20:18 / 12.11.2019
2 967

Kichkina kattalar

Kichkina kattalar
Martaba berganda fe’l ham bersa keng,
Adlu muruvvatdan qilmasa judo.
Dargohi kattalar bor bo‘lsin, lekin
Kichik kattalardan asrasin xudo.

Sen biror eshikka bosh urib borsang,
Yuz bor haq bo‘lsang-da bitmasa ishing,
Bilki, ko‘ksi ichra qalb emas, xarsang,
Kichkina kattadir uchragan kishing.

Sen olim bo‘lsangu ixtiro bilan
Lol qilgudek bo‘lsang agar dunyoni,
Senga yo‘l ochguncha bir imzo bilan
Kichkina kattaning uzilar joni.

Tadbirkor bo‘lsangu el nafi uchun
Bir tadbir o‘ylasang, izlasang chora,
Ular topar albat yechilmas tugun,
Suyaging qolguncha qilar ovora.

Askar qasam ichar bo‘lmoqqa fido,
Tabib qasam ichar baxsh etmoqqa jon.
Kichkina kattalar ont ichar ammo
«Falon bo‘lay, seni qilmasam sarson».

Chinor bo‘lsang, ular kemirguvchi qurt,
Po‘lat bo‘lsang ular yemirguvchi zang.
Ey Tangrim, el unmas, qad ko‘tarmas yurt
Kichik kattalarga insof bermasang.

Hech kimsa bo‘lmagan dunyoga ustun,
Uqboga zar olib ketmagan odam.
Kattayu kichikning boshida bor kun,
Kelar, axir kichik kattalarga ham.

Men she’r aytdim, xolos, ne ham qilay man,
Ne iloj, iztirob jonga o‘t qalar.
Faqat ko‘nglingizga imon tilayman,
Diyonat tilayman, kichik kattalar.
Erkin Voxidov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kichkina kattalar