10:10 / 02.11.2019
9 378

Sevgan yigiti o‘ziga uylanmasligini bilgan g‘uzorlik 9-sinf o‘quvchisi uni o‘ldirdi

Sevgan yigiti o‘ziga uylanmasligini bilgan g‘uzorlik 9-sinf o‘quvchisi uni o‘ldirdi
Qashqadaryoda 9-sinf o‘quvchisi qotillikka qo‘l urdi. U bilan jinsiy yaqinlik qilib, boshqa qizga uylanmoqchi bo‘lgan sevgilisini o‘ldirdi. Bu haqda Dehqonobod tumani prokurori Laziz Hamroyev «Huquq» nashriga ma’lum qildi.

Anvar Muborak bilan tanishganida u maktabning 8-sinfida o‘qir edi. Romantikaga o‘ch bo‘ladigan yoshdagi qizning ko‘nglini olish undan ancha katta, kelishgan yigitga uncha qiyinchilik tug‘dirmadi. Yigit sevishini aytganida Muborakning ko‘zlari ham quvonchdan chaqnab ketdi va inon-ixtiyorini unga topshirganini bilmay qoldi…

Qiz to‘qqizinchi sinfni bitirganidan so‘ng Anvar unga uylanmoqchi ekanini onasiga aytdi. Shifoxonada davolanayotgan Muborakni ko‘rib qaytgan Shodmonoy opaga bu taklif yoqmadi. «Hali yosh bola-ku…» deb qo‘ya qoldi.

Anvar avval ikkilandi. So‘ng uyidagilarning yangi taklifiga — Toshkentdagi qarindoshlarining qizi Faridaga uylanishga rozi bo‘ldi. Bundan xabar topgan Muborak rosa to‘polon ko‘tardi. Anvar munosabatlaridan xabardor bo‘lgan qizning onasiga qo‘ng‘iroq qilib, «Qizingizdan ehtiyot bo‘lib turing, o‘zini bir narsa qilib qo‘ymasin» deb tayinladi. Muborak esa jazava ichida yigitga «hamma narsani buzvoraman, ishoning, menga ham, boshqaga ham uylanmaysiz, gapimga javob beraman», «…men sizga yana aytaman, hech narsa bo‘lmaydi, ishoning, bo‘lgan kuni siz yo‘q bo‘lasiz, qo‘limdan keladi, javob!» degan sms-xabarlar yuborib, o‘z shartlariga ko‘nmagan taqdirda uni o‘ldirishini ochiqdan-ochiq bayon qildi.

Anvar bir og‘aynisidan maslahat so‘rab Muborakni uchrashuvga chaqirtirdi. Muborak telefon raqamini almashtirgan Anvarning yangi raqamini olish bahonasida u bilan uchrashdi. Ammo u Anvarning raqamini bermadi. Anvar esa shu bahonada Muborakni boshqalar bilan uchrashib yurganlikda ayblab, janjallashdi.

Avgust oyi edi o‘shanda. Soat o‘nlarda Anvarning mashinasida u yashaydigan uyga kelishdi. Garajdagi mashina ichida dastlab odatga aylangan «visol onlari», so‘ng dahanaki jang davom etdi.

— Men Faridaga uylanaman, sen ham birortasiga tegarsan, — dedi Anvar.
— Shu ahvolda-ya? — Muborakning tepa sochi tikka bo‘ldi.
— Nima qipti? — iljaydi Anvar. — Do‘xtirga borasan, pulini bersang, bir zumda operatsiya qilib, bokira qilib qo‘yadi…
— Bormayman hech qanday do‘xtirga, — dedi Muborak jahl bilan.

Janjal yana davom etdi. Anvar qizga tarsaki tushirdi. Qiz esa uni tepib, tirnab tashladi. So‘ng orqa o‘rindiqda o‘ziga teskari qarab, cho‘kkalab o‘tirgan yigitni yelkasidan kuchining boricha itarib yubordi. Anvar mashina eshigiga yuzi bilan urilib, hushini yo‘qotdi. Jazavaga tushgan Muborak uning sochidan tortib, boshini mashina eshigi ostidagi kuzovga tinimsiz ura boshladi. Yuzi momataloq bo‘lib ketgan Anvarning burnidan tirqirab qon oqsa ham qiz to‘xtay demasdi.

Oxiri Anvar tinchib qoldi. Muborak uning tinimsiz jiringlayotgan telefoniga javob berishni xayoliga ham keltirmadi. Aksincha, yigitning o‘limini kutib o‘tirdi.

Anvarning tanasini ushlab ko‘rib, o‘lganiga ishonch hosil qilgach, o‘zicha qotillik ssenariysini sahnalashtira boshladi. O‘zini Anvarning harakatlaridan jabrlangan qiz sifatida hamda uni kimdir qasddan o‘ldirib ketgandek ko‘rsatish uchun yigitning burnidan oqqan qonni egnidagi ko‘ylagining oldiga surtdi. Jasadning boshi osilib turgan mashina eshigi ostiga go‘yo hushidan ketgan kabi yotib oldi…

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tumani sudining G‘uzor tumanida bo‘lib o‘tgan sud majlisida mazkur qotillik tafsilotlariga oydinlik kiritildi. Majlisda hozir bo‘lganlar hali o‘n oltiga ham kirmagan mushtdekkina qizning qotil ekaniga ishongilari kelmagan bo‘lsa ajab emas…

Ma’lum bo‘lishicha, 2003 yilda tug‘ilgan Muborak Anorboyeva maktabning 9-sinfini tamomlagan. G‘uzor tumanida yashagan.

Sud majlisida Muborak aybiga iqror bo‘lmasdan, Anvar uni zo‘rlaganini, behayo suratlarini ijtimoiy tarmoqda tarqatib yuborish bilan tahdid qilganini, shu sababli urishib ketishganini, yigit uning boshini mashina eshigiga urganidan keyin hushini yo‘qotganini, qotil kim ekanini bilmasligini ma’lum qildi.

Biroq sudda tinglangan guvohlar, ekspertiza xulosalari hamda to‘plangan boshqa bir qator dalillar orqali o‘zini ma’suma qilib ko‘rsatayotgan qiz Anvarning qotili ekani o‘z isbotini topdi.

Sud hukmiga ko‘ra Muborak Anorboyevaga 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sevgan yigiti o‘ziga uylanmasligini bilgan g‘uzorlik 9-sinf o‘quvchisi uni o‘ldirdi