Ko‘r hassasini bir necha marta yo‘qotadimi?

  • 16 noyabr 2019, 20:13
  • 1 252
  • Jamiyat
  • Ko‘r hassasini bir necha marta yo‘qotadimi?
    21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga o‘ttiz yil to‘ldi. Tilimiz maqomga ega bo‘ldi, lekin, ta’bir joiz bo‘lsa, shoh bo‘ldi-yu, taxtga chiqolmadi. Sovet davrida tilimiz maishiy til darajasiga tushib qolgandi. Kim biladi, agar sobiq ittifoq tarqab ketmaganida edi, hozir siz-u bizning nabiralarimiz ona tilida bir luqma aytishni ham eplolmaydigan darajaga tushib qolgan bo‘lur edimi...

    Turk xalqlari alifbolarini lotin yozuviga o‘tkazish masalasi 1920-yillar boshlaridan kun tartibiga kelgan. Loyihaning ilk ko‘rinishi aynan Turkistonda yaratilganini ko‘pchilik bilmaydi. Shuning uchun, gap ushbu yozuv haqida ketganida kiril alifbosi tarafdorlari "bu alifbo turklarniki, biz ularga qarab isloh qilishimiz shart emas" degan g‘alati bahona keltirishadi.

    Qizig‘i shundaki, ular o‘zlari yashayotgan tuproqlar nega "Turkiston" deb atalgani haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar.
    Lotin alifbosi ilk bor 1928 yil oktyabr oyida Turkiyada amalga kiritilgan va atigi bir yil ichida mamlakatda ish yuritish to‘liq yangi alifboga o‘tkazilgan.

    O‘zbekistonda esa lotin alifbosi ilk kez 1929 yilda amalga kiritilgan. Lekin, turk xalqlari bir-biri bilan yaqinlashib ketishidan cho‘chigan Stalin hukumati 1940 yilda alifboni kiril alifbosi bilan almashtirgan.

    Kiril amalga kiritilishi bilan tilimizni forslashtirish darajasi misli ko‘rilmagan tus oldi. O‘zbek tilida xalq tomonidan ishlatilayotgan ko‘plab so‘zlar adabiy tildan chiqarilib, forscha muqobillari bilan almashtirildi. Ko‘p hollarda turk tillariga xos "a" tovushi forscha "o" bilan almashtirilib, go‘yoki, tilimiz "madaniylashtirildi".

    "ng" diftongini ifodalash uchun ikkita "ng" ("ng") harfi qo‘llanilishi esa tilimiz buzilishiga olib keldi. Bo‘g‘in ko‘chirish qoidasiga ko‘ra "ng" ikkiga ajratilishi oqibatida diftong talaffuzda ikkita tovushga aylandi. Shu tariqa, "bori-ngiz, keli-ngiz" deyish o‘rniga, "borin-giz, kelin-giz" deb, buzib talaffuz qilish adabiy til normasiga aylantirildi.

    1980-yillar so‘nggiga to‘g‘ri tilimiz maishiy til darajasida qolgan va rus tilining oyog‘i ostida edi. O‘sha paytlarda qo‘rqmas oydin-ziyolilarimiz boshlagan katta harakat natijasida 1989 yili o‘zbek tili davlat tili maqomini oldi. Juda xursand bo‘lgandik.

    Keyinchalik, 1993 yili lotin yozuvi to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Alifboning bu ko‘rinishi 1929-1940-yillarda yurtimizda amalda bo‘lgan lotin alifbosiga, xususan Turkiyada amalda qo‘llanilayotgan alifboga juda yaqin edi.

    Biroq, qardosh xalq bilan bitta masalada kelishmovchilik yuzaga kelishi alifboning qayta ko‘rib chiqilishiga olib keldi. Aytishga arzimaydigan sabab bilan Turkiya alifbosiga xos ö, ğ, ş, ç harflari o‘zgartirildi. 1995 yili alifbo isloh qilinishi oqibatida lotin alifbosi boshqa turkiy xalqlar alifbosidan uzoqlashib, besunaqay tus oldi.

    Ish yuritishni davlat tili va lotin alifbosiga to‘liq o‘tkazish haqidagi qonunlarni hukumatning o‘zi boyqot qildi. Bunday keskin fikr bildirishimizning sababi – bu ish dastlab 2000 yildan amalga oshishi kerak edi. Lekin vaqti-soati kelganida mazkur muddat 2005 yilga uzaytirildi.

