22:00 / 15.12.2019
2 749

O‘zbekistonda g‘oyalar kasodga uchradimi?

O‘zbekistonda g‘oyalar kasodga uchradimi?
Ko‘pincha, biror siyosatchi yoki mansabdorning ziddiyatli bayonoti matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilikdan keskin munosabatga uchraganida raddiya o‘rnida “so‘zlar kontekstdan yulib olingan” deb raddiya beriladi.

Uzreport.tv'ning jonli efirida Milliy tiklanish DP Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijdagi mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish haqidagi savolga shunday javob berdi:
“O‘zini hurmat qiladigan kishi -50 daraja sovuqda 50 dollar tejash uchun uzoq yo‘lga avtobusda chiqmaydi”.

Janob Qodirovning bu chiqishidan iqtibosni o‘qib, to‘g‘ri kontekstni qidira boshladim va...
- “Nurab ketgan ijtimoiy muassasalar binolari va aholi turar joylarini kapital ta’mirlash, chirib ketgan energetika va isitish infratuzilmalarini yangilash, yo‘l va ko‘priklarda qurilish ishlari mehnat kuchlari bilan ta’minlansa ham;
- Xorijiy va mahalliy sarmoyalar hisobiga tashkil etilgan ko‘plab katta zavod va fabrikalarni ishchilar bilan ta’minlab bo‘lsa ham;
- Agrasanoat sohasida fermerlar mustaqil ish o‘rinlarini tashkil qilsalar ham;
- O‘rta va kichik tadbirkorlik bilan mashg‘ul bo‘lganlar soni oshib, ular yaratgan ish o‘rinlari to‘ldirib tashlangan bo‘lsa ham;
- Yoshlarimiz IT startaplar va halqaro dasturlar ta’minoti autsorsida mashg‘ul bo‘lib ketishsa ham;
- Davlat tibbiy, ilmiy, ta’lim, injener va boshqaruvchi mutaxassislari tayyorlanib, ular joylariga tayinlansa ham...
...ish bilan band bo‘lmagan aholi qatlamining katta qismi qolyapti va ularning mehnatlarini samarali eksport qilish yo‘llarini izlayapmiz” deganga o‘xshagan kontekstni kutgan edim, yoki hech bo‘lmasa shunga omil bo‘ladigan rejalar, qonun loyihalari va amaliy g‘oyalarni uchratsam kerak deb o‘ylovdim.

Lekin afsuski, o‘rniga “O‘zbekiston yaqin 20 yilda o‘z mehnat resurslarini ish bilan to‘liq ta’minlaydi desak, bu yolg‘on gap bo‘ladi. Biz o‘zimizni aldayotgan bo‘lamiz. O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlarining o‘sish sur’atlari hamda mehnat resurslari, aholining ko‘payish darajasi bir-biriga mutanosib emas”, degan uzil kesil “hukmni” o‘qidim. Uning ustiga yana muammolar yechimi maktab o‘qituvchilarida topilibdi. Yaxshiyam o‘qitivuvchilar bor. Biron masalaga tizimli yechim taklif qila olmasang, darrov maktab tarbiyasidan gapir!

Parlamentlararo hamkorlik haqida aytilibdi. Qaysi parlamentlar bilan muntazam ish haqida gap ketyapti? Yevroparlamentmi? AQSh Kongresimi?

O‘zbekiston mehnat muxojirlariga nisbatan Rossiyada adolatsizliklar haqida xozirning o‘zida gapirishdan nima to‘sqinlik qilyapti? Hozirning o‘zida Rossiyada huquqlari toptalayotgan mehnat migrantlari yuzasidan Tashqi ishlar vazirligidan zudlik bilan diplomatik choralar ko‘rilishi, bayonotlar qilish haqida talabdan nima to‘syapti? Buning uchun saylov o‘tishi kerakmi? Hozirning o‘zida Rossiya Dumasiga murojaat bilan chiqishdan nima to‘syapti? Shu vaqtgacha qilinmagan ishni 22 dekabrdan keyin qoyillatib bajarishlariga mutlaqo ishonish qiyin.

Menimcha, ko‘pgina partiya rahbarlarida sabab-oqibat tahlil qilish (root-cause analysis) tizimi umuman yo‘lga qo‘yilmagan, shu asosda taklif qilinayotgan g‘oyalar beso‘naqay, xom va kulgili eshitiladi. Eng ayanchlisi, ular O‘zbekistonning yaqin yillarda jadal taraqqiyot yo‘liga tushib ketishiga ishonchi yo‘qligi sezilib qoldi.

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda g‘oyalar kasodga uchradimi?