23:11 / 08.01.2020
8 394

Islom Karimov: “Janob hokim! Tunnelning oxiri ko‘rinsin!”

Islom Karimov: “Janob hokim! Tunnelning oxiri ko‘rinsin!”
Bir voqeani eslamoqchiman. U 2000 yillarning boshida, Yunusobod yo‘nalishidagi dastlabki 6 ta bekatning rasmiy ochilishi bilan bog‘liq. Tadbirdagi bitta gap xotiramda muhrlanib qolgan...

Avgustning so‘nggi kunlari edi. O‘shanda, bosh bayram arafasida besh-oltida binoni ochmoq rusumga kirganiga ancha bo‘lgan davrlar. Metro degani – strategik ob’ekt ekani bois, sir tutilganmi va yo qolgan-qutgan ishlar tugashi cho‘zilib ketganmi – jurnalistlarni favqulodda, tirqiratib olib borishdi. Eshik oldida bizni bu savdodan bexabar, ahli muxbirga do‘q qilib o‘rgangan shahar hokimining (keyinchalik ma’lum muddat hokimlik ham qilgan) o‘sha kezdagi muovini – kechikkanimiz bois, darg‘azab kutib olib, xo‘mrayib ichkariga boshladi.

Biz esa – odatda har safar besh-olti bor takror bo‘lgich – kiyimlaring avra-astarigacha ag‘darilib, obdon titkilanadigan, butlaringni orasi qolmay, chirillatib, obdon “nazoratdan o‘tkazadigan” marosimlardan ozod holda ichkariga kirib borganmiz o‘shanda...

Xullas, shoshganlaricha bor ekan, hayal o‘tmay davlat rahbari ham kirib keldi. Oliymaqom ko‘rik “Mingo‘rik” bekatidan boshlanib, o‘sha yerdan poyezdga o‘tirib, keyingi bekatlar tomon yurish qilindi: ahli a’yonlar boshqa, biz – muxbirlar o‘zga vagonda. Poyezd har bekatda to‘xtaganda, “guv” etib, o‘zimizni a’yonlar yoniga uramiz. Chunki nima gap bo‘lganini matbuotda – kiftini keltirib, “bo‘yoq-so‘yoq surtib” sharhlamoq uchun – ne bir mulohaza-yu, qimmatli ko‘rsatmalar berilganini eshitish lozim.

Quloqlar ding.

Tabiiyki, biror yutug‘i-yu erishgan natijasini Prezidentga ko‘z-ko‘z etmoqni ixtiyor qilgan tarmoq rahbari – to muddaosiga erishib, “sinov”dan o‘tib olguncha yurak hovuchlab o‘tiradi. Chunki u paytlari hozirgidek – avval-boshdan loyihalar “do‘mbira qilib chalinib”, hali boshlanmagan ish el aro ovoza qilinib, azza-bazza qo‘lga ko‘rgazma cho‘p ushlavolib, “taqdimotlar” uyushtirilmas, bu ishlar sodir bo‘lgan bo‘lsa ham – el ko‘zidan panada, imi-jimida kechgan bo‘lsa kerak. Faqat tayyor bo‘lgani ovoza qilinardi...

Gapdan chalg‘imasdan aytadigan bo‘lsak, o‘sha kezda ham shahar hokimi har bir metro bekatini alohida ta’riflab, tushuntirish berib ketarkan, nogoh “Minor” bekatiga kelganda, kattakonning yuzida o‘zgarish paydo bo‘ldi.

– Bu stansiyang manga yoqmadi, – dedi u. O‘zing qara, boshqa stansiyalarda ustunlar bo‘lsa ham, platforma (ya’ni poyezdlar harakatlanadigan joy) yonida turibdi. Bunisida esa – ustunlarni qaqqaytirib, o‘rtaga qo‘ygansanlar.

Shunday deya, u hammani bekatning o‘rtasiga boshlab keldi va “Qani, shu joydan turib qaranglar-chi, metrodan chiqib ketish joyi, ya’ni tepaga olib chiquvchi zina ko‘rinayaptimi?” deb so‘radi. Tabiiyki, bekatning qoq o‘rtasida qator turgan bahaybat ustunlar ortidan – har ikkala tomondagi chiqish zinalarining hatto borligi ham bilinmasdi.

– Bir gapni qulog‘ingga quyib ol, janob hokim. Odamzot pastga yoki qorong‘ulikka tushganda, uning bu joydan qaytib chiqib ketadigan yo‘li, ya’ni tunnelning oxiri ko‘rinib turishi lozim. Aks holda, u vahimaga tushadi, buni ayrimlarning yuragi ko‘tara olmasligiyam mumkin...

Hokim esa “katta” bilan ishlash va bunday kezda nima demoqning hadisini olgan emasmi, birpas o‘ylanib turdi-da, hayajon-u qo‘rquvdan qorayib ketgan yuziga nim jilmayish berib:

– Qarang, Islom Abdug‘aniyevich, Sizdan hech narsani yashirib bo‘lmaydi o‘zi. Bu ustunlarning noto‘g‘ri joylashganini o‘zimiz ham bilamiz, lekin aytishga qo‘rqib turgandik. Ochig‘i, tepada “sekretniy” ob’ektlar bor, shu bois ustunlarni surishning, loyihani o‘zgartirishning sirayam iloji bo‘lmadi. Shuniyam sezib qoldingiz-a? - deya tilyog‘lamalikka o‘tdi.

Hokimning keltirgan vaj-korsoniga – na uning o‘zi, na u hisob berayotgan odam, na atrofdagilar ishondi. Lekin eng qizig‘i, Prezident ham bu bahonaga ishongan kishidek, ma’nodor ravishda “Ha-a” deb qo‘ya qoldi...

Bu yog‘da deng, bekat tepasida nima joylashganini yaxshi bilaman, deb yurgan kamina hayron. Chunki talabalik o‘sha joylarda o‘tgan. U yerlarda – men o‘qigan institutdan tashqari, “O‘zbekbirlashuv” idorasi, kommunal xizmat agentligi, tag‘in bir-ikkita yemakxonalar borligidan xabarim bor. Qaysi “sekretniy” ob’ekt haqida gapirilayapti o‘zi, deb bosh qotiraman. Tusmolimni yonimdagi hamkasbim Anvar Boboyevga aytsam, uyam “Indamang”, deb, miyig‘ida kulibgina qo‘ya qolgan...

Gap bunda emas. Aytmoqchi bo‘lganim – o‘sha tadbirda birinchi Prezident aytgan gap hali-hanuz qulog‘imdan ketmaydi. Har gal “Minor” bekatiga tushib chiqqanimda, u gaplar haqiqatligiga qayta-qayta iqror bo‘lganman: odam zoti – tunnelning ham, o‘zi tushgan qorong‘ulikning ham intihosini – jilla qursa, uzoqdan bo‘lsayam ko‘rib turmog‘i lozim ekan.

Bobo ko‘p narsani bilarkan...

Darvoqe, biz “sayr qilgan” o‘sha yo‘nalishdagi so‘nggi metro bekati nomi – Habib Abdullayev edi. Shaharsozlikdagi yutuqlarimiz haqida ham shu yerda intervyu berildiki, mana bu suvrat o‘sha joyda olingan. Bekatning nomi keyinchalik nega “Shahriston”ga aylangani naqli esa – o‘zga bir tarix. Keyin gaplashamiz...

“Ajab zamon-e...” turkumidan
Komiljon Shamsiddinov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom Karimov: “Janob hokim! Tunnelning oxiri ko‘rinsin!”