06:35 / 06.11.2019
5 305

«Oltin kabutar» parvozda, «Yo‘lovchi» shturvalda

«Oltin kabutar» parvozda, «Yo‘lovchi» shturvalda
O‘tgan hafta ko‘pchilik kutgan, ayrimlar esa o‘ylamagan hodisa yuz berdi, internet-televideniye vakillarining ko‘rsatuvi «Oltin kabutar» tanlovi nominantlari ichida birinchilardan bo‘lib turibdi. Ha, «Yo‘lovchi» birinchilik yo‘lida. Hafta davomida ko‘rsatuv muxlislari va muxlislarining muxlislari tomonidan ushbu loyihaning birinchi o‘rinni olishi uchun ovoz berish boshlandi. Birinchi 20talik, 10talik, 5talik va, nihoyat, birinchi – hozircha ko‘rsatuv ro‘yxatning avvalida turibdi.

Tanlov haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. «Yoshlar» teleradiokanali» aksiyadorlik jamiyati va «Ozod yurt to‘lqinlari» MChJ tashkilotchilari hisoblangan tanlovning nizomida aytilishicha, asosiy maqsad – umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, yoshlarni xalqimizning tarixiy an’analari, ma’naviy qadriyatlari, milliy madaniyatimiz va jahon sivilizatsiyasining ilg‘or yutuqlari asosida ma’naviy-ahloqiy jihatidan yetuk, ma’rifatli, bilimli hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yosh avlodning faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan ijod namunalarini saralash va bu borada faollik ko‘rsatgan televideniye, kino, san’at va madaniyat sohasi vakillarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Xullas, niyat yaxshi va bu yo‘lda qadamlar tashlandi. An’anaviy TV orqali efirga uzatilmaydigan va, umuman, O‘zbekiston uchun noodatiy hisoblangan onlayn televideniye vakillarining ishtiroki tanlovga, uning adolatli o‘tishiga nisbatan ishonchni oshirmoqda.

«Yo‘lovchi» ortidan birinchi 10talikda «Markaziy studiya» (MY5), «Zirapcha» («Sevimli»), «The Cover Up» (Zo‘rTV), «Aldama meni» (Zo‘rTV), «Omon-omon» (MY5), «Real xit» (Zo‘rTV), «MTV Shou Kids» («Milliy»), «Bu mening onam» (Zo‘rTV), «Xafa bo‘lish yo‘q» (Zo‘rTV) kabi ko‘rsatuvlar o‘rin olgan va bu boshlanishi, asosiy musobaqa hali oldinda.

Tanlovning boshida yaqin ta’qibchilaridan o‘zib ketishi, «Yo‘lovchi» kabi ko‘rsatuvlarga xalqning chanqoqligini ko‘rsatadi, bu ijodkorlarni xursand qilmasdan qolmaydi, albatta.

Lekin, ayrim mulohazalar ham bor, bu ovoz berish jarayonining shaffofligi masalasi, ya’ni sayt ijodkorlari tomonidan u yoki bu ko‘rsatuvning berilgan ovozlar sonini sun’iy oshirish imkoniyati nazorat ostidami? To‘g‘ri, tanlovning xolis va haqqoniy o‘tishini ta’minlash tashkilotchilarining asosiy vazifasi sifatida ko‘rsatilgan, ammo buning mexanizmi, jamoatchilik nazorati kabilar yoritilmagan.

Shuningdek, tanlovning 3-5-bosqichlari faqat sms ovoz berish yo‘li orqali o‘tkazilishi ham turli savollarni keltirib chiqaradi, sms bepulmi yo pullik qisqa raqamga xabar yo‘llash orqali amalga oshiriladimi?

Savollar bor...

Hozircha esa 2-o‘rinda borayotgan «Markaziy studiya» tahliliy-informatsion dasturi shahdam qadamlar ila «Yo‘lovchi»ga yaqinlashmoqda. O‘ylaymizki, ayrim ko‘rsatuvlarning tanlov tashkilotchilariga yoki katta armiyaga ega «Yoshlar Ittifoqi»iga aloqadorligi tanlovning xolisligiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

«Yo‘lovchi» muxlislaridan tanlov davomida sevimli ko‘rsatuvlarining jadvaldagi holatidan xabardor bo‘lib turishlarini so‘raymiz. Ezgu niyatlarni asosiy maqsad qilib olgan ushbu loyihaning g‘alabasi bu kabi ko‘rsatuvlarning ko‘payishiga, an’anaviy telekanallarda ham xalqimizning ilmu-ma’rifatiga xizmat qiladigan turkum ko‘rsatuvlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lsa, ajab emas.

Darvoqe, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining fikricha, agar «Yo‘lovchi» g‘alaba g‘ozonsa, ko‘rsatuv MTRK qoshidagi biror-bir TV orqali efirga uzatilar ekan.
G‘ayratxo‘ja Saydaliyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Oltin kabutar» parvozda, «Yo‘lovchi» shturvalda