Farzandning otaga mehribonligi haqida: «Otasi borlar, otangizni ehtiyot qiling» (video)

  • 17 noyabr 2019, 20:46
  • 774
  • Jamiyat
  • Farzandning otaga mehribonligi haqida: «Otasi borlar, otangizni ehtiyot qiling» (video)
    Ismim Farangiza. 23 yoshdaman. Otalar farzandlar uchun berilgan Xudoning eng yaxshi ne’mati ekanligini dadamni yo‘qotganimdan keyin tushundim. Otamning hayotimda tutgan o‘rni juda katta bo‘lgan ekan. Ulardan keyin go‘yo yuragim huvillab bo‘m-bo‘sh qolgandek...

    Dadamni oxirgi yo‘lga kuzatar ekanman, u bilan o‘tgan shirin damlarim ko‘z oldimdan birma-bir o‘tardi. Ayniqsa, dadajonimning ona qizim deb erkalashlari qulog‘im ostida tinmay jaranglab turardi.

    Bilasizmi, barcha qizlar onasiga o‘xshashni xohlasa men dadamga o‘xshashni istardim. Dadajonim ilm olishni, hunar o‘rganishni, kitob o‘qishni, bog‘ barpo qilishni yaxshi ko‘rardilar. Bolaligimda hech bir ko‘chatni mensiz ekmas edilar. Bir kuni «dadajon buncha ko‘p daraxt ekasiz, shuncha daraxtni nima qilasiz desam», dadajonim: «Eh, qizalog‘im, men daraxtlarni o‘zim uchun emas sizlar uchun, nabiralarim uchun ko‘paytiraman. Xudo xohlasa, mendan keyin rohatini ko‘rasizlar» degandilar. Hozir shu nihollar hosilga kirib ular aytganidek, akalarim, opam barchamiz huzurini ko‘rib yuribmiz.

    Ulg‘ayib o‘qishga poytaxtga ketdim va ota-onamdan yiroqlashdim. Hozir 4-bosqichda tahsil olyapman. Dadajonim qizim sen diplom olgan kuning «diplom to‘yi» qilib beraman deb ko‘p aytardilar. Afsus nasib qilmagan ekan... Ba’zida balki o‘qimasam bo‘larmidi shunda otamni mehrlariga biroz bo‘lsa-da, to‘yarmidim deb o‘ylab qolaman. Biroq haligacha dadamni yo‘qotganimga ishongim kelmaydi, xuddi yana o‘qishdan uyimizga borsam, dadam uyda har galgidek meni kutayotgandek tuyulaveradi...

    Dadam bizni hech qachon tashlab ketmaydilar deb o‘ylardim. Biroq ota-ona g‘animat ekan. Bilasizmi, bugun otamning oldida ko‘p bo‘lmaganim, unga qanchalar yaxshi ko‘rishimni aytolmaganimdan afsuslanaman. Qaniydi hayot ortga qaytsa, hammasinini aytishga ulgursam... Afsuski, endi buning sira iloji yo‘q.

    Har safar dadamni sog‘inganimda, ko‘rgim kelganida ota degan so‘zni aytish qanchalar baxt ekanligini tushunaman.

    Otasi borlar, ana shu baxtingizni, otangizni ehtiyot qiling. Har kuni yoniga boring, g‘amxo‘rlik qiling. Ularni qanchalar yaxshi ko‘rishingizni ayting. Duolarini oling. Toki imkonni boy berganingizdan keyin dunyoni ostun-ustun qilsangizda ularni topa olmaysiz...

    Rivoyat
    Bir kuni ota o‘g‘lidan: «Kim kuchli o‘g‘lim, senmi, menmi?» deb so‘rabdi. «Men kuchliman-da, ota, siz keksasiz, men yoshman», deb javob beribdi o‘g‘il. Javobdan qoniqmagan ota yana so‘rabdi: «Nima uchun sen kuchlisan?». O‘g‘il: «Axir, men o‘qiganman, ishlayapman. Istagan yumushimni qilishga imkoniyatim ham, kuch-quvvatim ham yetarli. Shuning uchun kuchliman-da», deb javob qilibdi. Bu so‘zlardan ranjigan ota o‘g‘lining yonidan uzoqlashibdi va eshik ostonasiga yetganda ortiga qayrilib yana so‘rabdi: «O‘g‘lim, so‘nggi bor so‘rayman: kim kuchli? Senmi, menmi?», «Endi men kuchsizman, Siz kuchlisiz, ota» debdi o‘g‘il. Ota uning javobidan ajablanib, sababini so‘rabdi: «Nega ikki marta so‘raganimda men kuchliman deding, uchinchi bor so‘rasam kuchsizman, deyapsan, o‘g‘lim». Shunda o‘g‘il: «Ikki bor so‘raganingizda Siz yonimda edingiz ota, endi mendan uzoqroqdasiz, shuning uchun kuchsizman», degan ekan.

    Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

    Manba: Daryo.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Farzandning otaga mehribonligi haqida: «Otasi borlar, otangizni ehtiyot qiling» (video)