22:30 / 20.12.2019
2 698

OAVlar bo‘g‘ib yoki yopib qo‘yilsa, nima bo‘ladi? Komil Allamjonov javob berdi

OAVlar bo‘g‘ib yoki yopib qo‘yilsa, nima bo‘ladi? Komil Allamjonov javob berdi
19 dekabr kuni poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” shiori ostidagi munozaralarning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekistonda keng ko‘lamli o‘zgarishlar sharoitida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu tadbirda jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslari va amalga oshirish mexanizmlari, OAV sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni aniqlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli, so‘z va matbuot erkinligi, sohadagi muammolar va rivojlanish istiqbollari haqida fikr almashildi.

Tadbirda ishtirok etgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov bugungi islohotlar, o‘zgarishlar va siyosiy jarayonlar sharoitida jurnalistlar, blogerlarning o‘rni, so‘z erkinligini ta’minlash yo‘lidagi muammolar yuzasidan berilgan savollarga javob berar ekan, jumladan shunday dedi:

— O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari, blogerlar bo‘lmasa yoki qattiq nazoratda ushlab turilsa, senzura qilinsa, umuman, ular yopib qo‘yilsa yoki bo‘g‘ilsa bundan kim yutadi? Bugungi internet, texnika asrida jamiyatni boshqa axborot egallaydi, mish-mish ko‘payadi. Bizga do‘st bo‘lmagan, daryoning narigi qirg‘og‘idagi, atayin buzg‘unchilik axborot kampaniyalarini olib borayotgan OAVlar: “Raqobatchilarimizni yo‘qotib, yo‘limizni ochib bergani uchun O‘zbekiston hukumatiga rahmat”, deydi.

K.Allamjonov, shuningdek, avvalroq O‘zbekistonda ba’zi ijtimoiy tarmoqlarga kirishga to‘siq qo‘yilgani va buning oqibati nimalarga olib kelganiga ham to‘xtalib o‘tdi:

— O‘ylab ko‘ringchi, axborot maydonida bitta odamning ovozi baland eshitiladimi yoki shovqin bo‘lsami? Aytmoqchimanki, bugun orqaga yo‘l bor-yo‘qligini biz belgilamaymiz. Bu bugungi davr talabi! Ortga yo‘l istasak ham yo‘q. Uning uchun internetni o‘chirib qo‘yishimiz kerak. Faqat shundagina ularni to‘xtatish mumkin. Lekin bunday qilib ham ko‘rildi. Feysbuk, Yutub tarmoqlariga kirishda muammolar bo‘ldi-ku... Oqibati nima bo‘ldi? Odamlar bu tarmoqlarga kirmay qo‘ydimi? Qaytanga VPNdan foydalana boshlashdi va taqiqlangan “zona”larga sakrab o‘ta boshladi. Shuning uchun yana bir marta ta’kidlagan bo‘lardimki, bugun davlat idoralari, tashkilotlar rahbarlari bir narsani tushunsinki – orqaga yo‘l yo‘q! Tanlagan yo‘limiz shu. Endi shu yo‘lda to‘g‘ri ishlashni, madaniyatni o‘rganishimiz, eng asosiysi, Qonunlar ishlashi kerak.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » OAVlar bo‘g‘ib yoki yopib qo‘yilsa, nima bo‘ladi? Komil Allamjonov javob berdi