13:23 / 17.11.2019
3 214

Qonunlar mansabdorlar foydasi uchun ishlashini koʻrsatuvchi 6ta fakt

Qonunlar mansabdorlar foydasi uchun ishlashini koʻrsatuvchi 6ta fakt
Xalqimizda “Boy jinoyat qilsa — shoʻxlik, kambagʻal shoʻxlik qilsa — jinoyat”, degan naql bor. Bu soʻzlar bejiz yaralmagani-yu avlodlar osha bugungi zamonamizga qadar oʻtib kelayotganiga soʻnggi kunlardagi boʻlib oʻtgan voqealar davomida yana bir bor amin boʻldik.

Xabaringiz bor, Toshkent shahar prokuraturasi Olmazor hokimining sobiq oʻrinbosari va Kun.uz muxbiri oʻrtasida kechgan mojaroda neytral qolishni maʼqul topdi. A.Vahobovning muxbirga nisbatan ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilgani faktini yetarli darajada tasdiqlovchi video va auido dalillarga koʻz yumildi.

Shu oʻrinda, eʼtiboringizga qonunlarning koʻproq mansabdor shaxslar manfaatlari uchun ishlashini (aniqrogʻi foydalanilishi) tasdiqlovchi, birgina 2019-yilning oʻzida sodir boʻlgan olti faktni havola etmoqni lozim topdim. Bu orqali hokimiyat vakillari yoki boshqa organlar faoliyatiga nisbatan ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirgan shaxslarga qanday choralar qoʻllangani va qoʻllanmaganini yodga olamiz.

1-fakt. 2019-yil sentyabr. Jabrlanuvchi: hokim
Bloger Nodirbek Hojimatov 2019-yil sentyabr oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonovga nisbatan Shahrixon tumani “Qum” QFY hududida “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasidagi ishlar sifatsiz amalga oshirilgani va pullar oʻzlashtirib yuborilganini aytib unga nisbatan tuhmatdan iborat xabarlarni tarqatgan.

2019-yil 12-sentyabr kuni Shahrixon tuman maʼmuriy sudi qarori bilan bloger hokimga nisbatan tuhmat (MJtK 40-moddasi) qilgan deb topildi va unga 13 sutka maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllandi.

2-fakt. 2019-yil oktyabr. Jabrlanuvchilar: hokimlik va ichki ishlar idoralari
Bloger Mavlonbek Abbosov ijtimoiy tarmoqlardagi oʻz sahifasi orqali ichki ishlar organlari va hokimlik tizimini tanqid qilgan.

“IIB xodimlarini, fermerlarga raznorabochiy qilib boʻlib berish vaqti kelmadimi? 28 yildan beri bularni xalq tekinga boqyapti. IIB xodimlari, paxtaga olib ketishayotganidan nolib davlatdan norozi boʻlibdilar. Bular davlatga xiyonatni ochiqchasini boshladimi deyman? Bular nima qoʻzgʻolon koʻtarmoqchimi?” — deya izoh qoldirgan edi Mavlonbek Abbosov 2-oktyabr kuni Ichki ishlar organi xodimlarining paxtaga chiqmaymiz, deb tarqatgan video ostida.

Kosonsoy tuman maʼmuriy sudining 2019-yil 11-oktyabr kungi qarori (MJtK 40-moddasi)ga koʻra, M.Abbosovga 12 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

3-fakt. 2019-yil iyun. Jabrlanuvchi: hokim
Fargʻona viloyati, Qoʻshtepa tumanida faoliyat yurituvchi “Olimboy hoji” chorvachilik fermer xoʻjaligidagi mavjud muammolar haqida Kun.uz sayti orqali eʼlon qilingan maqolani hokim I.Novikov oʻziga nisbatan tuhmat deb qabul qildi va fermer ustidan ichki ishlar boʻlimiga shikoyat qildi. Vaholanki, fermerning murojaatida Yevropadan olib kelgan zotdor qoramollari hokimlik tomonidan oʻz vaqtida yer ajratib berilmagani oqibatida ochlikdan nobud boʻlayotgani bayon etilgan edi.

