21:23 / 18.12.2019
4 461

1 kilo "petrushka" 9,5 dollar yoxud O‘zbekiston Ukraina va Rossiyaga ko‘kat yetkazib berish bo‘yicha yaqqol peshqadamga aylandi

1 kilo "petrushka" 9,5 dollar yoxud O‘zbekiston Ukraina va Rossiyaga ko‘kat yetkazib berish bo‘yicha yaqqol peshqadamga aylandi
EastFruit portali tahlilchilarining qayd etishlaricha, O‘zbekiston Ukraina va Rossiyaga sarxil ko‘katlar — shivit(ukrop), petrushka va kinza eksport qilish hajmlarini keskin oshirgan.

2019 yilning birinchi uch choragida Ukraina O‘zbekistondan 1,2 mln. dollar qiymatda ko‘kat eksport qilgan. Bu tarixiy rekord bo‘lib, o‘tgan yildagi ko‘rsatkichdan 2,6 barobar ko‘pdir.

2019 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston Ukraina bozoriga 1,6 ming tonna sarxil ko‘kat yetkazib bergan. Bu esa Ukrainaga shu turdagi mahsulotlarni yetkazib beruvchilar reytingida O‘zbekistonni Italiya, Eron va Gruziyani ortda qoldirgan holda peshqadamga aylantirdi. Ukrainaga ko‘kat yetkazib berishda O‘zbekistonning hissasi 41 foizga yetdi, vaholonki ikki yil oldin bu ko‘rsatkich 9 foizdan ham kam edi.

Umuman olganda, Ukraina ko‘rsatilgan davrda ko‘kat importini 40 foiz oshirib, 3,9 ming tonnaga yetkazdi. Shu muddat ichida mazkur davlatga Eron 1,25 ming tonna, Gruziya 0,46 ming tonna va Italiya 0,33 ming tonna ko‘kat eksport qilgan.

E’tiborlisi, O‘zbekiston bunday sabzavotlarni Ukrainaga asosan avtotransport vositalarida jo‘natgan bo‘lsa, Rossiyaga samolyotlar orqali yuborgan. Solishtirib ko‘rganda, Rossiya Ukrainaga nisbatan deyarli o‘n barobar ko‘p, ya’ni 33,5 ming tonna ko‘kat import qilgan bo‘lsa, shundan 13,5 ming tonnasi O‘zbekistonga tegishlidir.

Tabiiyki, O‘zbekiston uchun ko‘katni Rossiya bozoriga eksport qilish foydaliroq, sababi u yerda narx qimmatroq. Boz ustiga, hajm ham Ukraina bozoriga nisbatan ko‘p.

EastFruit portali chakana savdo bo‘yicha monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil noyabr holatida Moskvadagi supermarketlarda bir kg. petrushka narxi 9,5 dollar, Kiyevda esa 5,2 dollarni tashkil etgan. Toshkentda esa buning uchun bir yarim dollardan ham kam to‘lashadi.

Mazkur yo‘nalishdagi biznes rivojlanishi sur’atlarini inobatga olganda, u O‘zbekiston sharoitida juda jozibali hisoblanadi va kelgusida o‘zbekistonlik yetkazib beruvchilar boshqa xorij davlatlari bozorlarini ham egallashlarini kutish mumkin.

Zero, 2019 yilda O‘zbekiston Rossiyaga sarxil ko‘kat yetkazib berish bo‘yicha barcha raqiblarni ortda qoldirib, yetakchiga aylandi. 2019 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha, Rossiya O‘zbekistondan o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 19 foiz ko‘p ko‘kat olib kirgan.

Shu paytgacha Rossiya bozoriga bu turdagi mahsulotni yetkazib berishda Eron peshqadam edi. Biroq joriy yilda forslarning eksporti 14 foiz kamayib ketgan bo‘lsa, O‘zbekistonning Rossiyaga ko‘kat yetkazib berishdagi solishtirma og‘irligi Ukrainadagi kabi 40 foizni tashkil qildi.

Qiziqarli tomoni, O‘zbekiston Belarus bozorida bu borada beshinchi o‘rinni egalladi. Mazkur mamlakatda Livan birinchi, Italiya ikkinchi, Paragvay uchinchi va Polsha to‘rtinchi bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 1 kilo "petrushka" 9,5 dollar yoxud O‘zbekiston Ukraina va Rossiyaga ko‘kat yetkazib berish bo‘yicha yaqqol peshqadamga aylandi