00:15 / 21.12.2019
4 476

Qamoqdan chiqqan maktub: “Chap ko‘z bilan qarama, do‘stim!”

Qamoqdan chiqqan maktub: “Chap ko‘z bilan qarama, do‘stim!”
Tergov izolyatori. Uzun koridor. Kameralar.
"Engashib yur!"
"O‘ninchi kamera! Eshikni och! Tez-tez! Kir!"
Qorong‘u kamera. Shkonkalar. Mahbuslar. Eshik ochilganda o‘rinlaridan turishadi. O‘lganlarining kunidan.
"Ha, mujik, statya?"
"159-, 244-".
Hamma birdek nadomat bilan bosh chayqaydi. Kimdir achingandek. Kimdir nafratlangandek. Kimgadir mutlaqo farqi yo‘q.
...Toshturma. Zona. Xodimlar bilan suhbat. Yangi tanishuvlar. Imomlarning “159” va “244”larga nafrat bilan to‘lgan ma’ruzalari. Butun dunyo shu ikki moddaga qarshi qurilgandek. Butun dunyo faqat shu ikki moddaga qarshi kurashmoq uchun yashayotgandek.
Mahkumlar orasida tortishuv. Besh yashar qizchani zo‘rlab, keyin o‘ldirib, yigirma yilga qamalgan manfur “159” va “244” ga vishillaydi:
"O‘rningni bilib yur!"
...Bu zulmatda poyon yo‘qdek. Bu zulmatda birgina najot Duoi xayr va Duoi bad edi, xolos.
"Srok qancha?"
"O‘n sakkiz yil".
Ikki tomonga ham ayon – o‘n sakkiz yil mavhum muddat. Yana davomi bordir, balki.
"Poduchyotlar! Yonma-yon o‘tirma!"
"Poduchyotlar! Gaplashma!"
"Poduchyotlar!"

...TVda Prezident gapirdi: "Men uchun hamma teng! O‘zbekiston fuqarolarini ajratmayman! O‘z holiga tashlab qo‘ymayman! Biz ularni yigirma besh yil turtkiladik!.."
Imomlar, arboblar tuxumdan kecha chiqqan jo‘jadek Prezidentning nutqini o‘zlashtirib, takrorlashga kirishdilar.
Bulut yirtildi. Oy nur sochdi. Atrof yorishdi. Odamlarning basharalari ko‘rina boshladi.
Alhamdulillah! “Poduchyot” so‘zi iste’moldan chiqa boshladi. Nafrat sovug‘i ko‘tarildi. Bu ne’matga bilganlar shukrona keltirdilar.

Ichki ishlar tizimi o‘zgardi. Yaxshi tomonga o‘zgardi. Ulkan mashaqqatlar ila o‘zgardi. Va o‘zgarmoqda, takomilga yetmoqda.
Zaxlagan yerning zaxmi sekin ketadi. Davlatning fuqarosiga nafrati yo‘qoldiyu, ba’zi odamlar ongida bu yotsirash xuddi zaxm kabi qoldi.
Menga aytishadiki: "O‘zing qamoqda bo‘la turib, nega bunday ijobiy yozmoqdasan?"
"Men bir zarradekman. Menga adolat qilinmasa, bu mening iztirobim, mening shaxsiy depressiyam. Bu xalqqa qilinadigan nohaqliq oldida hech narsa. Modomiki, xalqimizga zulm bo‘lmasa, xalq o‘z so‘zini aytsa, xalq dardini tinglab, unga malham bo‘lsalar, menga e’tibor bermang. Chunki birgina mening nafsimga huzuru, o‘ttiz besh million insonga azob bo‘lganidan ko‘ra o‘ttiz besh million odam baxtiyoru birgina mening mazlum bo‘lganim yaxshiroq".
So‘zimni juda yaqin tarixdagi zulmat tasviridan boshlagandim. Nega?
Bugungi nisbatan hurriyatni qadrlang, shukur qiling, qo‘ldan boy bermang!
So‘zlay olayotganingiz uchun, Sizni fikr uchun qiynamayotganlari uchun Allohga hamd ayting!
Yomon ko‘rish uchun razillar yetarli, yaqinlaringizga mehr ko‘rsating!
Zulmning uyg‘onishiga sababchi bo‘lmang, zulmga yo‘l qo‘ymang, bir-biringizga sabr qiling, bag‘rikeng bo‘ling! Zarra nohaqlikka rozi bo‘lmang!
Hammamiz bir xalqmiz, bir yurt farzandimiz, biringiz ikkinchingizga chap ko‘z ila qaramang!..
Aytmoqchi bo‘lganim shu edi.

Akrom MALIK

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qamoqdan chiqqan maktub: “Chap ko‘z bilan qarama, do‘stim!”