Endi hokimlar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni olib qoʻya olmaydi

  • 09 dekabr 2019, 00:12
  • 1 024
  • Jamiyat
  • Endi hokimlar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni olib qoʻya olmaydi
    Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilishdagi maʼruzasida yangi yildan hokimlarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni olib qoʻyish boʻyicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga berilishini maʼlum qildi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz maʼruzasida mulk huquqi daxlsizligi masalasini koʻtarib, Konstitutsiyada inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida mujassam etilganini taʼkidladi hamda bu prinsipni amalga oshirish uchun bajarilishi kerak boʻlgan muhim vazifalarni sanadi.

    «Fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan mulk huquqi daxlsizdir va doim davlat himoyasida boʻladi.

    Biz oʻtgan yillar davomida tadbirkorlik yoʻlidagi ortiqcha cheklovlarni bartaraf qilish, ularning faoliyatiga davlat idoralarining noqonuniy aralashuvini qatʼiy cheklash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, korrupsiyaga yoʻl ochib berayotgan yer ajratish amaliyoti tubdan isloh qilindi. Bu jarayon endilikda yer ajratish elektron tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

    Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab hokimlarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni olib qoʻyish boʻyicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga beriladi. Bu oʻzgarish ham mulk daxlsizligini taʼminlash yoʻlidagi jiddiy qadamlardan biridir.

    Bundan tashqari, yerni olib qoʻyish va kompensatsiya toʻlashning yangi tartibi, yer faqat mulk egasining roziligi bilan olinishiga oid qoidalar joriy qilindi. Shu bilan birga, mulk daxlsizligi toʻgʻrisidagi qonunlarga amal qilmagan mansabdor shaxslarga nisbatan, ular qanday lavozim egasi boʻlishidan qatʼi nazar, javobgarlik kuchaytirildi.

    Shuningdek, kompensatsiya miqdori toʻgʻrisida taraflarda kelishmovchilik vujudga kelsa, endi bunday holatlar faqat sud yoʻli bilan hal etiladi.

    Maʼlumki, shu paytga qadar hokimlar yerdan foydalanish huquqini beradigan qarorlarni oʻzlari qabul qilar, vaqti kelganda esa, ularni oʻzlari bekor qilishi ham mumkin edi. Endi ana shu vakolatni cheklashning fursati yetdi. Chunki bunday vakolat faqat hokimga berilishi turli adolatsizliklarga sabab boʻlishini koʻp misollar koʻrsatmoqda. Bunday masalalar endi faqat sud tartibida hal qilinadi.

    Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik subyektlarining mulkiy huquqlarini noqonuniy cheklash bilan bogʻliq holatlar aniqlangan taqdirda, unga tadbirkor manfaatlarini koʻzlab sudga murojaat qilish huquqini berish lozim.

    Sohada ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash uchun hokimlarning fuqarolarga yer berish haqidagi qarorlarini tegishli saytlarda eʼlon qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish kerak.

    Biz jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqi kafolatlarini taʼminlash maqsadida xalqaro andozalarga javob beradigan islohotlarimizni bundan buyon ham qatʼiy davom ettiramiz.

    Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun biz hayotimizning barcha jabhalarida konstitutsiyaviy nazoratni kuchaytirishimiz zarur. Bu esa pirovard natijada inson huquq va erkinliklarini, uning shaʼni, qadr-qimmati, mol-mulkining daxlsizligini saqlash, fuqarolarning mehnat qilish, taʼlim olish, tibbiy yordamdan foydalanish kabi eng asosiy huquqlarini toʻla taʼminlash imkonini beradi», deydi davlat rahbari.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Endi hokimlar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni olib qoʻya olmaydi