21:37 / 01.12.2019
9 160

Shayx Muhammad Sodiq Muhamad Yusuf hazratlarining hayotidan latoyiflar

Shayx Muhammad Sodiq Muhamad Yusuf hazratlarining hayotidan latoyiflar
Rahmatli shayx hazratlarining muxlislaridan biri mehmonga chaqiribdi.
O‘rdak ovlagan ekan...

O‘sha kezda vodiydan ayrim ilm ahllari ham ushbu mehmondorchilikka tashrif buyurishibdi. Ovlangan o‘rdaklar pishguncha o‘zaro suhbat, savol-javoblar asnosida hazratning yonida o‘tirgan vodiylik mehmon norozi kayfiyatda hammaga eshittirib so‘z qotibdi:
- Taqsir! Bizga ayrim gaplaringizni aytib borishyapti, o‘sha gaplaringiz mazhabga muvofiqmas-ku?

Oraga sovuq jimlik cho‘kibdi. Hamma, endi nima javob bo‘larkin, degandek shayxga tikilibdi.
- Bizga ham sizning gapingiz, deb har xil gaplarni aytib kelishadi. Faqat biz Toshkent bilan vodiyning orasida tog‘ bor, gapning yarmi yo‘lda tushib qolgan bo‘lsa kerak, deb indamay qo‘ya qolamiz, - debdilar u kishi.

Javobning salobatidan haligi domla g‘alati ahvolda qolibdi. Boshqalarning yuziga esa iliq tabassum yuguribdi...
Pishgan o‘rdak dasturxonga tortilibdi.

Haligi domla o‘rdak go‘shtidan bir luqma og‘ziga solibdi. Go‘shtning ichida o‘qning zoldiri qolib ketgan ekanmi, domlaning og‘zidan «Qars!» etgan ovoz chiqibdi...

Hamma domlaga qarabdi. Shayx miyig‘larida kulib:
- Ha domla, o‘q yedingizmi?, - debdilar...

Domla tishini ushlab, boshini sarak-sarak qilib:
- Yedim, taqsir, yedim, - debdi...

«Hamma ham sizga o‘xshaganda...»
Rahmatli shayx hazratlari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasiga muftiy bo‘lgan kezlari.

Huzurlariga rahbarlardan biri kelibdi va suhbat asnosida hazil aralash:
- Hazrat, bizga ellik million so‘m berib turing!, - debdi.

Ellik million o‘sha davrda juda katta mablag‘ hisoblanardi...
- Bizda uncha pul yo‘q!, - debdilar Hazrat.
- Masjidlarda pul ko‘p, deyishadiku?!, - yana «hujum»ni davom ettiribdi rahbar.

Hazrat u kishidan:
- Nechchiga kirdinggiz?, - deb so‘rabdilar.
- Ellik uchga.

- Shu kungacha masjidga qancha pul bergansiz?
- Rostini aytsam bir so‘m ham bermaganman.
- Hamma ham sizga o‘xshaganda!, - debdilar Hazrat rohimahulloh.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ayrim noo‘rin savollarga ajoyib javoblari:

– Shayx hazratlari, bahorda laylak pasayib uchsa, nima bo‘ladi?
– Laylak pasayib uchgan bo‘ladi.

– Shayx hazratlari, Qur’onda sumalak xaqida biror narsa yozilganmi?
– Qur’oni Karim pazandachilik kitobi emas, u insoniyatni hidoyatga boshlovchi kitob!

– Shayx hazratlari, anjir daraxtini yoqsa bo‘ladimi?
– Bo‘ladi, yaxshi yonadi!

– Odam kiyib yuradigan ishtonini yostig‘ini ustiga qo‘yib yotsa nima bo‘ladi?
– Nima bo‘lardi, sal baland bo‘ladi!

– NIKE krassovka kiysam bo‘ladimi?
– Razmeri to‘g‘ri kelsa, kiying!

– Shayx hazratlari, hozirda bosh urishtirib ko‘rishish urfga kirdi, bu mumkinmi?
– Ha, yorilmasa mumkin!

– Shayx hazratlari, chet eldagi madrasalarda, masalan, Turkiyada ta’lim olib kelsa bo‘ladimi? Kelgandan keyin myammo bo‘lmaydimi?
– Bo‘ladi

– Shayx hazratlari, xaloda kesak bilan poklanib kesakni hojatxonaga tashlasa nima bo‘ladi?
– Shalob, degan tovush chiqadi!

– Shayx hazratlari, Chechenistondan keltirilgan kosaga nima deya olasiz?
– Kosa keltirildi deya olaman!

– Shayx hazratlari, nima uchun bizni mazhabimiz hanafiy mazxabi?
– Imomimizning nomlari abu Haniyfa bo‘lgani uchun!

– Shayx hazratlari, Rim papasi nega musulmonlardan uzr so‘ramadi?
– Buni o‘zidan so‘rash kerak!

– Shayx hazratlari, men baliq tutishni yaxshi ko‘raman, ilmoqqa chuvalchangni tiqish gunohmasmi?
– Yo‘q, gunohmas, lekin birovlarni vaqtini olish gunoh!

– Shayx hazratlari, tarvuzni sotib olayotganda uning sifatini bilish uchun chaqmolatib olsa ,bo‘ladimi?
– Ha bo‘ladi, faqat uyga olib borgunizcha suvi oqib ketadi!

Ulug‘ ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhamad Yusuf hazratlarini Alloh o‘z rahmatiga g‘arq qilsin! Amiyn...

Abdulvohid Zabihulloh tayyorladi

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shayx Muhammad Sodiq Muhamad Yusuf hazratlarining hayotidan latoyiflar