22:13 / 07.11.2019
4 457

Qo‘shko‘pirlik Rajabovlar xonadonida o‘ta noyob tasbeh saqlanadi

Qo‘shko‘pirlik Rajabovlar xonadonida o‘ta noyob tasbeh saqlanadi
Qo‘shko‘pir tumani G‘ozovot qishlog‘ining Elgaldi mahallasida Said Boqirjon eshon bobo ziyoratgohi mavjud. Mazkur hudud nazoratchisi Nazarboy Rajabov xonadonida g‘ayrioddiy tasbeh saqlanadi. Tasbehning uzunligi 3 metr bo‘lib, 300 dona kabutar tuxumi kattaligidagi yog‘och munchoqlardan iborat deb yozadi "Xabar" nashri.

«Bu tasbeh bizga bobokalonimiz Said Boqirjon eshondan meros bo‘lib qolgan. Avval uni o‘g‘illari, undan keyin qiz nevarasi saqlab kelgan. Hozir esa bu noyob ashyo bizning xonadonda saqlanadi, — dedi Nazarboy Rajabov.

Nazarboy akaning aytishicha, tasbeh noodatiy tarzda uzun va donalari katta-katta qilib ishlanganining o‘ziga xos sababi bor. Bu tasbehni Boqirjon eshon bobo qirq nafar muridi bilan bir davrada doira qilib o‘tirgan holda zikr bilan o‘girishgan ekan.

«Ushbu noyob tasbehning 33 donasini Xiva shahridagi Ichanqal’a davlat qo‘riqxonasida tashkil qilingan «Beket ota» muzeyiga topshirgan edik, — deb suhbatni davom ettiradi N.Rajabov. — Olimlar uni o‘rganishganida, har bir dona munchoq palma daraxti yog‘ochidan yasalgani ma’lum bo‘ldi.

Ayrim tadqiqotchilar ushbu tasbeh XV asr o‘rtalarida Arabistondan Xorazmga hijrat qilgan Said Rahmonberdi eshon olib kelganini taxmin qilishmoqda. «Manoqib» asarida ta’kidlanishicha, Said Rahmonberdi eshon Said Boqirjon eshonning katta bobosi sanalib, nasab jihatdan Muhammad alayhissalomga tutashar ekan.

Nazarboy Rajabovda bir necha asrlardan buyon avaylab-asrab kelinayotgan ushbu tasbeh bilan birga boshqa tarixiy ashyolar, qo‘lyozmalar ham ko‘z qorachig‘iday saqlanadi.

«Oltin meros» xalqaro jamg‘armasi Xorazm viloyat bo‘limi raisi Komil Nurjonovning fikriga ko‘ra, ziyoratgoh majmuasida ko‘rgazma zallari yoxud chog‘roq muzey tashkil qilinsa mazkur hududni sayyohlik yo‘nalishiga kiritish mumkin. Bu yerda ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyati juda katta. Chunki Said Boqirjon eshon o‘z davrida mudarrislik qilib, ko‘plab markaziy osiyolik talabalarni ham o‘qitgan. Ularning orasida o‘zbeklardan tashqari turkman, qoraqalpoq va qozoq millatiga mansub yigitlar ham tahsil olgan. Kaspiy dengizi bo‘yidagi Mangqishloq shahrida tug‘ilib voyaga yetgan Beket ota shulardan biri.

Beket ota Said Boqirjon eshon boboning eng sevimli shogirdlaridan biri bo‘lib, bugungi kunda uning nomi Qozog‘istonda juda e’zozlanadi. Ahyon-ahyonda Beket ota avlodlari o‘z bobokalonining ustoz-piri sanalmish Said Boqir eshon bobo qabrini ziyorat qilishga kelib turishar ekan.

Komil Nurjonovning fikricha, mazkur ziyoratgohda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Birinchi navbatda, bu yer qaytadan ta’mirlanib, obod qilinishi zarur. Ziyoratgohning bugungi kundagi ahvoli bilan sayyohlarini jalb etish qiyin. Eng muhimi, bu yerning nazoratchisi N.Rajabovda saqlanayotgan juda noyob qadimiy ashyolar bilan ko‘pchilik tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
E.Baxt

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘shko‘pirlik Rajabovlar xonadonida o‘ta noyob tasbeh saqlanadi