Oqibatda maʼmuriy sud qarori bilan Abdumannob Qosimov hokimga nisbatan tuhmat (MJtK 40-moddasi) qilgan deb topildi va eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida maʼmuriy jarimaga tortildi.

4-fakt. 2019-yil mart. Jabrlanuvchi: hokimlik
Fuqaro Q.S. odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasiga videomurojaatini joylab, unda Xonqa tuman hokimini davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan til biriktirib, uni va akasi E.S.ni noqonuniy dalillar toʻplatib qamatib yuborganini iddao qilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Xonqa tumani sudining hukmi bilan fuqaro Q.S. 1 yil-u 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Koʻrib turganingizdek, mahalliy hokimlik va boshqa davlat tashkilotlari oʻz shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini yerga urdirib qoʻymadi, ularga qarshi soʻz aytganlarning “taʼzirini berib, burnini yaxshilab yerga ishqalab qoʻydi”.

5-fakt: 2019-yil iyun. Jabrlanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri (A.Shodmonov)
Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 9-iyun kuni oʻtkazgan yigʻilishda bir qancha mansabdorlarni ochiqchasiga haqorat qildi. Haqoratlanganlar orasida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher ham bor edi.

Biroq, respublikada qonunlar aniq va bir xilda ishlashini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan prokuratura idoralari bu vaziyatda har doimgidek sukut saqlashni afzal bildilar. Masala suvga tushgan toshdek yoʻq boʻlib ketti.

6-fakt. 2019-yil avgust-noyabr. Jabrlanuvchi: muxbir (jurnalist)
Olmazor tuman hokimining sobiq oʻrinbosari Abdurasul Vahobov 14-avgust kuni Kun.uz muxbirlariga tashlanib, tom maʼnoda sharmanda boʻlganidan soʻng, oradan bir kun oʻtib, shahar hokimligi matbuot xizmati xodimiga videointervyu berdi va unda Kun.uz muxbiri Rahmatilla Isroilov undan katta miqdorda pora evaziga restoran qurish uchun 1 gektar yer ajratib berishni soʻragani, bunga rozi boʻlmagani uchun 14-avgust kungi voqealarni atayin uyushtirganini daʼvo qildi. Vahobov gapi orasida muxbir uni va hokimni uch kunda ishdan oldirib yuborish bilan tahdid qilganini aytdi.

Kun.uz eʼlon qilgan videoda (tahririyat ushbu videoni voqea yuz bergan dastlabki kunlardayoq prokuraturaga taqdim etgan) esa Vahobovning gaplari qanchalar yolgʻonligi va muxbirga nisbatan tuhmatligi toʻla oʻz aksini topdi, desak yanglishmagan boʻlamiz.

Biroq, Toshkent shahar prokuraturasi bunday hisoblamadi. Poytaxt prokuraturasidagi masʼullarning fikricha, Vahobovning ishdan olinishi uning uchun yetarli jazo: muxbir Rahmatilla Isroilov mansabdor shaxs Abdurasul Vahobovga pora taklif qilmagan, lekin Vahobov unga tuhmat qilmagan... Siz biror narsa tushundingizmi?

Soʻzimni maqol bilan boshlagan edim. Ruxsat bersangiz yana bir maqol bilan yakunlasam. Xalq orasida “qalovini topsang, qor ham yonadi”, degan maqol bor. Kim bilsin, balki Vahobovda qorni ham yondira oladigan chaqmoq tosh bordir. Albatta, bu mening farazim, birorta guvohim yoʻq. Men oʻz fikrimda, Toshkent shahar prokuraturasi oʻz fikrida qolishi mumkin...

Shuxrat Shokirjonov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qonunlar mansabdorlar foydasi uchun ishlashini koʻrsatuvchi 6ta fakt