15:23 / 17.11.2019
4 076

Toshkent shahri hokimining jurnalistlarga tahdidi internetda qanday aks-sado berdi?

Toshkent shahri hokimining jurnalistlarga tahdidi internetda qanday aks-sado berdi?
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning muxbirlarga qilgan tahdidi audiosi tarqalgani ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans keltirib chiqardi deb yozadi Kun.uz nashri.
Audioda Ortiqxo‘jayev jurnalistlarni mahallada sazoyi qilishga, hatto jismonan yo‘q qilib yubora olishga qodirligini ta’kidlab o‘tgan.

Internet saytlari va blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari voqea borasida o‘z fikrlarini bildirishmoqda.

Qalampir.uz sayti shunday yozadi:
«Bugun OAV O‘zbekistonda shaxsan mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev e’tiboridagi soha. Jurnalistlarning davlat va jamiyatdagi mavqeyini ko‘tarish, OAVni to‘rtinchi hokimiyat darajasiga olib chiqishni talab qilyapti Prezident. Ayni shu davrda Ortiqxo‘jayevning bu xatti-harakatini qanday izohlash mumkin? Xo‘sh, endi kim davlatga va bugungi siyosatga dushman bo‘lyapti, jurnalistlarmi yo Ortiqxo‘jayev?»

Xabar.uz sayti voqea haqidagi xabarni shunday xulosalagan:
«Buni shunchaki qoldirib bo‘lmaydi. Demak, vaziyat huquqni muhofaza qiluvchi organlardan oydinlik kiritishni talab qiladi. Shuningdek, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi ham o‘z munosabatini bildirishi maqsadga muvofiqdir».

Partiyalar ishtirokidagi debatda bloger Nozim Safari «Milliy tiklanish» partiyasidan bu borada munosabat so‘radi. Biroq, partiya nomidan gapirganlar mavzuga mutlaqo munosabat bildirishmasdan, umumiy gaplar bilan aravani quruq olib qochishdi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi o‘z rasmiy saytida voqeaga munosabat bildirib o‘tdi.
«Hokimning og‘zidan yangragan so‘zlar nafaqat jurnalist yoki bloger, balki eshitgan har bir quloq uchun og‘ir botadi. Inson huquqlari ustuvor jamiyatda bu holatni qanday hazm qilish mumkin?

Ushbu holatga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan himoyaviy chora kutib qolamiz», — deyiladi partiya matbuot xizmati xabarida.

Hozircha yana ikki partiya kun mavzusi yuzasidan munozaralarga qo‘shilgan.

Xalq demokratik partiyasi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga tahdidini xalq va davlatga hurmatsizlik deb atadi.
«Audioyozuvdagi holat haqiqatda ro‘y bergan bo‘lsa, demokratik islohotlarning eng muhim sharti – so‘z va fikr erkinligiga, jurnalistlarga ochiqdan-ochiq tahdid qilish, «menga hamma narsa mumkin», deb o‘ylash, avvalo, xalq va davlatni mensimaslik, deb baholanishi kerak.

Xalq demokratik partiyasi kasbi, faoliyat turi, ijtimoiy holatidan qat’i nazar, har bir insonning ustuvor huquqlari to‘liq kafolatlanishi va amalda ta’minlanishi zarur, deb hisoblaydi. Mutasaddi idoralardan tez orada aniq va rasmiy ma’lumotlarni kutadi», — deyiladi O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi bayonotida.

«Milliy tiklanish» raisi Alisher Qodirov esa audioyozuv haqiqiyligi isbotlanmaguncha unga munosabat bildirishdan bosh tortdi.
«Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ovozi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan audioyozuvning haqiqiyligi tasdiqlanmagunicha ushbu masalada fikr bildirishni to‘g‘ri deb hisoblamaymiz.

Mavzu bo‘yicha birinchi bo‘lib izoh yoki bayonot berish Jahongir Ortiqxo‘jayev va xabarning muallifiga tegishlidir», deya yozgan partiya raisi feysbukdagi sahifasida.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham ushbu vaziyatdan xabardor ekanligini hamda tegishli choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

«Shuni ma’lum qilamanki, biz vaziyatdan xabardormiz va bu borada tegishli choralar ko‘rilmoqda. To‘plangan barcha ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Bosh prokuraturaga murojaat xati yuboriladi va ularning xulosalari asosida muayayn to‘xtamga kelinadi.

Ishonamizki, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan mazkur davlat organlari tomonidan ushbu masalaga munosib huquqiy baho beriladi. Jurnalist va blogerlarimizdan vaziyatga huquqiy baho berilgunga qadar hissiyotlarga berilmaslik, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslikni so‘raymiz.

Ta’kidlashni istar edimki, kim tomonidan ekanidan qat’i nazar, to‘rtinchi hokimiyat — jurnalistlar haqida aytilgan bunday fikrlar o‘ta yoqimsiz holat va bunga jim qarab turish mumkin emas. Bu — davlat siyosati va jamiyatda o‘rnatilgan qoidalarga mutlaqo ziddir. Biz o‘z pozitsiyamizda qat’iymiz — yurtimizdagi barcha jurnalist va blogerlar Agentligimiz himoyasida. Ularning huquqlari buzilgani o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, albatta tegishli choralar ko‘riladi», — deyiladi AOKA axborot xizmati rahbari Hikmatilla Ubaydullayevning bayonotida.

