15:53 / 09.11.2019
4 676

Prezident tibbiyot xodimlarini bayram bilan tabrikladi

Prezident tibbiyot xodimlarini bayram bilan tabrikladi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Toshkentdagi muhtasham «Turkiston» san’at saroyida Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, shifokor va hamshiralar, madaniyat va san’at namoyondalari ishtirok etgan marosimda davlat rahbarining Tibbiyot xodimlariga tabrigi o‘qib eshittirildi.

«Yuksak ehtirom va ko‘tarinki ruh bilan kutib olingan tabrikdan so‘ng Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining maxsus Farmoniga ko‘ra bir guruh soha vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva tomonidan davlat mukofotlari topshirildi.


O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov soha xodimlarini Tibbiyot xodimlari kuni bilan tabrikladi.

E’tiborli jihati, bu yilgi tibbiyot xodimlari kuni o‘zgacha bir shukuhda, keng miqyosda nishonlandi. Birinchi marta prezidentimiz tibbiyot xodimlarini samimiy qutladi va birinchi marta bir guruh soha fidoyilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ushbu e’tiroflar so‘nggi uch yil davomida tibbiyotga, shifokorlarga qaratilayotgan ulkan e’tiborning eng yuksak cho‘qqisi bo‘ldi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Tantanali tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda barcha sohalari kabi sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi uch yil ichida sog‘liqni saqlash sohasini isloh etish bo‘yicha 170dan ziyod huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimiz farmoni bilan 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib,soha taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi.

Bugungi kunda tibbiyot tizimidagi yangilanishlar g‘oyatda jadallashgan. Xususan, sohani moliyalashtirish hajmi bir necha barobarga oshirildi. Masalan, 2017 yilda sohaga 7,1 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2019 yilda sohaga 12,1 trillion so‘m yo‘naltirildi.

So‘nggi uch yilda 1300dan ortiq davolash muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan. Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida 237ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

So‘nggi uch yilda qo‘shimcha allergologiya, onkologiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, nevrologiya va insult, travmatalogiya va ortopediya hamda neyroxirurgiya kabi qator yo‘nalishlarda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyati tashkil etilishi hisobiga aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatayotgan tibbiyot markazlar soni 16taga yetdi. Ularda eng zamonaviy davolash usullari, jumladan, dunyo tibbiyotida ham noyob bo‘lgan murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilmoqda.

Oxirgi yillarda homilador ayollar va chaqaloqlarni perinatal hamda neonatal skriningdan o‘tkazish orqali ularda tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani, hatto eng kam vaznli go‘daklarni ham parvarish va reabilitatsiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ham tahsinga loyiq. Bundan tashqari, tibbiyot ilm-fani, tibbiy-ilmiy markazlarning xorijdagi nufuzli ilm-fan muassasalari bilan aloqalari ham jadal rivojlanmoqda.

Tadbirda mukofotlanganlar sog‘liqni saqlash sohasini izchil rivojlantirish, shifokorlar mehnatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun prezidentimizga o‘z minnatdorliklarini bildirdilar.

Bemorni nafaqat dori-darmon, balki shirin so‘z, qaynoq mehr bilan darddan forig‘ etishga, malham bo‘lishga shoshilgan shifokorlarimiz uchun mana shunday e’zoz-u ehtiromlar yarashadi. Ulug‘larimiz «Tibbiyot barcha san’atlar ichida eng ulug‘idir» deya, Alisher Navoiy hazratlari esa «Shirin so‘zli mohir tabib tan xastaligiga shifodur» deya bejizga lutf etmagan. Ana shunday sharafli va mas’uliyatli kasb fidoyilarini takror-takror sharaflashdan, e’tirof etishdan charchamaymiz. Hamisha xalqimiz ardog‘ida bo‘ling, aziz, tibbiyot xodimlari!», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bayram san’at ustalari konserti bilan yakunlandi.


Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxanova ishtirok etdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident tibbiyot xodimlarini bayram bilan tabrikladi