13:53 / 15.11.2019
4 097

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi
Muhokama uchun eʼlon qilingan hujjatga koʻra, qonunning 29-moddasi (Harbiy xizmatdan boʻshatish) birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan boʻshatish quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:
1) yosh boʻyicha – u harbiy xizmatda boʻlishining belgilangan yosh chegarasiga yetganida, shu jumladan belgilangan tartibda uzaytirilgan harbiy xizmat muddati tugaganda;
2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda – chaqiruv boʻyicha muddatli harbiy xizmatning qonunchilikda belgilangan muddati tugaganda (boʻshatish uchun boshqa asoslar boʻlmagan taqdirda);
3) kontrakt muddati tugaganda – boʻshatish uchun boshqa asoslar boʻlmagan taqdirda, agar amaldagi kontraktning tugashi vaqtida harbiy xizmatchi yoki vazirlik, davlat qoʻmitasi va idora tomonidan yangi kontrakt tuzmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa;
4) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati boʻlmay qolganda va uni boʻshatishga boshqa asoslar boʻlmagan taqdirda;
5) sogʻligʻining holatiga koʻra – uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;
6) tomonlardan birining tashabbusiga koʻra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
7) intizomsizligi sababli kursantlar oliy harbiy taʼlim muassasasidan oʻqishdan chetlashtirilishi munosabati bilan, boʻshatishga boshqa asoslar boʻlmagan taqdirda;
8) harbiy xizmatchi nomiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakat sodir etganda;
9) davlat sirlari bilan ishlash ruxsatnomasidan mahrum qilinganligi munosabati bilan;
10) ozodlikdan yoki harbiy unvondan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazo choralarini nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;
11) qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini yoʻqotganligi munosabati bilan yoxud boshqa davlatning fuqaroligi mavjud boʻlganda.”.

Amaldagi tahrir quyidagicha koʻrinishga ega:
“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan boʻshatish quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:
1) u harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatda boʻlishining belgilangan yosh chegarasiga yetganida;
2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda;
3) kontrakt muddati tugaganda;
4) shtatlar qisqarganda yoki boshqa tashkiliy-shtat tadbir-choralari munosabati bilan harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati boʻlmay qolganda;
5) salomatligiga koʻra — uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;
6) qonun hujjatlariga muvofiq taraflardan birining tashabbusiga koʻra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
7) harbiy-taʼlim muassasasidan oʻqishdan chiqarilganligi munosabati bilan;
8) xizmat vazifasiga noloyiq boʻlib qolganda;
9) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum boʻlishi munosabati bilan;
10) harbiy xizmatchi harbiy unvonidan mahrum etilishi munosabati bilan;
11) sud hukmi qonuniy kuchga kirganda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.”.

Moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdan rezervga, harbiy hisobdan chiqarilgan taqdirda esa isteʼfoga boʻshatiladi.”.

Quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldiriladi:
“Rezervda boʻlishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan yoki harbiy-tibbiy komissiya tomonidan sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan yoxud boshqa davlatning fuqaroligiga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar isteʼfoga boʻshatiladi.”.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi