sovg‘alar topshirdi.

    Prezidentimiz bog‘chalarda bolalar ma’naviy boy bo‘lib ulg‘ayishiga ko‘proq e’tibor qaratish, bog‘chani qurgan tadbirkorning xayrli ishini keng targ‘ib qilish kerakligini ta’kidladi.

    – Tadbirkorlarimizning sharoitni tushunib bog‘chalar qurayotgani hozirgi siyosatimizga ko‘mak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bunday bog‘chalar asosiy e’tiborni bola tarbiyasiga qaratadi, davlat bog‘chalari bilan raqobatda ishlaydi.

    Shu yerda Maktabgacha ta’lim vazirligi va «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan mobil va modul bog‘chalar taqdimoti o‘tkazildi.

    Ma’lumki, olis va chekka hududlardagi kam xonadonli aholi punktlarida bog‘chalar qurish o‘zini oqlamaydi. Shuni hisobga olib, mobil bog‘chalar taklif qilinmoqda. Buning uchun «Isuzu» avtobusi bog‘cha xonasi ko‘rinishida modernizatsiya qilinib, jihozlandi. «Aqlvoy» deb nomlangan mobil bog‘chalar chekka hududlarga borib, bolalarga kunduz kuni ta’lim-tarbiya beradi. Yana bir jihati, mobil bog‘chalar uchun 2 sotix yerda o‘yin maydonchasi barpo etiladi. Bu bolalarga an’anaviy bog‘chalardagidek sharoitda tarbiyalanish imkonini beradi.

    Dengiz konteynerlaridan qurilgan modul bog‘chalarda 90 nafargacha bolani qamrab olish mumkin. Bunday bog‘chalar sirti issiq va sovuq o‘tkazmaydigan material bilan qoplangan, uning ichida ham zamonaviy bog‘chalardagi kabi sharoitlar yaratilgan. Bolalarning ta’lim olishi, turli o‘yinlar o‘ynashi, uxlashi uchun yaratilgan qulayliklar chet el tajribasiga to‘la mos keladi.

    Yangi loyihalarni maktabgacha ta’lim tizimida keng yoyish, mamlakatimizda bog‘chalar qamrovini kelasi yilda 50 foizga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Prezident bog‘cha bolalariga sovg‘alar topshirdi (foto)