Hokimlarni tayinlash ma’qulmi yoki saylash?

  • 18 noyabr 2019, 21:20
  • 985
  • Jamiyat
  • Hokimlarni tayinlash ma’qulmi yoki saylash?
    Ayni payt men yashayotgan Turkiyada hokimlar tayinlanmaydi, balki saylanadi. Shahar yoki tuman aholisi qaysi partiyaga ko‘proq ishonch bildirsa, hokimlikni o‘sha partiyaning vakili boshqaradi. Bu esa siyosiy raqobat demakdir: partiyalar xalqning – saylovchilarning ishonchini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun jon-jahdi bilan harakat qiladi, shaharni/tumanni rivojlantirish ustida bosh qotiradi, insonlarning og‘irini yengil qiladigan loyihalarni ishlab chiqadi. Saylov arafasida loyihalarini xalqning e’tiboriga havola qiladi.

    Xalqning muayyan partiyaga ishonchining ortib borishi o‘sha partiyani yuqori hokimiyat tomon eltishini anglatadi. Shuning uchun bu yerda siyosiy partiyalar faqatgina saylov arafasida emas, balki har doim faol, davlat va jamiyat hayotidagi muhim voqealarga darrov munosabat bildiradi, xullas, o‘z pozitsiyasiga ega. Aytaylik, Erdo‘g‘andan ko‘rsatma kutib o‘tirmaydi ular. Muxolifat partiyaning nomzodi prezident saylovida o‘zi qolib, raqobatchisi bo‘lgan nomzodga ovoz berib, o‘zini ham, butun boshli mamlakatni ham sharmanda qilib yurmaydi.

    Yana hokimlarga qaytsak. Turkiyada insonlarning shaxsiy tuki bilan shug‘ullanadigan soqolofob hokimlarni ham, jurnalistlarga do‘q uradigan va tahdid qiladigan hokimlarni ham hali eshitmadim. Chunki bu o‘zi mansub bo‘lgan partiyaning obro‘siga jiddiy putur yetkazadi. Qolaversa, jiddiy masalalar qolib, odamlarning soch-soqoli bilan o‘ralashib yuradigan, ya’ni fuqarolarning shaxsiy hayotiga daxl qiladigan hokimning xalqqa keragi yo‘q-da.

    Hokimning kimnidir “shessekund”da nimadir qilib yuborish bilan qo‘rqitishi yoki butun boshli xalqni haqoratlashi esa katta siyosiy mojaroning o‘zginasi. Hech bir hokim o‘zini hokimi mutlaq deb his qilolmaydi. Chunki tizim bunga yo‘l qo‘ymaydi: xalq uni qanday saylagan bo‘lsa, xuddi shunday yerga tushirib qo‘yadi.

    Xo‘sh, O‘zbekistonda ham hokimlarni saylash tizimiga o‘tish kerakmi? Menimcha, kerak. O‘tgan yillardagi tajriba shuni ko‘rsatdiki, bizda hokimlarni tayinlash tizimi o‘zini oqlamadi. Sababi juda oddiy: viloyat hokimlari prezidentga, shahar/tuman hokimlari esa viloyat hokimiga yaxshi ko‘rinishning payida. Ular “xalq nima derkin” deb emas, “tepadan gap eshitib qolmayin-da” deb yashaydi va bu ajablanarli hol ham emas aslida.

    Lekin ayni paytda hokimlarni saylash tizimiga o‘tishning mavridi emas deb hisoblayman. Besh yilda bir uyg‘onib, o‘zining hali ham borligini eslatib qo‘yadigan partiyalar bilan biror ish qilib bo‘larmikin?..

    Ubaydulloh Adhamov

    Manba: Darakchi.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Hokimlarni tayinlash ma’qulmi yoki saylash?