16:15 / 18.11.2019
3 245

Endi hokimliklar yer uchastkasini olib qoʻyish vakolatiga ega emas

Endi hokimliklar yer uchastkasini olib qoʻyish vakolatiga ega emas
Hukumat qarori bilan Yer uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Unga koʻra:
– yer uchastkasini olib qoʻyishga zarurat tugʻilganda birinchi navbatda hokimlik yoki investor va mulkdorlar oʻrtasida OAV ishtirokida ochiq muhokama oʻtkaziladi;
– hokimlik yoki investor tomonidan dastlabki hisob-kitoblar amalga oshiriladi, shuningdek, kompensatsiya berish uchun yetarli resurslar mavjudligi oʻrganiladi;
– Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan yer uchastkasi olib qoʻyilishidagi foyda va xarajatlar oʻrganib chiqiladi, resurslar yetarli boʻlganida hamda foyda va xarajatlardan ustun kelgan taqdirda yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi. Hokimliklar yer uchastkasi olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilishga vakolatli emas;
– olib qoʻyilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasidagi koʻchmas mulklar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi;
– hokimlik yoki investor va mulkdorlar oʻrtasida kompensatsiya turi, miqdori va berish muddati kelishiladi va ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi;
– hokimlik yoki investor tomonidan mulkdorlarga kompensatsiya berish ishlari amalga oshiriladi.

Kelishilgan kompensatsiya berilmaguncha koʻchmas mulklar buzib tashlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mulkdorlarga kelishilgan kompensatsiya berilganidan soʻng:
– mulkdor tomonidan koʻchmas mulk boʻshatib beriladi;
– hokimliklar tomonidan koʻchmas mulkni buzib tashlash toʻgʻrisidagi qaror loyihasi adliya organlariga xulosa olish uchun yuboriladi;
– adliya organlari kompensatsiya berilganligi, uy-joylar amalda toʻliq boʻshatilganligi va boshqa holatlarni oʻrganadi va oʻz xulosasini hokimliklarga taqdim etadi;
– adliya organlarining xulosasi ijobiy boʻlgan taqdirdagina koʻchmas mulkni buzib tashlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi.

Olib qoʻyiladigan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarini boshqa shaxsga oʻtkazishga Kelishuv imzolanganidan soʻng tashabbuskorning yozma rozilik xati mavjud boʻlgan taqdirda yoki Kelishuv (Kelishuvda nazarda tutilgan tartibda, taraflarning roziligi bilan yoki sud tartibida) bekor qilingan hollarda yoʻl qoʻyiladi.

Buzib tashlanadigan koʻchmas mulk obyektini sotib olgan mulkdor mazkur Nizomga muvofiq tuzilgan Kelishuvdan kelib chiquvchi avvalgi mulkdorning huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi.

Yer uchastkalari olib qoʻyilishi, koʻchmas mulk obyektlarini buzib tashlash, fuqarolarni koʻchirish, shuningdek, kompensatsiyalar berishda qonun talablari ijrosini nazorat qilish prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur tartib 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Eslatib oʻtamiz, yer uchastkasini olib qoʻyish tartibini buzganlik uchun, shuningdek, ushbu tartibni buzish natijasida koʻchmas mulkka zarar yetkazganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi hokimliklar yer uchastkasini olib qoʻyish vakolatiga ega emas