«Facebook» tarmog‘i faoli Sharifullinni kaltaklaganlar qo‘lga olindi

  • 19 dekabr 2019, 16:13
  • 1 144
  • Jamiyat
  • «Facebook» tarmog‘i faoli Sharifullinni kaltaklaganlar qo‘lga olindi
    Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
    «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ining faol foydalanuvchilaridan bo‘lgan A.R.Sharifullin bir necha kun burun noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqagandi.

    Kuni kecha kaltaklanganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

    Unga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan shu yilning 15 dekabr kuniyoq Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘yicha IIO FMB 6-son Ichki ishlar bo‘limi Tergov bo‘linmasi tomonidan noma’lum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

    A.R.Sharifullin dastlabki ko‘rsatmasida 2019 yil 10 dekabr kuni o‘z yashash uyi oldidan qora rangli «Spark» rusumli avtomashinada noma’lum shaxslar olib ketganligini bildirgan.

    Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ushbu avtomashinani Toshkent shahrida yashovchi (1991 y.t. Muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi, 277-moddasi 3-qismi va 105-moddasi 2-qismi bilan sudlangan) S.Qayumjonov boshqarib kelganligi aniqlangan.

    Jinoyat ishi yuzasidan so‘roq qilingan S.Qayumjonov o‘z ko‘rsatmasida, tanishi J.Mardonov (1994 y. t. Toshkent davlat sharqshunoslik insitituti 2-bosqich talabasi, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan bir necha marotaba sudlangan) bilan 10 dekabr kuni fuqaro A.R.Sharifullindan «Lirika» va «Tropikamid» dori vositalarini sotib olish maqsadida borishganida, u (A.R.Sharifullin dori vositalarini) Chilonzordan olib berishini aytadi. Uchchovlon avtomashinada Chilonzor tumani, 23-mavzega kelganda A.R.Sharifullin psixotrop moddasini o‘z yonidan chiqarib beradi. Uning yolg‘on gapirib, ovora qilganiga chidaolmagan «xaridorlar» bilak kuchini ishga solishadi...

    Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘yicha IIO FMB 6-son Ichki ishlar bo‘limi Tergov bo‘linmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan

    » » «Facebook» tarmog‘i faoli Sharifullinni kaltaklaganlar qo‘lga olindi