O‘zbekiston kam ta’minlanganlik darajasini qisqartirishga qaror qildi

  • 25 oktyabr 2019, 14:10
  • 882
  • Jamiyat
  • O‘zbekiston kam ta’minlanganlik darajasini qisqartirishga qaror qildi
    O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi muhokama uchun e’lon qilindi.
    Konsepsiyada istiqbolda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan potensial xavf-xatar va tahdidlar tahlil qilingan. Xavf-xatarlarni tahlil qilishning asosiy xulosalari quyidagilardan iborat:

    Birinchidan, jahon iqtisodiyotining rivojlanishi ishlab chiqarish omillari samaradorligini oshirishga, shu jumladan, inson kapitalini jamlash va rivojlantirishga qat’iy talablar qo‘yadigan global bozorlarda raqobatning kuchayishi bilan birga kechadi.

    Ikkinchidan, O‘zbekistonda mehnat resurslari tez o‘sishi sharoitlarida bandlikni ta’minlash muammosi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni talab qiladi. Ayni vaqtda asosiy tarmoqlarning texnologik bazasi qoloqligi, eksportning xomashyoviy yo‘naltirilganligi va yalpi qo‘shilgan qiymatda qishloq xo‘jaligining yuqori ulushi, xufiyona iqtisodiyot ko‘lami yuqoriligi, mehnat unumdorligining pastligi, energiya va resurslar sarfining yuqoriligi bilan tavsiflanadigan mamlakat iqtisodiyotining mavjud tuzilmaviy deformatsiyasi mavjud muammolarni hal etishning uzoq muddatli xususiyatini taqozo etadi.

    Uchinchidan, bozor iqtisodiyoti amal qilishini ta’minlashning samarali vositalarini joriy etish, shu jumladan, xususiy mulkni himoya qilish va yer munosabatlarini tartibga solish, davlat organlari ishi samaradorligini oshirish, korrupsiyaga barham berish va moliya bozori rivojlanishini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish amalga oshiriladi.

    To‘rtinchidan, mamlakat iqtisodiyoti inson kapitalining sifati yuqori emasligi, yaratilgan daromadlar taqsimlanishidagi tengsizlik, zaif ijtimoiy himoya va ilmiy-texnik salohiyat, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish va ularning kamayishi bilan birga kechayotgan inklyuzivlikning past darajasi bilan tavsiflanadi.

    Beshinchidan, mavjud muammolar ta’lim tizimining zarur moddiy-texnika bazasini ta’minlashdagi kamchiliklar bilan birgalikda tayyorlanayotgan kadrlarning darajasi pastligida va har xil ixtisoslikdagi kadrlarga talabning hududiy muvozanatli emasligida o‘z aksini topmoqda. Ilmiy muassasalar bilan iqtisodiyotning real sektori o‘rtasidagi o‘zaro aloqaning zaifligi innovatsiyalarni joriy etish va yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish imkoniyatlariga to‘sqinlik qilmoqda.

    Mamlakatning ayrim mintaqalarida mutaxassislar, ayniqsa vrachlar va o‘qituvchilar yetishmasligi kuzatilmoqda, bu ta’lim muassasalari bitiruvchilari boshqa mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashtirilishiga olib keladi. Ayni vaqtda ish kuchi taklifining yuqori darajasi mehnat resurslari ortiqcha bo‘lgan mintaqalarda ishsizlikning o‘sishida aks etadi, norasmiy bandlikning yuqori ulushi esa (40%) mamlakat Davlat byudjetiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

    Oltinchidan, global iqtisodiy tahdidlar va industrlashtirishning o‘sishi, atmosferaga chiqarib tashlanadigan tashlamalarning ko‘payishi, tabiiy xomashyoning yangi konlari o‘zlashtirilishi natijasida noxush uzoq muddatli iqlim o‘zgarishlari, shuningdek, tabiiy muhit va suv resurslarining kamayishi (shu jumladan, ekin maydonlarining qisqarishi va yer maydonlari unumdorligining tushib ketishi) iqlim o‘zgarishlarining noxush trendi namoyon bo‘lishida aks etadi. Bu kasalliklar darajasi o‘sishiga, suv ta’minotiga va umuman O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

    Konsepsiya 2030 yilgacha bo‘lgan davrda belgilangan O‘zbekiston Respublikasini Barqaror rivojlantirish maqsadlari prinsiplari va vazifalariga, aynan quyidagilarga javob beradi:

    Kam ta’minlanganlik darajasini hamma joyda qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish, sog‘lom turmush tarzini yuritish, barchani qamrab oladigan sifatli ta’limni ta’minlash, butun umr davomida ta’lim olish imkoniyatini rag‘batlantirish, gender tenglik vazifalarini hal etish.

