22:30 / 16.12.2019
3 430

Samarqandda bir yil ichida 5 mingdan ortiq rasmiy nikohsiz yashayotgan oilalar aniqlandi

Samarqandda bir yil ichida 5 mingdan ortiq rasmiy nikohsiz yashayotgan oilalar aniqlandi
Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, senator Gavhar Alimova O‘zA’ga bergan intervyusida xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish, oiladagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi yutuqlar va kamchiliklar haqida gapirdi.

«2018—2019 yillarda viloyatimizda 5 mingdan ortiq sha’riy nikoh bilan yashayotgan oila aniqlandi. Hozirda ularning 4 mingtasi FHDYOdan o‘tkazildi. 300 yaqin fuqaro qonuniy nikohdan ajrashmagan bo‘lsa-da, boshqa oila qurgan.

Bunda ular tibbiy ko‘rikdan ham o‘tmay oila qurgan. O‘ylab ko‘ring, yigit yoki qiz har xil, jumladan, yuqumli kasalga chalingan bo‘lishi ham mumkin. Yaqinda bir ayol yig‘lab keldi, sha’riy nikoh bilan turmushga chiqib, eridan sil yuqtirgan. Yana bir ayolni o‘rgandim. Turmush qurgach, olti oydan keyin sog‘lig‘i yomonlashgan, homilador bo‘lsam kerak degan fikrda shifokorga borsa, SPID aniqlangan. Mana sha’riy nikoh oqibati. Bunday holatda farzand sog‘lom bo‘lishi, uning taqdiri go‘zal bo‘lishiga kim kafolat beradi?», — deydi Gavhar Alimova.

«Qaysi hududlarda xotin-qizlar bilan bog‘liq zo‘ravonlik holatlari, kam ta’minlanganlik, ishsizlik ko‘p uchraydi?», degan savolga Gavhar Alimova quyidagicha javob berdi:

«Oqdaryoda tungi barlarda yurgan qizlar bizni qiynamoqda. Bunda asosiy muammo onada. Kechasi qizi chiqib ketsa, ona qanday qilib bilmasligi mumkin. Yaqinda 16 yosh qizning homiladorligi aniqlandi. U 15 yoshda shu yo‘lga kirgan, ona bilmadim, deydi yelka qisib. Bu javobmi? Nima uchun qizining tarbiyasi bilan shug‘ullanib, dildan suhbatlashmaydi. Nega ota o‘g‘lining yurish-turishini nazorat qilmaydi, o‘tirib gaplashmaydi. Qani oilada otaning o‘rni?

To‘g‘ri, maktab-chi, deymiz, u ta’limga javob beradi. Mahalla deymiz, qaraydi qiz ko‘chada tinch yuribdi. Hamma narsa oilada, uyda yuz bermoqda. Misol uchun, kuni kecha 17 yosh qiz uydan chiqib ketgan. Onasi telefon qilib ‘Iltimos, shu qizimni qamatib yuboring‘, deydi. Yosh qiz icharkan, chekarkan, uydan chiqib ketib, bir hafta, o‘n kun yo‘q bo‘lib ketarmish. Harakat qilib bir kunda topdik. Shaharga olib kelib, psixolog biriktirdik. Bitta darsdan keyin qochib ketdi. Psixolog haftasiga uch marta qatnab, qizning uyiga borib dars o‘tmoqda. Tarbiya oilada bo‘lmagandan keyin qiyin ekan.

Pasdarg‘om, Urgut tumanlarida ham qator masalalar mavjud. Bu hududlarda aholi zich joylashgan, kam ta’minlanganlar ham nisbatan ko‘proq. Urgutdagi eng katta muammo qizlarni erta turmushga berilishi. Ayol faqat bola katta qiladi, ro‘zg‘or qiladi, degan tushunchalar davri o‘tdi. Qizlarga zamonaviy bilim berish, o‘qitish, kerak bo‘lsa, kuchli tadbirkor va siyosatchi qilib tayyorlashimiz kerak».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda bir yil ichida 5 mingdan ortiq rasmiy nikohsiz yashayotgan oilalar aniqlandi