22:43 / 19.10.2019
2 214

Boshqaruv innovatsiyalari kunlari: katta ma’lumotlardan blokcheyngacha (foto)

Boshqaruv innovatsiyalari kunlari: katta ma’lumotlardan blokcheyngacha (foto)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan Boshqaruv innovatsiyalari kunlari doirasida xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan seminarlar o‘tkazilmoqda, ma’ruzalar o‘qilmoqda, muhokamalar qizg‘in kechmoqda.

Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan Jinvon Xo elektron hukumat bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, u “Davlat xizmatlari uchun katta ma’lumotlar” mavzusida chiqish qildi. Prof. Jinvon Xo Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi uchun World Friends Korea (WFK) dasturida elektron hukumat bo‘yicha maslahatchidir.

Bugunda raqamli olamda 2.7 zettabayt hajmdagi ma’lumotlar mavjud. Butun dunyo bo‘ylab har daqiqada 150 mingga yaqin elektron xat jo‘natiladi, Feysbuk ijtimoiy tarmog‘iga 3,3 millionta post qo‘yiladi, Gugl tizimi orqali 3,8 millionta qidiruv, Instagram orqali 65 mingdan ziyod fotosurat, Yutub orqali 500 soatlik videoyozuvlar joylashtiriladi. Bu har daqiqada qo‘yiladigan ma’lumotlar xolos!

Katta ma’lumotlar bu texnologiyalar emas, balki sun’iy intellekt, mahsulot interneti kabi yangi texnologiyalar bilan hamkorlik uchun xazina bo‘lib, muhimi undan foydalana bilishdir. O‘ta yirik va murakkab ma’lumotlardan ma’lum bilimlarni olish va zarur axborotlarga ega bo‘lish mumkin, o‘z navbatida bunday axborotlar yangi qonuniyatlarning kashf etilishiga sabab bo‘ladi. Ma’lumotlar bilimga aylanadi, hayotimizni o‘zgartiradi, strategiyani belgilaydi, tanlov yo‘nalishini aniqlaydi, boshqa fanlar va texnologiyalar va ijtimoiy tadqiqotlarni amalga oshirishga yordam beradi.

Jinvon Xoning fikricha katta ma’lumotlarni to‘plash, saralash, saqlash uchun va ulardan foydalanish uchun mablag‘dan tashqari malakali kadrlar kerak. Bunda davlat xizmatchilaridan innovatsiyalarni qabul qilish salohiyati talab etiladi. Tadbir ishtirokchilari blokcheynning joriy etilishi O‘zbekiston raqamli rivojlanish strategiyasining takomillashtirilishiga qanday ta’sir ko‘rsatishini muhokama qildilar.

BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi mutaxassisi Robert Pashichko “Blokcheyn va rivojlanish” borasida ma’ruza qildi. Uning fikricha, 2027 yilga kelib jahon yalpi ichki mahsulotining o‘n foizi blokcheyn texnologiyasida saqlanadi. Blokcheyn bir-biriga notanish odamlarning umumiy yozuvlarga ishonishiga imkoniyat yaratadi. Blokcheyn moliyaviy amaliyotlarni, jumladan pul o‘tkazmalarini qulay, xavf-xatardan xoli va ortiqcha xarajat qilmay amalga oshirish imkonini beradi. Bu texnologiyadan nafaqat bank-moliya sohasida, balki logistika va energetikada, kadastr xizmatlarini ko‘rsatishda, saylov kompaniyalarini onlayn tarzda tashkil etishda foydalanish mumkin.

Boshqaruv innovatsiyalari kunlari doirasida, shuningdek, “Aqlli shahar” konsepsiyasining innovatsiyalarni joriy etilishiga ta’siri va aholi turmush darajasini belgilashi haqida muhokamalar bo‘ldi. Tanqidiy va strategik fikrlash masalalari ko‘rib chiqildi. Shaharlarda quyosh energiyasidan foydalanish, o‘rmonlar va bog‘larni tiklash, blokcheyn yordamida oziq-ovqat mahsulotlarini nazorat qilish masalalari qatnashchilarning bahsu munozaralariga sabab bo‘ldi.
Nargiza Kamolova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Boshqaruv innovatsiyalari kunlari: katta ma’lumotlardan blokcheyngacha (foto)