    Suv resurslarini saqlash va oqilona foydalanish, sanitariyani rivojlantirish, barcha uchun qimmat bo‘lmagan, ishonchli, barqaror va zamonaviy energiya manbalaridan foydalanishni ta’minlash.

    Unumli bandlikni ta’minlash, puxta infratuzilmani yaratish keng qamrovli va barqaror industrlashtirish va innovatsiyalarga ko‘maklashish asosida barqaror va umum qamrovli iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish.

    Shaharlar va aholi punktlarining ochiqligi, xavfsizligi, gavjumligi va ekologik barqarorligini ta’minlash, shuningdek, iste’mol va ishlab chiqarishning oqilona modellariga o‘tish, iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashishning shoshilinch choralarini ko‘rish.

    Konsepsiya iqtisodiy siyosatni amalga oshirish yo‘nalishlari bo‘lib xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasini o‘rtacha va uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning maqsadlari, ustuvorliklari va vazifalarini belgilaydi va asoslaydi.

    Bunda, maqsadlar sifatida Konsepsiyada jadal va barqaror o‘sish sharoitlarida respublika har bir fuqarosining sog‘lom va samarali hayotini ta’minlaydigan ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, yer, suv va energetika resurslaridan ularni kelajak avlodning foydalanishi uchun saqlab qolgan holda samarali foydalanish, ekologik muammolarni hal etish, Orol dengizining ekologik inqirozi oqibatlarini bartaraf etish, atrof muhitni yaxshilash ko‘rib chiqiladi.

    Prognozlar bo‘yicha 2030 yilga borib real yalpi ichki mahsulotning o‘sishini 2,1 baravar va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot o‘sishini xorijiy valyutada 3 baravar yoki 2018 yildagi 1533 AQSh dollariga nisbatan 4538 AQSh dollarigacha ta’minlash ko‘rib chiqiladi. Qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy o‘sishning o‘rtacha yillik sur’atlarini 6,4 foizdan past bo‘lmagan darajada qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘ladi.

    2030 yilga borib, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning erishilgan qiymati O‘zbekistonga daromadlar darajasi o‘rtadan yuqori bo‘lgan jahon mamlakatlari guruhiga kirish, mehnat bozorida keskinlik darajasini pasaytirish, aholi daromadlari o‘sishini va kam ta’minlanganlikni ikki baravar qisqartirish imkonini beradi.

    Ishlab chiqarish real hajmlari o‘sishini 2,3 baravar (yalpi ichki mahsulot ulushini 2018 yildagi 26,3 foizdan 2030 yilda 33,3 foizgacha ko‘paytirish) qurilish ishlarini 2,1 baravar (5,7 foizdan 6,4 foizga va xizmatlar sohasini 2,1 baravar ko‘paytirish (35,6 foizdan 39,3 foizgacha) ta’minlash va tegishli ravishda qishloq xo‘jaligi ulushini 1,8 baravar pasaytirish (32,4 foizdan 21 foizgacha) 2018-2030 yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sishining asosiy omillari hisoblanadi.

    Iqtisodiyot ishlab chiqarish salohiyatining o‘sishi eksport hajmlari 3 baravar ko‘payishini ta’minlaydi. Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun kapital qo‘yilmalar hajmlarini – 3,1 baravar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni – 7,0 baravar ko‘paytirish talab etiladi.

    Bunda quyidagilar maqsadlarga erishishda bosh omillar sifatida qaraladi:

    1. Mehnat resurslarini aniq maqsadni ko‘zlab tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqish va inson kapitalini kuchaytirish, iqtisodiy o‘sishning resurslaridan samarali foydalanish vositasida demografik omil o‘sishini samarali iqtisodiy o‘sishga transformatsiya qilish.

    Hozirgi vaqtda mamlakatning mehnat resurslari butun aholining qariyb 56,7 foizini tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 200-250 ming kishi kiradi. Aholining yosh tarkibi (mehnatga layoqatli aholining 60 foizi) yuqori mehnat faolligi va katta moslashuvchanlik bilan farqlanib turadigan mehnat salohiyatini shakllantirish imkonini beradi.

