11:33 / 22.11.2019
3 361

“Sababsiz signal berish odatini yengish mumkinmi?” - IIBB haydovchilarga taklif bilan chiqdi

“Sababsiz signal berish odatini yengish mumkinmi?” - IIBB haydovchilarga taklif bilan chiqdi
Oʻzbekistonga ilk bor tashrif buyurgan chet elliklar “Yoʻllaringizda namuncha shovqin!”, deb ajablanadi. Avtomobil boshqarganda esa toʻxtovsiz “bip-bip”dan fikrni bir joyga jamlash juda qiyin deydilar, deb yozmoqda Toshkent shahar IIBB.

Maʼlum bir davlat aholisining madaniyatini haydovchilariga qarab bilib olish mumkin.

IIBBning yozishicha, bizdagi aksariyat haydovchilarning harakatlarida hovliqish, agressivlik, oʻzaro hurmatsizlik sezilib turadi. Ajablanarlisi shundaki, ushbu fakt koʻplab haydovchilarning oʻzi uchun ham noqulaylik tugʻdiradi, ular holatni oʻnglash niyatida, ammo nimadir xalal qiladi. Tinmas shovqindan noroziliklar tufayli shaharda bir qator hammaga yoʻl berib, oʻnga burilish mumkinligini anglatuvchi yoʻl belgilari oʻrnatildi, chunki yaqin atrofdagi uylarda yashovchi aholi uchun shovqinlar haqiqiy azobga aylandi. Haydovchilar kaftlari bilan rulning oʻrtasini bosib, natijada oʻzlari uchun noqulaylik tugʻdirishlarining misollaridan biri shudir.

Bildirilishicha, Telegramʻdagi guruhlarning birida “NAVIGATOR” taxallusi ostidagi ishtirokchi quyidagi xabar qoldirgan: “Men qishda Rostovda 5 kun boʻldim. Har kuni meni bir kishi ishlarim boʻyicha mashinasida olib yurardi. 3-kuni hayolimda bir fikr oʻrnashib qoldi, xuddi nimadir yetishmayotgandek. Nimaligini tushuna olmasdim. Shu onda yon tomondagi mashina signal berdi. Hayron qoldim. Uch kun davomida signal ovozini eshitmagan ekanman. Umuman”.

Bir nechta ishtirokchilar muhokamaga qoʻshilishib, shaxsiy kuzatuvlari bilan oʻrtoqlashgan: “bizdagilar bekorga antiqa signallarni qidirishmaydi, malibu, karnay-surnay!”, “Singlim RFda yashaydi, mehmonga kelganida u ham shu haqida gapirgandi. Aytishicha, agar ular tomonda sababsiz signal bersa, kaltak yeb qolish ham mumkin ekan!”. Boshqa bir ishtirokchi: “Svetoforda turgandik, yashil yonib qoldi. Oldinda turgan avtomobil yurmayapti. Signal ber dedim. Yoʻq, keyin bita bilan chiqadi, men esa old oynani almashtirishga majbur boʻlaman, dedi”.

“Albatta, biz bezorilikni maʼqullamaymiz. Ammo boshqa yurtlarda haydovchilarning oʻzlari boshqalardagi signal berish ishtiyoqini soʻndira olishlarini guvohi boʻlmoqdamiz. Avvalambor – ijtimoiy qoralash, bu tarzda boshqalar uchun noqulaylik keltirib chiqarish tarbiyasizlik ekanligini muntazam ravishda eslatib turish orqali”, - deb yozadi IIBB matbuot xizmati.

Birinchi sharh muallifi davom etadi: “Odamlar signal berishmaydi. Koʻchalar tor. Koʻpi bilan ikki yoʻlakli. Birinchisidan ikkinchisiga oʻtoqchi boʻlganingda “povorotnik”ni yoqsang, darhol oʻtkazib yuborishadi. Odamlardagi haydovchilik madaniyati oʻzgacha. Nima uchun signal berishmaydi deb soʻradim. “Nima zarur?” – dedi haydovchim. Bizda esa sabab boʻlsa-boʻlmasa erinmasdan signal berishadi.”.

Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 127-moddasiga muvofiq, tovush signalini sababsiz berish eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni oʻrnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini koʻrish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga toʻsqinlik qiladigan turli ashyolar oʻrnatish va qoplama surtish – ana shu qurilmalarni musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

“Haydovchilarimizdagi maqsadsiz signal berish odatini yengish mumkinmi? Bizning shahrimizda tovush signalidan – yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilari bilan oʻziga xos tezkor aloqa vositasidek foydalanishadi. Bu shunchalik darajada odat tusiga kirganki, hatto signallardan charchagan inson ham oʻzi bilmagan holda signal beradi”, - deyiladi IIBB maʼlumotida.

Yoʻl harakati qoidalarining 48-bandiga muvofiq: “Tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda qoʻllanilishi mumkin: aholi punktlaridan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib oʻtish haqida ogohlantirish uchun; zarur boʻlgan hollarda yoʻl-transport hodisasining oldini olish uchun”. Bizda esa nima sababdan boʻlar-boʻlmasga signalni qoʻllashadi? Aslida juda xavfli madaniyat shakllanib ulgurgan – signallar shunchalik odatiy boʻlib qoldiki, baʼzida, kun oxirida charchash oqibatida biz ularni odatiy tovushdek qabul qila boshladik. Shunday vaziyatda sizni gʻildiragingiz havo yoʻqotayotgani, yukxona ochiqligi, avtomobilingizning davlat raqami yoki yukingiz tushib ketganligi haqida, yoki stop-signalingiz ishlamayotganligi haqida ogohlantirmoqchi boʻlishlari mumkin.

“Toshkent haydovchilariga oʻzlarini sinab koʻrishni taklif qilmoqchimiz: bir kun davomida biror marta ham sababsiz signal bermaslik qoʻlingizdan keladimi? Faqat sabablarga jiddiy munosabatda boʻlib, avariyaviy holatlarni oʻzingiz keltirib chiqarmasligingiz sharti bilan.

Oʻzingizni sinab, yoʻllardagi holatni nazorat qilib koʻring va muhokamaga qoʻshiling: ushbu muammoni hal qilish muhimmi va qaysi yechim eng afzal hisoblanadi?” - deya yozadi IIBB matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Sababsiz signal berish odatini yengish mumkinmi?” - IIBB haydovchilarga taklif bilan chiqdi