00:16 / 23.11.2019
4 047

Yangi yildan hokimliklarning yana bir vakolati bekor qilinadi

Yangi yildan hokimliklarning yana bir vakolati bekor qilinadi
2020 yilning 1 yanvaridan boshlab yer uchastkasini olib qo‘yishga zarurat tug‘ilganda hokimlik yoki investor va mulkdorlar o‘rtasida ochiq muhokama o‘tkaziladi. Bunda OAV vakillari ishtirok etishi shart. Shuningdek, hokimliklardan yer uchastkasi olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror qabul qilish vakolati bekor qilinib, bu Xalq deputatlar Kengashiga o‘tkazilmoqda. Bu haqda bugun, 22 noyabr kuni Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 911-sonli qarori bilan Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, yangi yildan hokimlik yoki investor tomonidan dastlabki hisob-kitoblar amalga oshiriladi, kompensatsiya berish uchun yetarli resurslar mavjudligi o‘rganiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan yer uchastkasi olib qo‘yilishidagi foyda va xarajatlar o‘rganib chiqiladi. Resurslar yetarli bo‘lganida hamda foyda xarajatlardan ustun kelganda yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

«Olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasidagi ko‘chmas mulklar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi. Hokimlik yoki investor va mulkdorlar o‘rtasida kompensatsiya turi, miqdori va berish muddati kelishiladi hamda ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi. Kelishilgan kompensatsiya berilmaguncha ko‘chmas mulklar buzib tashlanishi va olib qo‘yilishiga aslo yo‘l qo‘yilmaydi.

Mulkdorlarga kelishilgan kompensatsiya berilganidan so‘ng, mulkdor tomonidan ko‘chmas mulk bo‘shatib beriladi, hokimliklar ko‘chmas mulkni buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini adliya organlariga xulosa olish uchun yuboradi, adliya organlari kompensatsiya berilganligi, uy-joylar amalda to‘liq bo‘shatilganligi va boshqa holatlarni o‘rganib, o‘z xulosasini hokimliklarga taqdim etadi.

Adliya organlarining xulosasi ijobiy bo‘lgan taqdirdagina ko‘chmas mulkni buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi.

Mazkur tartib egalik qilish, doimiy yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etiladi, mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan esa tatbiq etilmaydi», — dedi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Tilyayev.

Alohida qayd etish joizki, Yer uchastkalari olib qo‘yilishi, ko‘chmas mulk ob’ektlarini buzib tashlash, fuqarolarni ko‘chirish, shuningdek, kompensatsiyalar berishda qonun talablari ijrosini nazorat qilish prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi yildan hokimliklarning yana bir vakolati bekor qilinadi