08:14 / 20.10.2019
3 678

IIV Matbuot kotibi: Pardaga taqiq - mantiqsiz qaror

IIV Matbuot kotibi: Pardaga taqiq - mantiqsiz qaror
Keling, gap isboti bilan bo‘lsin, birgina misolni aytay.

Matbuot anjumanida propiska bilan bir qatorda, parda masalasida ham savol berdim. Mana shunday mayda masalalar ichki ishlar organlarining misqollab yig‘ayotgan obro‘siga jiddiy putur yetkazayotganini ta’kidlab, balki qonunlar va sud qarorlariga asossiz qarshi bormasdan, xalqqa yengillik berish payti kelgandir, deya so‘radim.

Bunga javoban dastlab IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Akmal Yunusov javob berdi. Ularning fikricha (aslida bu rahbariyatining fikri, matbuot xizmati boshlig‘i shu pozitsiyani ta’kidlashga majbur), sudlar qonunni noto‘g‘ri talqin qilayotgan emish, garchi bir nechta sudda yutqazsa ham YHXBBning pozitsiyasi o‘sha-o‘sha ekan, kassatsiyada ham yutqazgan bo‘lsada, ularning Oliy sudga shikoyat qilish huquqi bor ekan. Yana aytildiki, yaqinda internetga joylangan qonun loyihasiga fuqarolar tomonidan juda ko‘p salbiy e’tirozlar bildirilganini ham bilishar ekan, shuningdek ayrim davlat tashkilotlaridan ham salbiy xulosa berilibdi.

Xullas, “navbatchi” gaplar.

Shundan keyin IIV Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Shoxrux G‘iyasov bu masalaga o‘z fikrlarini bildirdi:
“Biz fuqarolarni noqulay holatga qo‘yadigan pozitsiyada turib, hech ham obro‘ orttira olmaymiz. Bunaqa savol berilishi kutilgan edi. Shuning uchun ayrim mutasaddi rahbarlar bilan ham bu masalada gaplashgan edim.

Bir narsani hamma tushunishini, bilishini xohlayman. Ya’ni nima mumkin, nima mumkin emasligini mantiqan aniqlab olish to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, mashinaga tonirovka qilish mumkin, lekin parda qilish mumkinmas. Hatto ayrimlar savol bermoqda, orqaga kostyumni ilib qo‘ysa nima bo‘ladi, deb. Biz buni juda yaxshi tushunamiz, bu (orqa eshikka parda o‘rnatish) umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan talab. Buni biz tushunib turibmiz. Bu shunchaki loyiha.

Men endi shug‘ullanishni boshladim bu bilan. Kerak bo‘lsa, rahbariyatga taklif kiritamiz. Kim, nima uchun, qaysi darajada bu taqiqning tarafdori bo‘lganini ham bilib, joyiga qo‘yamiz. Bizning maqsadimiz odamlarga maksimal darajada sharoit yaratib berish.

Bularni ham (IIV YHXBB Matbuot xizmati) to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi, ularda tartib shunaqa, agarda Sizga boshqacha javob bersa o‘zlari noqulayga ahvolga tushadi.

Lekin har qanday holatda biz fuqarolarga qulay bo‘lishini o‘ylashimiz kerak. Agarda biz shu pozitsiyada turaversak, sharmanda bo‘laversak, birorta natijaga erisha olmaymiz.

Xulosa qilib, shunaqa desak bo‘ladi. Yaqinda bu narsa (loyiha) olib tashlanadi, rahmat, juda ko‘pchilikning fikrlari o‘rganib chiqiladi va bu bo‘yicha xulosa qabul qilinadi. Keyinchalik bizning pozitsiyamiz shunaqa bo‘ladiki, maksimal darajada fuqarolarga qulaylik yaratamiz. Chunki haqiqatdan mantiqsiz ayrim narsalarni ko‘rib, ba’zan odamning jahli chiqadi. Qanday, kim buni yo‘lga qo‘ygan?

Shu masalada savolingizga javob topdik, deb o‘ylasak bo‘ladimi?
- Rahmat, rahmat.
Xullas, shunaqa gaplar bo‘ldi. Qolganini quyidagi audio orqali o‘zingiz eshitib ko‘rishingiz mumkin.

Yaxshi yangiliklardan umidvormiz. Xalqni o‘ylaydigan, fuqarolarga murakkablik tug‘dirishni emas, balki og‘irini yengil qilishga harakat qiladigan mutasaddilar ko‘payaversin, deb duodamiz.
Xushnudbek Xudoyberdiyev, bloger-huquqshunos

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIV Matbuot kotibi: Pardaga taqiq - mantiqsiz qaror