21:38 / 14.11.2019
2 821

Bu yil saylov qonunchiligida qanday yangiliklar bor?

Bu yil saylov qonunchiligida qanday yangiliklar bor?
Markaziy saylov komissiyasining «Saylov qonunchiligi targ‘ibot oyligi»ni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq joriy yilning 12 noyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti hududida tashkil etilgan 438-sonli uchastka saylov komissiyasi tashabbusi bilan Institutning Konferensiyalar zalida «Saylov qonunchiligidagi yangiliklar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida Toshkent shahar Sergeli tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Rustam Abulxayrov, Sergeli tumani Adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi Fozil Suyunov, tuman adliya bo‘limi katta maslahatchisi Nurillo Xalilov hamda Institutning professor-o‘qituvchilari, Oliy kurs tinlovchilari va kursantlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyamizning 117-moddasiga muvofiq, «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish – irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar».

Saylov qonunchiligida bir qancha islohotlar amalga oshirilib, Saylov kodeksining qabul qilinishi bilan fuqarolarga yanada keng qulaylik yaratildi. Joriy yilning 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlaridagi barcha munosabatlar esa Saylov kodeksi bilan tartibga solinadi.

Ma’lumki, Saylov kodeksi kuchga kirgunga qadar mavjud bo‘lgan 5 ta qonunda, ya’ni Oliy Majlisga saylov, respublika Prezidenti saylovi, xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylov, Markaziy saylov komissiyasi, Fuqarolar saylov huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi qonunlarda jami 190 ta modda mavjud edi. Endilikda ular tizimlashtirilib, qaytarilishlar, takrorlar bartaraf etilib, 18 ta bob, 103 moddadan iborat bo‘lgan Saylov kodeksi qabul qilindi.

Kodeksda avvalgi qonunlarda bo‘lmagan bir qator alohida moddalar o‘rin oldi. Jumladan, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati, uchastka saylov komissiyasining ovoz berishdan oldingi faoliyati, uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati, saylovchining turgan joyida ovoz berish, uchastka saylov komissiyasining ovoz berish tugaganidan keyingi faoliyati, Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish, Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovoz berishni tashkil etish, Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovoz berish tartibi, Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovozlarni sanab chiqish va saylov natijalarini aniqlash, ommaviy axborot vositalarining vakillari, uchast­ka saylov komissiyalari joylashgan binolarni, xonalarni va ovoz berish xonalarini jihozlashga doir talablar shular jumlasidandir.

Shu bois, bu yilgi saylovning avvalgilaridan eng muhim farqli jihatlaridan biri uning ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tkazilishidir. Ahamiyatga molik jihati, kodeksdan saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof o‘tkazishga xizmat qiladigan o‘ttizdan ortiq yangi norma va qoida joy olgan. Amalda bo‘lgan ko‘plab cheklovlar chiqarib tashlangan. Yana bir muhim yangilik – «Bir saylovchi – bitta ovozga ega» tamoyilini ta’minlash maqsadida yurtimiz milliy saylov tizimiga saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tatbiq etilmoqda.

Bu yilgi saylovda davlatimizda faoliyat yuritayotgan beshta siyosiy partiya – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi qatnashadi. Saylov kodeksiga asosan, har bir siyosiy partiya o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini to‘plashi zarur. Shundagina siyosiy partiya deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

– Bunday tadbirlarni o‘tkazilishi zamirida esa, yoshlarning ham siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirish, saylov qonunchiligi bo‘yicha bilimlarini yanada oshirish, ularning saylovlarda faol ishtirok etishi va mamlakatimiz taqdiri uchun dahldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qiladi, — deydi polkovnik Ikromjon Siddiqov.
FARHODJON XOJAYeV,
FVV Yong‘in xavfsizligi
instituti matbuot kotibi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bu yil saylov qonunchiligida qanday yangiliklar bor?