Qotillikka undagan rashk

  • 02 noyabr 2019, 19:23
  • 1 546
  • Jamiyat
  • Qotillikka undagan rashk
    Farida oshxonada salkam o‘n yildan buyon ofitsiant bo‘lib ishlardi. Shu oshxonaga tez-tez kelib turadigan Eldor uni o‘rgandi, u bilan gaplashdi va turmush qurishgandi. Tabiiyki, xotinining ishi to‘ydan keyin Eldorni g‘ashini keltira boshladi. U ayolini poylaydigan, huda-behuda rashk qiladigan bo‘lib qolgandi.

    O‘sha kuni tongda er-xotin ertaga hovlilarida pishirilajak sumalak maslahatini qilishdi. Yaxshi kayfiyat bilan shirin orzular qilishgandi. Farida ishga borib keladigan, Eldor sumalak uchun qozon va o‘choq topib hovliga o‘rnatadigan bo‘ldi.

    Qaniydi shunday davom etganida...

    Muqaddam to‘rt marotaba sudlangan, ikki bor uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinib jazo o‘tagan Eldorning fe’li tayin. Aslo bir ishga qo‘l urgisi kelmasdi. Yana aylanib oshxonaga borib qoldi. Xotinini erkaklarga xizmat qilib yurganidan g‘azabi qaynadi. Shu yerning o‘zida janjal ko‘tardi.

    Farida erini shu dam jahldan tushirishga ko‘zi yetmay shu yaqin atrofda bo‘lgan ota uyiga chopdi.

    – Aka, erim oshxonada to‘polon qilyapti, borib uni aldab uyga olib boring, men hisob-kitobimni qilib ortinglardan yetaman. Yuring, aka, iltimos, shunday qilmasangiz bo‘lmaydi.

    Har qancha zarur yumushlari bo‘lsa ham singlisining oh-zoridan o‘tolmagan G‘ayratbek singlisi bilan oshxonaga yetdi. Bu vaqtda kun asrga borib qolgandi. Bir zumda xotinini yo‘qolib qolganidan alamzada Eldor vajohati bilan oshxonada o‘tirardi.

    – Qayoqqa yo‘qolding, kimning oldiga borib kelyapsan?! – Xotinini ko‘riboq o‘shqirdi u. – Akamni aytib keldim, sizni kutyaptilar.

    G‘ayratbek kuyovi bilan gaplashib tashqariga chiqdi. Kafega o‘tib pivo ichishdi. Salgina jahlidan tushganday bo‘lgan kuyovni uyiga boshladi.
    – Ishlamasa ishlamas, men ham siz taraf, faqat bugun hisobini qilib bersin. Ertadan chiqmaydi ishga. Yuring biz uyga borib turamiz...

    Ularning ortidan yetib kelgan Farida o‘choq-qozonning o‘rnatilmaganini ko‘rib siqildi.
    – Meni ortimdan poylab borguncha shuni qilsangiz bo‘lardi-yu...

    Eldorning miyasi qisib qolganday yana xotiniga o‘shqira ketdi.
    – G‘azablanmang, Eldorbek, men ham shu yerda qolaman, ertalab erta tursak ulguramiz, yaxshisi ertaroq dam olinglar.

    Er-xotinning janjali ichkarida ham to‘xtamadi. Kishini vahimaga soluvchi to‘s-to‘polondan qo‘shni xonada yotgan qayini ham ko‘z yuma olmasdi. Singlisining dodlashi, ayovsiz kaltaklanayotganligini quloqlari unga anglatib turardi. “Yordam bering!!!”

    Bu gap uni xonada qolishiga yo‘l qo‘ymadi. Qanday qilib uchib chiqdimi, singlisining yotog‘ida paydo bo‘ldi. Ahvoldan o‘zini yo‘qotib qichqirdi, “Nima qilib qo‘yding?!

    Kuyov qo‘lida qon pichoqni ushlagancha turardi. Yuztuban yotgan singil bazo‘r shivirladi, “Aka, do‘x...tir chaq...qiring”.
    G‘ofir shoshgancha qo‘shni devordan qichqirib “Tez yordam” chaqirishlarini aytdi-yu ortiga chopdi. U yetib kelganda Eldor singlisining sochidan ushlab bo‘g‘ziga pichoq tirab turardi.

    – Yo‘q! Unday qilma, iltimos! Pichoqni tashla! Tashlaa!!!
    Ammo... bunday fojialar yuz berishiga, boshingdan musibat yog‘ilishiga bir soniya kifoya. Hozir ham shunday bo‘ldi. Aka yetib kelolmadi.

    Er pichoqni tashlamadi, aksincha o‘z ayolining bo‘g‘zidan tortib yubordi...
    Shifokorlar kelishganda Faridaning joni uzilib bo‘lgandi...

    Ayolning bir necha joyiga shafqasizlarcha pichoq urib taskin topmagan er so‘zsiz o‘limga olib keluvchi chorani qo‘lladi. Tizginsiz, asossiz rashk bir oilani shu tarzda barbod etdi.

    Bir yoshgina ayol bevaqt olamdan ko‘z yumdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi sudyasi D.Axmadaliyeva raisligida ko‘rilgan sud majlisi yakuniga ko‘ra, noqobil er O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j”bandi bilan 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
    Akramjon ARIPOV,
    O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti

    Manba: Diyonatgzt.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Qotillikka undagan rashk