17:43 / 14.12.2019
3 182

Mustabid sovet tuzumi davrida G‘ijduvoniy va Naqshbandni ziyorat qilishni to‘xtatish buyurilgandi

Mustabid sovet tuzumi davrida G‘ijduvoniy va Naqshbandni ziyorat qilishni to‘xtatish buyurilgandi
Uzoq o‘tmishda, Sovet hokimiyati davrida yurtimizda masjid va madrasalar omborxonalarga aylantirilgan edi. Xususan, o‘sha vaqtlarda Abduxoliq G‘ijduvoniy va Aziz Bahouddin Naqshband ziyoratgohlariga ham sovetlar tomonidan huruj bo‘lgan.

O‘zSSR Ministrlar Sovetining 1960 yil 14 martdagi 220-son «O‘zSSR Vazirlar Kengashi huzuridagi moddiy madaniyat yodgorliklarini himoya qilish qo‘mitasiga Buxoro viloyatidagi bir qator yodgorliklarni qaytarib berish to‘g‘risida» qarori qabul qilingandi. (O‘zarxiv. Fond-1206, Ro‘yxat(op)-1, yig‘majild-30, varaq-80).

Qaror ijrosi ko‘p kuttirilmadi. Unga binoan, ishchi-deputatlari Buxoro viloyat kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan 1960 yil 23 martdagi 6p.166-son qaror qabul qilindi. Ushbu qarorning 3-bandida «muqaddas joylar» yopilgandan keyin tuman ijroiya qo‘mitalariga (rayispolkomlarga) Abduxoliq G‘ijduvoniy va Aziz Bahouddin Naqshband maqbaralarini ziyorat qilishni to‘xtatish» uchun mahalliy organlar orqali barcha choralarni ko‘rish buyurildi.

Ammo xalqimiz o‘z tarixini unutmadi. O‘zbekiston Mustaqillikka erishgandan so‘ng ushbu qadamjolar obod qilindi.

Ma’lumot uchun:
Bahouddin Naqshband rahimahulloh Buxorodan 12 km uzoqlikda Kasri Orifon shahrida dafn etilgan. U Temurning ma’naviy ustozi bo‘lgan va Makkaga 32 marta haj qilgan.

Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi besh yuz yil mobaynida shakllandi. Uning ilk tarixi to‘g‘risida ma’lumotlar juda oz. Bahouddin Naqshband qabrlari oldidagi dastlabki binolar, taxminan hazrat vafotlaridan keyin qurilgan. Me’moriy-arxeologik tadqiqotlar davrida ilk binolarning qoldiqlari va asoslari topildi. Bahouddin Naqshband vafotlaridan ko‘p o‘tmay hazrat maqbaralarining g‘arbiy tomonida qabriston paydo bo‘lib, unda hazratning murid-muxlislari dafn qilina boshlagan.

Keyinchalik bu yerda Buxoroning hukmron sulola vakillari dafn qilinadigan «Daxmai shohon» tashkil topgan. XV asr oxirida Bahouddin Naqshband qabrlari ustiga daxma qurilib, u marmar qoplama va o‘lchamlari bo‘yicha bir-biriga mos keladigan go‘zal naqshinkor marmar panjara bilan bezatilgan. XVI asr birinchi yarmida shayboniy Abdulazizxon (1540-1590) buyrug‘i bilan Bahouddin Naqshband qabrlari atrofi hazira bilan o‘rab olinadi, uning shimoliy-g‘arbiy burchagida esa hijriy 951 (milodiy 1545) yillarda xonaqoh barpo etiladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mustabid sovet tuzumi davrida G‘ijduvoniy va Naqshbandni ziyorat qilishni to‘xtatish buyurilgandi