23:03 / 16.11.2019
2 734

Bizni ayblamang!

Bizni ayblamang!
Foto: utmagazine
Biz nimaga Davlat Nazar o‘limi bilan bog‘liq savollar berdik? Xaypga o‘chligimizdanmi? Yo uning yetimlariga sadaqa qila olmaganimiz uchunmi? (Plastik karta ochib raqamini qo‘ysalar, xayriya masalasi hal, imkon qadar qila olamiz).

Biz Davlat Nazar voqeasi orqali so‘z erkinligi haqida qayg‘urdik. Shabnam haqida «provakatsion» savol bergan jurnalist ham shu qayg‘u tufayli asli ko‘pchilikning ichidagi savolni berdi (kommentlarni o‘qinglar, axir). Abdulloh qani deganda qonuniylikni qidirdik. Shilov masalasida «ertaga meni ham birov «baran» demasin» deb e’tiroz bildirdik.

Turli masalalar u yoki bu hodisa orqali yuzaga qalqib chiqar ekan, ular yuzasidan savol qo‘yiladi, butun dunyoda shunday. Yo‘qolib qolgan odam, avtohalokatda o‘lgan jurnalist, jinnixonaga tushgan bloger yo tiliga erk bergan rahbar kabi masalalar yuzasidan jamiyat mas’ul organlarini so‘roqqa tutishi tabiiy hol.

O‘sha savollarni tilga chiqarsak va xaypchi, provakator bo‘lib ketaversak, qanday ochiq jamiyat quramiz? Endi tetapoya bo‘layotgan fuqarolik jamiyati qanday rivojlanadi?

Axir, fuqarolik jamiyatining asosi «Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun» prinsipida emasmi? Har bir fuqaro taqdiri butun jamiyat taqdiri bilan bir narsaligini anglash orqali odamlarda jamiyatga va vatanga daxldorlik tuyg‘usi shakllanmaydimi? Shu fuqaro muammosi tagida turgan jamiyat muammosini tan olish va uni yechishga intilish emasmi taraqqiyotning sharti?

Faqat jabrlanganning o‘ziga shaxsan yordam berilsa, shaxsan yordam bera olmaganlar bu menga taalluqli emas deb ketaversa, fuqarolik jamiyati shakllanmaydi. Bu shunchaki oqibatlarni bartaraf etish xolos.

Davlat Nazarlar, Shabnamlar, Abdullohlar, Shilovlar... – bular yakka shaxs muammosi emas, ular ortida katta va o‘zimizga bevosita taalluqli ijtimoiy masalalarni ko‘ramiz. Xavotirlarimizni tarqatishni istaymiz. Shu sababli qulay va noqulay savollarni qo‘yamiz.

Biz savol qo‘yyapmiz, siz javob beryapsiz. Javoblar uchun rahmat, albatta, ilgari shu ham yo‘q edi. Ammo savol qo‘yganimiz uchun bizni ayblamang. Chunki savol-javob, dialog, murosa orqali rivojlanamiz.

Shahnoza Soatova

Manba: Xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bizni ayblamang!