09:58 / 09.12.2019
3 561

Marg‘ilonlik “Pupuuup tog‘a” hajga bordi

Marg‘ilonlik “Pupuuup tog‘a” hajga bordi
Suratdagi otaxonni marg‘ilonliklar juda yaxshi taniydi. Men ham esimni tanibmanki, mahallaga "Pupuuup" deb kelib, yosh bolalarning ko‘nglini ovlab, arzimagan pulga pichoq, o‘roq va boshqa ro‘zg‘or anjomlarini charxlab ketadigan charxchi tog‘a. Asli ismlari G‘anijon, ammo marg‘ilonliklar u kishini “Pupuuup tog‘a” deb aytishadi.

G‘anijon ota — ajoyib kashfiyotlar egasi. Otaxon “Ural” rusumli velosipedini bir zumda mexanik yo‘l bilan charxlovchi apparatga aylantirardi. Velosipedini minib, mahallaga kelar, ikkita maxsus qoziq bilan velosipedni turg‘izib, rulga charxni ular, velosiped zanjirini charxga tortib aylantirardi.

U kelishi bilan mahalla bolalari tog‘ani o‘rab olar, otaxon goh "pupuuup" qilib, goh shirin so‘zlar bilan bolalarning ko‘ngliga yo‘l topardi. Bir zumda uning kelgani xabari mahallaga tarqalib, odamlar pichoq, chopqi, qaychilarini olib chiqar, otaxon nozik harakatlar bilan ularning tig‘ini o‘tkirlab berardi. Odatda narx belgilamas, odamlar qancha berishsa, rozi bo‘lib olaverardi.

1995 yil. Yurtimizda diniy erkinliklar keng quloq yoygan. Masjidlar ochilgan, deyarli hamma diniy ta’lim olardi. Mahallamizdan uchta oila shaxsiy avtomashinasida Hajga ham borib kelgandi. G‘anijon tog‘a ham mahallaga kelmay qo‘ydi. Ancha vaqt o‘tgandan keyin uni ko‘rib, xursand bo‘ldim:

— Tog‘a, nega kelmay qo‘ydingiz? Xafa qildikmi?
— Yo‘g‘-yey, nega xafa bo‘laman?! Safarda edim.
— Zo‘r-ku, qayerga bordingiz?
— Velosipedimda Hajga bormoqchi edim, Eron chegarasidan qaytarishdi...

Otaxonning dardi ichida edi. “Hajga borishga pulim yo‘q, velosipedda borsam deyarli pul ketmas ekan”, derdi. Yo‘l bo‘yi pichoq charxlab tirikchilik qilib ketgani, safar azoblarini hikoya qilib berdi. "Mayli, tog‘a, keyingi safar o‘tkazib yuborishar" deya dalda bergan bo‘ldim.

G‘anijon tog‘a mahallaga kelmay qolsa, u yana Hajga ketibdi, degan gaplar tarqalardi. Keyinchalik uning velosipedda yana yo‘lga chiqqani, bir safar Turkiyadan, oxirgi marta esa Turkmaniston chegarasidan qaytarishgani haqida eshitdik.

O‘tgan yili Ramazonda "Marg‘ilonliklar" guruhida G‘ani tog‘aning rasmini joylashdi. Hali ham Baytullohga yetisholmaganini aytgan edi. Kechagi hafta xushxabar keldi — Charxchi tog‘aning yarim asrlik orzui ro‘yobga chiqibdi. Baytullohning ziyorati nasib etibdi. Xursand bo‘ldim.

Umrangiz qabul bo‘lsin G‘ani tog‘a! Umringiz uzoq bo‘lsin!
Kazo-kazolar davrini surib o‘tib ketaveradi. Xalqning xotirasida esa mana shunday oddiy insonlar qoladi!

Davronbek Tojialiyev

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Marg‘ilonlik “Pupuuup tog‘a” hajga bordi