    2005 yil kelganda esa, hukumat hech narsa bo‘lmagandek ish yuritishni chet tili va kiril alifbosida davom ettiraverdi. O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilgan qonunlar amalda qo‘llanilishi ta’minlanmadi! Respublika Bosh prokuraturasi va Konstitutsiyaviy sud bu masalani ko‘rib chiqmadi.

    “Katta arava qayoqqa yursa, kichigiyam o‘sha yoqqa yuradi” deydi dono xalqimiz. O‘sha davrlardagi davlat boshlig‘i Moskvada chiqadigan bir o‘ris gazetasiga bergan intervyusida o‘rischa ona tili ekanligi va oldin shu tilda o‘ylab, keyin o‘zbekchaga o‘girib gapirishini aytgan. Ahvol shunday bo‘lgach, ish yuritishni ham chet tilida olib borgan. Oliy Majlisdagi nutqlari va O‘zbekiston telekanallariga bergan intervyularida o‘zbekcha ishlatish bilan cheklangan. Buning achchiq asoratlari hozirgi kunda o‘zini ko‘rsatib turibdi.

    Anchagina odam haligacha alifboni o‘rganolmagani (aslida o‘rganishni istamayotgani) esa boshqa xalqlar bizning IQ darajamiz yaxshi ekaniga shubha bilan qarashlariga sabab bo‘lmoqda.
    Hukumatning ta’lim sohasidagi siyosati ham kutilgan natija bermadi. Buni quyidagi faktlarda ko‘rish mumkin.

    Bugungi kunga kelib, o‘zbeklar, odatda, O‘zbekistondagi ta’lim rus tilida olib boriladigan maktab va sinflardagi o‘quvchilarning asosiy qismini tashkil qilmoqda. Ayrim joylarda bu ko‘rsatkich 90 foizgacha yetgan! Aholining bir necha millioni tirikchilik uchun O‘rusiyada ishlab yurgan yurtda bu holat go‘yoki tabiiy holdek ko‘rinadi.

    Shuni alohida ta’kidlash zarurki, dunyoda keng tarqalgan ayrim tillarni hisobga olmaganda, har qanday til, odatda, u yoki bu darajada himoya qilinishga muhtoj bo‘ladi. BMTning beshta rasmiy tillaridan biri bo‘lishiga qaramay, hatto Fransiyada fransuz tiliga davlat darajasida e’tibor qaratilib, vaqti-vaqti bilan uni chet tillar ta’siridan asrash uchun chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

    Kanadada fransuz tili inglizcha bilan teng huquqli davlat tili sanaladi. Biroq, asosan fransuzlar yashaydigan Kvebek provinsiyasida ingliz tilini amalda qo‘llash cheklab qo‘yilgan. Ko‘cha-ko‘ylardagi lavhalar faqat fransuz tilida beriladi. Agar inglizchasi ham yoziladigan bo‘lsa, fransuzcha harflardan kichik bo‘lishi shartligi qonun bilan belgilab qo‘yilgan.

    Endi O‘zbekistonda, xususan, boshkent Toshkentda bu boradagi ahvol qanchalik ayanchli ekanini tasavvur qilgan bo‘lsangiz kerak.

    O‘zbeklar “ko‘p til bilish yaxshi” deyishadi. Albatta, bu gapga yuz foiz qo‘shilamiz. Lekin, masalaning ikkinchi va xavfli tomoni shundaki, boshqa tillarni o‘rganish o‘zbek tili va davlat tili hisobiga amalga oshirilyapti. Aholining katta qismi o‘zbek tilida na to‘g‘ri yoza oladi va na ravon gaplasha oladi.

    Ruscha aralashtirib gapirish udumga aylanib bo‘ldi. Hatto, ko‘prik, burilish, buyrak, sarimsoq, o‘rmon kabi oddiy so‘zlar ham muomaladan deyarli chiqib ketdi. Bugungi kunda o‘zbek tili himoya qilinishga muhtoj vaziyatga tushib qoldi. (Davomi bor).

    Baxtiyor Shohnazar

    Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

    Manba: Sof.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Ko‘r hassasini bir necha marta yo‘qotadimi?