Otarchi o‘tlaydimi?

  • 19 oktyabr 2019, 14:15
  • 1 094
  • Jamiyat
  • Otarchi o‘tlaydimi?
    Ona tilim - oltin sandig‘im
    “Otar” degan so‘z tilimizda qadimdan bor. Yaylovda boqiladigan qo‘ylarning yirik to‘dasi “otar” deb ataladi. “Otar” so‘zi qir-adirlarni, qo‘tonlarni, cho‘ponlarni esga soladi. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da izohlanishicha, “yerdan o‘zi ko‘karib chiqib, bir yillik yashil o‘simlik” ma’nosini anglatgan “ot” (o‘t) otiga – “-a” qo‘shimchasini qo‘shib yasalgan “ota” – “o‘ta” fe’li mavjud bo‘lgan va “o‘t ye” ma’nosini anglatgan (keyinchalik bu fe’l iste’moldan chiqqan), shu fe’lga -r qo‘shimchasi qo‘shilib, “otar” sifatdoshi hosil qilingan. Bu sifatdosh asli “o‘tlaydigan” ma’nosini anglatgan, keyinchalik otlashib, “yaylov”, “o‘tloq” ma’nosini, so‘ngra “o‘tlovchi hayvonlar” ma’nosini anglata boshlagan”.

    Xo‘sh, unda keyingi davrlarda paydo bo‘lgan “otar­chi”, “otar” so‘zlariga nima asos bo‘lgan? Ehtimol, bu so‘zga “ichkilik ichish” ma’nosidagi “otar” so‘zi sabab bo‘ldimikin? Chunki ichkilikbozlik bazmi tilimizda “otar” so‘zi bilan ham ifodalanadi. Masalan: “Kecha otarda rosa tortibmiz”. Yoki “o‘rta”, “o‘rtachi” so‘zlari o‘zgarib, “otarchi”ga aylandimikan? Balki u “o‘tarchi”dir. Bu haqda aniq bir narsa deyolmaymiz. Lekin otarchining otarga chiqishi ramziy ma’noda o‘tlagani chiqishi bilan uyg‘un keladi. Adabiy o‘xshatishlarda “otarchi otarga o‘tlagani ketdi”, “otarchi o‘tlab ketdi” deb ishlatilsa, harqalay mantiqsiz o‘xshatish bo‘lmaydi. Ehtimol, ikki “otar”ning ildizi ikki yoqdadir, bir-biridan yiroqdadir, shunday bo‘lsa-da, ularda g‘alati o‘xshashlik borday tuyuladi.

    Parvardigor
    Har kuni ichimizda ham, tashimizda ham eng ko‘p murojaat qiladigan so‘zimiz bu. Shuning uchun “parvardigor” so‘ziga bilganimizcha izoh berib o‘tishni ma’qul ko‘rdim. “Navoiy asarlari lug‘ati”da forsiydagi “parvar” so‘zi “So‘z birikmasida ko‘pincha tarbiyalovchi, quvvatlovchi, jonlantiruvchi ma’nolarida keladi” deb, “parvard” so‘zi “So‘z birikmasida tarbiyalangan, o‘sgan ma’nosida keladi” deb, “parvarda” so‘zi esa, “tarbiya topgan, parvarishlangan” mazmunida deb izohlangan. Xuddi shu lug‘atda forscha “kirdigor” so‘ziga “Yaratuvchi (Xudo)” deya izoh berilgan. Shundan kelib chiqib, “parvardigor” so‘zining bitta ma’nosini “olamlarni parvarish etuvchi, tarbiya etuvchi” ma’nosida anglasak bo‘ladi.

    Soqol va saqoq
    Iyakda o‘sadigan qiltuklar qoplamasi ma’nosini anglatgan “soqol” so‘zining tub ildizi qadimgi turkiy tildagi “engak” (iyak) ma’nosini anglatgan “saqoq” so‘ziga borib taqalishi haqida “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da aytilgan.

    Mahmud Koshg‘ariyda ham “saqaq” so‘zi iyak ma’nosida keladi va u “Saqaq oxshar, saqal bichar” (“Soqolini qirqadi-da, hiyla uchun iyagini silaydi”) degan maqolni keltiradi. Bizning mumtoz adabiyotimizda “saqog‘” so‘zi ko‘p qo‘llangan. Masalan, Alisher Navoiyda shunday bayt bor:

    Gahi ko‘z surtaramda yo‘qsa haryon shodlig‘ ashkim
    Gul uzra qatra shabnamlar kabi siymin saqog‘inda.

    Mahmud Koshg‘ariy “saqa” so‘zi “tog‘ etagi” degan ma’noni anglatishi haqida ham aytgan. Demak, soqolda ham, iyakda ham, tog‘ etagida ham pastga tomon yo‘nalish holati borligini hisobga olsak, ulardagi umumiy ildizni ilg‘ashimiz mumkin.

    Shu o‘rinda bir hangomani eslab o‘tgim keldi. Qish­log‘imizda Bo‘ta bobo degan bir kishi bor edi. Juda zamonaviy chol edi, fe’li bor edi qurg‘urning. Yoshi yetmishdan oshib ketganda ham soqol qo‘ymagan edi. O‘tgan asrning oltmishinchi yillariga xos kitelsifat kostyumda, xrom etik va shlyapada yurardi. Shunda bir davrada bir-ikkita keksa gapchinozlar Bo‘ta boboni olib qochishib, shuncha yoshga kirib ham soqol qo‘ymaganini ta’na qilishib ustidan kulishadi. Undan dashnom ma’nosida: “Endi shunday yuraverasizmi, soqol qo‘yasizmi o‘zi, yo‘qmi, u dunyo­da nima deb bahona topasiz?” – deb so‘raydilar. Shunda Bo‘ta bobo ularga: “Mening xudodan jon qarzim bor, jun qarzim yo‘q!” – degan ekan.

    Garchand, “Erning ko‘rki soqol, gapning ko‘rki maqol” degan yaxshi gap bor-ku, lekin buyam bir hangoma-da.

    Gap kelganda bir she’rimdan bir parchani keltirib o‘tay:

    Ko‘rib-kechirmagan sira el bo‘lmas,
    Hamon yurt oralab yurar bir maqol:
    Har mo‘yi oqargan oqsoqol bo‘lmas,
    Axir echkida ham oqarar soqol.
    Eshqobil ShUKUR, shoir

    Manba: Darakchi.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Otarchi o‘tlaydimi?