08:27 / 21.11.2019
2 318

Saylovoldi tashviqoti nima?

Saylovoldi tashviqoti nima?
Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir.

Tashviqot qachondan boshlanadi va qachon tugaydi?
Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan boshlanadi.
Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tashviqot vaqtida nimalar taqiqlanadi?
Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi.

Tashviqot qanday shakl va usullarda olib boriladi?
Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Tashviqot:
  • ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali;
  • bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali;
  • saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Tashviqot ishlari olib borishda Saylov kodeksida taqiqlanmagan boshqa usullardan ham foydalanish mumkin.

Saylovoldi tashviqotida imkoniyatlar tengligi qanday tartibda ta’minlanadi?
Tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi.

Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to‘lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.

Tashviqot materiallari uchun qanday talablar bor?
Tashviqot materiallari O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.

Bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarida:
- tashviqot materiallarini tayyorlagan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) va u haqdagi boshqa ma’lumotlar;
- tashviqot materiallariga buyurtma bergan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi);
- tashviqot materiallarining adadi, chiqarilgan sanasi to‘g‘risidagi axborot ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar qanday tashkil etilishi kerak?
Saylovchilar bilan uchrashuvlarni o‘tkazish joyi va vaqti haqida okrug yoki uchastka komissiyasiga ma’lum qilinadi, mazkur komissiyalar bu haqda saylovchilarni oldindan xabardor qiladi.

Tegishli tashkilotlar uchrashuvlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishi shart.

Bir nomzod boshqa bir nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishi mumkinmi?
Ha mumkin. Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

Tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzganlik uchun qanday javobgarlik bor?
Saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibi nomzod, ishonchli vakil, siyosiy partiya vakili yoki mansabdor shaxs tomonidan buzilishi 1 mln 561 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Eslatma: tashviqot davomida noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Saylovoldi tashviqoti nima?