11:20 / 21.11.2019
3 114

Toshkentda yangi institut tashkil etilmoqda

Toshkentda yangi institut tashkil etilmoqda
Prezident tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra, Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Belarus milliy texnika universiteti, Respublika kasb-hunar ta’limi instituti (Belarus Respublikasi) va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Toshkent shahrida Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Institutning asosiy faoliyat yo‘nalishlari va vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
  • xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida respublika sanoat tarmoqlarining eng muhim ilmiy-ishlab chiqarish masalalarini hal eta oladigan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash;
  • oliy va kasb-hunar ta’limining zamonaviy ta’lim dasturlari va shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini tatbiq etish;
  • bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga muvofiq yangi o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yaratish orqali o‘quv-uslubiy ishlar sifati va darajasini oshirish;
  • ta’lim va fanning uzluksizligi va uzviyligi hamda jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalashish hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • ilmiy-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalar va ta’lim usullarini faol takomillashtirish;
  • ishlab chiqarish tizimlarida tejamkorlik, ishonchlilik va barqaror faoliyatni oshirishga yo‘naltirilgan, mashinasozlik, mexanika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, biotexnologiya, metrologiya va standartlashtirish hamda sanoat ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlarida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
  • ta’lim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasi uchun sharoitlar yaratish;
  • ta’lim va ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Belgilanishicha:
- Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Institutning ta’sischisi, Belarus milliy texnika universiteti va Respublika kasb-hunar ta’limi instituti (Belarus Respublikasi) Institut faoliyatini tashkil etish ishtirokchilari hisoblanadi;
- Institut O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lib, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklidagi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
- Institut oliy malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi;
- Institut o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiradi;
- Institutning ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi;
- Institutga abituriyentlar, tadqiqotchilar va tinglovchilarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda ta’sischi va ishtirokchilar tomonidan o‘rnatilgan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
- Institutdagi ta’lim O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq ta’sischi va ishtirokchilar tomonidan tasdiqlangan ta’lim dasturlari bo‘yicha rus tilida amalga oshiriladi;
- Institut bitiruvchilariga ta’lim yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Belarus milliy texnika universitetining oliy ta’lim to‘g‘risida belgilangan namunadagi diplomi topshiriladi;
- qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini o‘zlashtirgan tinglovchilarga O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan Belarus Respublikasining o‘rnatilgan namunadagi hujjatlari (kasb bo‘yicha malaka razryadi berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, oliy ta’lim darajasida qayta tayyorlash to‘g‘risidagi diplom, malaka oshirganligi to‘g‘risida guvohnoma) topshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga 2021 yilda Navoiy shahrida Institutning sanoatning ustuvor yo‘nalishlari, injiniring, texnologiyalar va IT-dasturlash bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan filialini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda yangi institut tashkil etilmoqda