Toshkentdan 100 km narida Turk xoqonligi davriga oid qabriston topildi

  • 19 noyabr 2019, 19:30
  • 1 197
  • Jamiyat
  • Toshkentdan 100 km narida Turk xoqonligi davriga oid qabriston topildi
    Foto: Fanlar akademiyasi matbuot xizmati
    Toshkent shahridan 100 kilometr shimoli-sharqda VI-VII asrlarga oid Turk xoqonligi davri ko‘chmanchilarining qabristoni topildi.
    Qabriston G‘arbiy Tyanshan tog‘larining dengiz sathidan 1000 metr balandlikdagi etaklarida joylashgan.

    Ushbu qadimiy qabriston sel, qor va yomg‘irlar sababli tuproq yemirilishi natijasida ochilib qolgan bo‘lib, bu haqda arxeologlarga Toshkent xalqaro maktabi o‘qituvchisi Skot Beker xabar bergan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari bu yerga bir kunlik tezkor dala izlanishi safari uyushtirib, qabristonning geografik o‘rni, umumiy maydoni, qabrlarning shaklini o‘rgandi, ayrim yuzaga chiqib qolgan topilmalarni, shu jumladan, bir necha bosh chanoq suyagi, sopol idishlar, temirdan yasalgan xanjar, pichoq, uzangi, suvliq, bir necha to‘qa, yorg‘uchoq tosh va temir eritilgan o‘choqning devor parchasini qo‘lga kiritdi.

    Foto: Fanlar akademiyasi matbuot xizmati
    Qadimiy yozma manbalardan ma’lumki, VI asrda Qora dengizdan Tinch okeaniga qadar bo‘lgan keng maydonda Turk xoqonligi deb atalgan ulkan imperiya tashkil etilgan bo‘lib, bu davlat Markaziy Osiyodagi barcha turkiy xalqlarni markazlashgan bir siyosiy uyushmaga biriktirgan. Toshkent viloyati esa u davrda Choch deb atalib, bu ulkan siyosiy uyushmaning ma’muriy markazlaridan biri bo‘lgan. Sharqni G‘arb bilan ulab turgan tijoriy karvon yo‘llari yoqasidan o‘rin olgan qadimiy Choch, o‘zining qulay yumshoq iqlimi, yuzlab chuchuk suvli soylari, unumdor tuproqlari, keng dasht va tog‘ yaylovlari hamda yer osti boyliklari bilan ko‘plab xalqlarni o‘ziga jalb qilgan.

    Foto: Fanlar akademiyasi matbuot xizmati
    Milliy arxeologiya markazida G‘arbiy Tyanshan hududidagi ko‘chmanchi madaniyatni o‘rganish guruhi tuzilgan bo‘lib, ushbu hududda keng arxeologik izlanishlar olib borish rejalashtirilmoqda.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Toshkentdan 100 km narida Turk xoqonligi davriga oid qabriston topildi