17:06 / 07.12.2019
2 113

Sodiq Safoyev: «Yangi maqsadlarga eski tizim bilan erishib bo‘lmaydi»

Sodiq Safoyev: «Yangi maqsadlarga eski tizim bilan erishib bo‘lmaydi»
6 dekabr kuni O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida «O‘zbekistondagi islohotlar va parlament saylovlari» mavzusida media anjuman bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining Angliya poytaxtidan xabar berishicha, anjumanda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Said Rustamov, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori va parlament deputati Eldor Tulyakov, Buyuk Britaniyaning Yevropa va Amerika mintaqalari bo‘yicha sobiq vaziri ser Alan Dunkan spiker sifatida qatnashdi.

Spikerlar bo‘lajak saylovlarning ahamiyati haqida to‘xtalgach, britaniyalik siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javob qaytardi.

«O‘zbekiston parlamenti hukumatni tanqid qilayotgani haqida bir necha marta gapirib o‘tdingiz. Hukumat aynan qanday sabablar tufayli tanqid ostiga olinayotganini ham ayta olasizmi?» deya berilgan savolga senator Sodiq Safoyev javob berdi.

«Boshqalar haqida gapirmoqchi emasman, o‘zim o‘tgan hafta parlamentda nutq so‘zlagandim. Unda, qisqa qilib aytganda, hukumat konseptual nuqtayi nazarga ega emasligini ta’kidladim. Ular har kuni 20 soatlab ishlashyapti, lekin bu harakatlarning zamirida uzoq muddatli strategiya yo‘q. Ular haligacha hukumat tizimini zamonaviy jamiyat talablariga mos qilib o‘zgartira olishgani yo‘q.

Men avvalo shuni aytdimki, yangi siyosat, yangi maqsadlarni eski tizim bilan hayotga tatbiq etib bo‘lmaydi. Tizimni o‘zgartirish kerak.

Misol uchun, nega biz hali hamon haqiqiy xususiylashtirishni amalga oshira olmayapmiz? Nega bank tizimimizning 84 foizi davlatga tegishli bo‘lib qolmoqda? Nega monopoliyalar buncha ko‘p? Yirik korxonalarni xususiylashtirish masalasi nima bo‘lyapti?

Bundan tashqari, hukumatni fiskal markazlashtirilgan tizimdan chiqarish yaxshi ishlamayotganini ham savol ostiga qo‘ydim. Ular mahalliy hokimliklarni ko‘proq soliq yig‘ish uchun rag‘batlantirishyapti, lekin shu bilan bir paytda hokimliklarning mahalliy byudjetni idora qilishdagi mustaqilligiga to‘siq bo‘ladigan u yoki bu dasturlarni ham joriy etishyapti.

Xullas, shu va boshqa masalalarga to‘xtalib o‘tdim. Bu birinchi martasi emas. Undan avvalgi nutqim mahalliy va xorijlik investorlarning huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan edi. Buning hammasini aytib o‘tirmoqchi emasman, muhimi – bu masalalar nafaqat parlamentda, balki undan tashqarida ham ochiq-oydin muhokama etilayotgani.

Shunday ekan, menga ishoning, tanqidlar bo‘lyapti va meni xursand qilayotgani – hukumat bu tanqidlarga reaksiya bildirmoqda. Parlamentda biror qaror qabul qilinsa yoki tavsiya berilsa, ular yuzasidan ish olib borilmoqda. Biz avval qabul qilgan qarorlarimiz ijrosi qay ahvolda ekanini ham kuzatib boryapmiz», – dedi Safoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sodiq Safoyev: «Yangi maqsadlarga eski tizim bilan erishib bo‘lmaydi»