Bloger Nurbek Alimovning fikricha, «Bu gaplarning tarkibi jinoyatdan boshqa narsa emas. Ob’ektiv bo‘lib tan olish kerak, Prezident boshchiligida Allamjonov shuncha xarakat qildi so‘z erkinligini ta’minlash, jurnalistlar va blogerlarni gapirishga ruxsat berishga. Bu personaj esa ularning ishini sabotaj qilmoqda, desak ham bo‘ladi».

Bloger Bakiroo shunday yozmoqda: «Hokimiyat odamni buzadi. Cheklanmagan hokimiyat esa odamni cheklanmagan darajada buzadi.
Pul odamni buzadi. Juda katta pul odamni tiyiqsiz darajada buzadi.
Cheklanmagan hokimiyat va juda katta pulga ega odam qanday darajada buziladi, endi tasavvur qiling».

Tvitter, Feysbuk, Instagram va Telegramda jurnalistlar va blogerlar birdamlikka chorlab, #bizitnibolasiemasmiz, #jurnalistitnibolasiemas, #iste’fo kabi heshteglar bilan yoza boshlashdi.

Telegramdagi o‘zbek blogerlari o‘z kanallari nomini yoppasiga Ortiqxo‘jayevning tahdidlarida yangragan so‘zlarga o‘zgartirishdi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Rasulova feysbukdagi sahifasida shunday yozdi: «Qayoqdagi nomard, ablah pismayib turib yozib olgan audioyozuvning bosh-ketini surishtirmasdan, izoh olmasdan, uning «tarqatuvchi»sini topmasdan turib, o‘zining saytida chiqarib yuboradigan muxbir-u jurnalistlarni nima deb atasa bo‘ladi?!»

Feysbukdagi foydalanuvchilarning bu boradagi fikrlari ikkiga bo‘lingan:

Trollar fabrikasi ishga tushgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ortiqxo‘jayevning tahdidini yoqlayotganlar asosan rus tilida yozishmoqda. Profillaridan troll ekanligi aniq kimsalarning va hokimni yoqlayotgan ayrim foydalanuvchilarning yozishmalari mazmuni deyarli bir xil: hokim shahar uchun katta ishlarni amalga oshirgan, «Toshkent siti»ni qurgan, osmonimiz musaffo, jurnalistlar esa avval uning jahlini chiqarib, pismiqlarcha ovozini yozib olib, kerakli joylarini qoldirib, montaj qilgani ta’kidlanmoqda.

Biroq, kommentlarda trollar yozishmaga ulgurmayapti. Xalq vakillari o‘zlarining bu boradagi fikrlarini bildirish uchun ketma-ket izohlar qoldirishmoqda. Ular orasida trollar hujumini payqaganlar ham bor.

Djavaxir Abdujabbarov: «Oxo, skolko feyk akkauntov ponayexali i zaщiщayut:)))»

Shi Rin: «Vatan tashvishida tarozini ushlab turish juda qiyin! Bu odamning xalqqa foydasi, ko‘pchilikni ish bilan ta’minlagani bor, lekin kim bo‘lishidan, nima ish qilishidan qat’i nazar, bu ohangda hech kim bilan gaplashishga haqqi yo‘q! Ayniqsa, davlat ishida ishlab turib qilayotgan muomala-madaniyatiga tan bermadim! Uyat, agar shu gaplarni aytgan bo‘lsa! Qani qanday chora ko‘risharkin».

Husniddin Qahharov: «Endi jurnalistlarning birortasi yo o‘g‘irlanadi yoki qo‘qqisdan o‘lib qoladigan vaqtlar kelibdi-da. Yuragida o‘ti bor jurnalistlarga chidam bersin».

Xurshid Matqurbanov: «Faqat Allohgina istagan narsasini qilishi mumkin, bandasi emas. Unaqa qilaman bunaqa qilaman, deyishning foydasi yo‘q. Allohning irodasi va xohishi bilan qila olur».

Sobirjon Xolmuminov: «Mana endi deputatlik kursilari uchun kurashayetgan partiyalardan qaysi biri bu voqeaning tagiga yetarkan, ko‘ramiz».

Oybek Mavlonov: «Oddiy odam so‘ksa yoki tahdid qilsa jazolanadi, amaldor shunday qilsa — kechirim so‘rab qutuladi. Qani adolat? Qani teng huquqlilik? Qani konstitutsiyayu qani inson huquqlari?».

O‘z-o‘zidan, ko‘pchilikka hokimning bu xatti-harakati yuzasidan surishtiruv boshlanishi va qanday chora qo‘llanishi qiziq. Ammo Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning tuhmatini tuhmat o‘laroq baholay olmayotgan shahar prokuraturasi Toshkent shahar hokimining tahdidlarini tahdid o‘laroq baholay olarmikan? Umuman, mazkur holatga xolisona baho beriladimi-yo‘qmi?

Ayni damda barcha Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bu holatga qachon va qanday munosabatda bo‘lishini kutmoqda va kuzatmoqda.

Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent shahri hokimining jurnalistlarga tahdidi internetda qanday aks-sado berdi?