14:16 / 15.11.2019
4 920

Oʻzbekistonliklar uchun Umra mavsumi boshlandi

Oʻzbekistonliklar uchun Umra mavsumi boshlandi
Kecha, 14-noyabr kuni oʻzbekistonlik ziyoratchilarning 230 nafardan iborat dastlabki (5 nafar ishchi guruhi, 1 nafar shifokor) guruhi Saudiya Arabistoniga Umra amallarini bajarish uchun joʻnab ketdi. Bu haqda Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati maʼlum qildi.

Xabarda aytilishicha, bu yildan Umraga reyslar haftada yetti marta amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makkada esa 7 kun boʻladilar.

Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga shart-sharoitlar yaratish ishlari Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi “Haj” va “Umra” masalalari boʻyicha attashesi hamkorligida tashkil etiladi.

Oʻzbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi Nabaviy” bilan chegaradosh boʻlgan “Pulman zam-zam”, Makka shahrida esa “Xaram masjidi”dan 600-700 metr uzoqlikda joylashgan “Abroj al-Kisva” mehmonxonalari xizmat koʻrsatadi.
Mehmonxonalar 4-5 yulduzli boʻlib, ziyoratchilarimiz hordiq chiqarishlari va ibodatlarni emin-erkin bajarishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.

Oʻzbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kecha - 4 kunduz boʻlib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganlaridan soʻng Makka shahriga yoʻl oladilar. Madina va Makka shaharlaridagi mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun oʻzbek milliy taomlari (suyuq va quyuq), sarhil mevalar, turli ichimliklar va shirinliklar tortiq qilinadi.

Mehmonxonalarda zarur dori-darmon va jihozlar bilan taʼminlangan tibbiyot punktlari 24 soat davomida ziyoratchilarimiz sogʻliqlarini nazorat qilish hamda birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida faoliyat yuritadi.
Ziyoratchilarimiz Madina va Makka shaharlaridagi barcha Umra amallarni bajarib boʻlganlaridan soʻng mamlakatimizga qaytib keladilar.

Eslatib oʻtamiz, kuni kecha Din ishlari boʻyicha qoʻmita Umradan iqtisodiy foyda koʻrmasligini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda qator sayyohlik firmalari tomonidan Umra ziyoratini tashkil qilish boʻyicha turli reklamalar koʻpayib borayotganini tanqid qilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekistonliklar uchun Umra mavsumi boshlandi