17:00 / 14.11.2019
3 484

Intelektual mulk strategiyasi...

Intelektual mulk strategiyasi...
Joriy yilning 13-14 noyabr kunlari «Miran International hotel» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi hamda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) hamkorligida “Intellektual mulk strategiyasi va innovatsion rivojlanish” mavzusi bo‘yicha mintaqaviy seminar o‘tkazildi.

Mazkur yirik anjumanda BIMT ekspertlari, Buyuk Britaniya va Polsha kabi jami 13 ta mamlakatning intellektual mulk bo‘yicha mas’ul davlat organlari mutaxassislari ishtirok etishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, sohaga bevosita aloqadar Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, sud organlari, oliy ta’lim muassasalari hamda OAV vakillari qatnashishdi.

Seminarning maqsadi BIMT xalqaro standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, sohaga doir xalqaro shartnomalar normalarini milliy qonunchilikka tatbiq etish va intellektual mulk muhofazasini ta’minlash, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qilish va shu orqali intellektual mulk milliy strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqishdan iborat.

Bugungi kunda inson kapitalidan samarali foydalanish, yaratilgan intellektual mulk ob’ektlarini tijoratlashuv jarayoniga keng joriy etish va sohani iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘iga aylantirish jahonning iqtisodiyoti rivojlangan davlatlari uchun eng muhim ko‘rsatkichlardan biridir. Barchamizga ma’lumki, mahsulot qadog‘idan o‘rin egallagan birgina tovar belgisi yirik kompaniya hattoki davlatning qiyofasini gavdalantirishi mumkin. Misol sifatida Rolex, Nike, Adidas, Apple, Toyota, Mercedes Benz va boshqalarni keltirish mumkin.

Ahamiyatlisi, rivojlangan davlatlarda intellektual mulk qishloq xo‘jaligini siqib chiqarib, yangi davrni boshlab bermoqda. “Aqlli mashina”, “aqlli uy”, “xavfsiz shahar” kabi atamalar hayotimizga tobora chuqur kirib kelmoqda. Turli ixtiro va ishlanmalar insonlar hayotiga qulayliklar olib kirmoqda.

Ko‘pincha Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyoti haqida so‘z ketganda ko‘z oldimizga aynan innovatsion iqtisodiyot keladi. Buning zamirida albatta novatorlik faoliyati, intellektual mulk ob’ektlarining yaratilishi va muhofazasi bilan bog‘liq jarayonlar yotadi. Ayniqsa, tabiiy resurslar taqchilligi kuzatilayotgan davrda intellektual mulk strategiyasini qo‘llash iqtisodiy tang ahvoldagi mamlakatlarning yagona chorasi bo‘lib qolmoqda.

Intellektual mulk milliy strategiyasi turli ixtiro va innovatsion ishlanmalar va xizmatlarning huquqiy muhofazasini ta’minlash hamda uni rag‘batlantirish orqali mamlakatning barcha bo‘g‘inlarida innovatsion rivojlanishga turtki berishni asosiy maqsad etib belgilashi lozim.
Shuningdek, ishtirokchilar intellektual mulk sohasida samarali himoya tizimi yaratilmas ekan, milliy strategiyada innovatsion rivojlanishni ta’minlash mumkin emasligiga e’tibor qaratishdi.

O‘z navbatida O‘zbekistonda ham intellektual mulk sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, intellektual mulk ob’ektlarini himoyasini ta’minlash, mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro shartnoma va bitimlarni ratifikatsiya qilinishi kabi muhim ishlarni sanab o‘tish mumkin.

Albatta Agentlik oldida keng jamoatchilik o‘rtasida intellektual mulkka hurmat ruhini shakllantirish, intellektual mulk ob’ektlarining ekspertizasi jarayonini soddalashtirish va avtomatlashtirish tizimlarini keng joriy etish kabi muhim vazifalar ham turibdi.

Ayniqsa, bugun O‘zbekiston tomonidan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirish jarayonida ushbu vazifalar ahamiyati ortishi tabiiydir.
Shuni alohida e’tiborga olish lozimki, intellektual mulk milliy strategiyasini yaratishda sohaga doir boshqa turli vazirlik va idoralarning ham alohida o‘rni bor.
Yuqoridagilarga muvofiq, bugungi kunda mamlakatimizda intellektual mulk milliy strategiyasini yaratish va bu orqali O‘zbekistonda intellektual mulk muhofazasi va himoyasi bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.

Ta’kidlash joiz, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Intellektual mulk agentligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Mazkur o‘tkazilgan islohotlardan ko‘zlangan maqsadlar qatorida intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida idoralararo mustahkam hamkorlikni kuchaytirish hamda sohada davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini samaradorligini oshirishni ham sanab o‘tish lozim.

Seminar ishtirokchilari aholida intellektual mulkka hurmat ruhini shakllantirish, intellektual mulk himoyasi mexanizmlarini rivojlantirish, soha yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tajriba almashishdi hamda intellektual mulk milliy strategiyasini hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib olishdi.
Zero, intellektual mulk har bir mamlakat iqtisodiyoti va innovatsion taraqqiyotining muhim qismidir.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Intelektual mulk strategiyasi...