    2. Mintaqalarning moddiy-texnik va moliyaviy bazasini mustahkamlash, sermahsul ish o‘rinlari tashkil etilishini va mahalliy aholi daromadlari oshishini ta’minlaydigan infratuzilmaviy, ishlab chiqarish va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy resurslar va imkoniyatlarni jadal safarbar qilish yo‘li bilan mintaqaviy omildan samarali foydalanish. Bunda sanoat ishlab chiqarishlarini samarali rivojlantirish va joylashtirish hamda xususiy hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun iqtisodiy va ixtisoslashtirilgan zonalar, tarmoq klasterlari, kichik sanoat zonalari, innovatsion markazlar, texnoparklarning afzalliklari va ustunligidan foydalanishga alohida ahamiyat beriladi.

    3. Jalb etiladigan investitsiyalar hajmlari o‘sishi konsepsiyasidan ulardan samarali foydalanish konsepsiyasiga tizimli o‘tish orqali iqtisodiy o‘sishni va tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni ta’minlashda aniq maqsadga yo‘naltirilgan investitsiya siyosatini amalga oshirish. Tabiiy-xomashyo resurslaridan oqilona foydalanish, energiyaning tiklanadigan manbalarini va yuqori qo‘shilgan qiymatli tarmoqlarni rivojlantirish bunga ko‘maklashadi, bu atrof muhitga tashlanmalar chiqarib tashlanishini pasaytirish, ekotizimlarning saqlanishi va tiklanishini ta’minlash imkonini beradi.

    Konsepsiya amalga oshirilishi uzoq muddatli davrning turli bosqichlarida quyidagi natijalarni ta’minlaydi:

    Birinchi bosqichda (2019-2021 yillar) makroiqtisodiy barqarorlik bozor munosabatlarining institutsional bazasini yaratish, real sektorning tarmoqlari ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, inson kapitalini yaxshilash va aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar amalga oshirilishi orqali iqtisodiyotning yangi shart-sharoitlarga va bozor mexanizmlariga moslashishi yuz beradi.

    Ushbu bosqichda korrupsiyani cheklash va xufiyona iqtisodiyot darajasini pasaytirish, tovar va moliya bozorlarini rivojlantirish hamda adolatli raqobat shart-sharoitlarini shakllantirish, ekologik va resurslarni tejaydigan standartlarni joriy etish qismi bo‘yicha davlat institutlari salohiyatini mustahkamlash vazifalarini hal etish muhim o‘rin tutadi.

    Ikkinchi bosqichda (2022-2025 yillar) qayta ishlovchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, foydalanayotgan resurslar samaradorligini oshirish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga yo‘naltirilgan yangi bozor va ishlab chiqarish tuzilmalarini shakllantirish hisobiga iqtisodiyot tarmoqlarida sifatli tuzilmaviy o‘zgarishlarga erishiladi.

    Ushbu bosqichda samarali bandlikni kengaytirishda va boshqa ijtimoiy muammolarni hal etishda uning ulushini ko‘paytirish yo‘li bilan iqtisodiy o‘sish sur’ati jiddiy ravishda oshadi. Institutlar salohiyati mustahkamlanishiga qarab ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifati oshadi, kichik biznesni industrlashtirish va yangi sanoat siyosatiga o‘tish uchun shart-sharoitlar yaratiladi, yirik davlat xo‘jalik birlashmalarida menejment sifatining oshishi ularning qo‘shilgan qiymatni yaratishning global zanjiriga kirishini ta’minlaydi.

    Uchinchi bosqichda (2026-2030 yillar) eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyot tabiatdan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish sohasiga an’anaviy bo‘lmagan resurslarni va energiya manbalarini jalb etish hamda inson kapitalini sifatliroq rivojlantirish hisobga olingan holda iqtisodiyot tarmoqlarini texnik va texnologik rivojlantirish negizida jadal sur’atlarda rivojlantiriladi.

    Konsepsiyaning har bir bosqichida strategik ustuvorliklarning oldinga qo‘yilgan vazifalar bilan bog‘liqligini ta’minlashga yo‘naltirilgan tizimli ijtimoiy-iqtisodiy siyosat amalga oshiriladi. Bu ularning kelishilganligini ta’minlaydi. O‘z navbatida har bir bosqichda hal etiladigan vazifalar iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalarini va mamlakat hududlarini rivojlantirishga tegishli boshqaruv qarorlari qabul qilishning sifatliroq darajasida aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi bilan mustahkamlanadi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » O‘zbekiston kam ta’minlanganlik darajasini qisqartirishga qaror qildi