18:28 / 18.01.2020
2 624

Ilgari tekshiruvchi organ sifatida gavdalangan davlat soliq idoralari imidji o‘zgardi

Ilgari tekshiruvchi organ sifatida gavdalangan davlat soliq idoralari imidji o‘zgardi
Mamlakatimizda keyingi yillarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilayotgan oqilona islohotlar tufayli xalq davlat idoralariga emas davlat idoralari xalqqa xizmat qilishga o‘tdi.
Birgina misol. Ilgari soliq to‘lovchilar ongida davlat soliq idoralari tekshiruvchi organ sifatida gavdalanardi.

Endichi? Soliq tizimida olib borilayotgan tub o‘zgarishlar natijasida davlat soliq xizmati organlarining imidji butunlay o‘zgarib, ular tadbirkorlarni jazolovchi emas balki ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, kerak bo‘lsa tadbirkorning faoliyatidagi xatosini tuzatishga ko‘maklashuvchi ishonchli vakiliga aynlanishdi.

Buni kuni-kecha buxorolik tadbirkorlar viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda yana bir bor his qildilar desak yanglishmaymiz.

Ushbu uchrashuvlarlarning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, unda Davlat soliq qo‘mitasi va viloyat davlat soliq boshqarmasi rahbariyati tadbirkorlar bilan ochiq-oydin va yaqindan gaplashish maqsadida tadbirlarni sohalar kesimida tashkillashtirib ularning huzuriga bordilar.
Jumladan, dastlabki uchrashuv Buxoro shahridagi mashhur “Labi hovuz” umumiy ovqatlanish korxonasida tashkil etilib, bu yerda asosan savdo va mehmonxona xizmati hamda umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot uyushtirildi.

Muloqotda soliq qonunchiligidagi yangiliklar xususan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi. Yig‘ilganlarga yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan amaliyotga tadbiq etilgan me’yoriy qoidalar yetkazildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi soliq qonunchiligini maksimal darajada soddalashtirishga yo‘naltirilgan konseptual o‘zgartirishlardan iborat. Hujjatning asosiy maqsadi insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini ximoya qilishdir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahririda yagona ijtimoiy to‘lov o‘rniga ijtimoiy soliq, yagona soliq to‘lovi o‘rniga — aylanmadan soliq, qat’iy belgilangan soliq o‘rniga — jismoniy shaxslarning daromadlariga, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilgari berilgan imtiyoz va soliqni hisoblash xususiyatlarini saqlab qolgan holda, qat’iy belgilangan miqdorda soliq joriy etilgani, hisobvaraq-fakturalar qoida tariqasida elektron ko‘rinishda rasmiylashtirilishi belgilanganligi hamda 2020 yil 1 yanvardan boshlab tovarlarni (xizmatlarni) sotishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda taqdim etishi va qabul qilishi shartligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, Soliq organlarining ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarni o‘z vaqtida qaytarish uchun javobgarligi kuchaytirildi. Ortiqcha undirilgan soliq va moliyaviy sanksiyalar summalarini, ushbu summalarni undirish (to‘lash) davrida amalda bo‘lgan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan foizlarni hisobga olgan holda qaytariladi.

Xullas yangiliklar juda ko‘p. E’tiborlisi, Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni bartaraf etish, insofli soliq to‘lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, soliq nazorati mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Tadbirkorlar bilan uchrashuvda Davlat soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev endilikda davlat soliq organlari tadbirkorlarni huda-behuda bezovta qilmasligini bildirib, buning uchun tadbirkorlar ham qonunni chetlab o‘tishga urinmasligi lozimligini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda soha mutaxassislari bugungi kunda xufiyona iqtisodiyot aynan savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida ko‘zga tashlanayotganiga ham urg‘u berib, ushbu tarmoq vakillariga qonunni chetlab o‘tishga urinmasdan ham daromad topish mumkinligini isbotlab berdilar.

- Ochiq muloqotda Davlat soliq qo‘mitasi va viloyat davlat soliq boshqarmasi rahbarlari bizning savollarimizga to‘liq javob berdilar va bizlarni qiynayotgan ba’zi muammoli masalalarga ham e’tibor qaratdilar, deydi - “BDV+” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi hisobchisi Gulnora Burxanova.

– Xususan, men faolitimizdan kelib chiqib, bugungi kunda umumiy ovqatlanish korxonalari viloyatimizda mol go‘shti mahsulotlari yetishtiruvchi korxonalar yo‘qligi bois, naqd pulga jismoniy shaxslardan xarid qilingan mahsulotlarni hisobotlarda qanday aks ettirishimiz kerakligi haqida so‘rab bilib oldim. Eng qizig‘i, go‘sht mahsulotlari yetishtiruvchi QQS to‘lovchi korxonalardan go‘sht xarid qilsak biz ushbu mahsulotlarning qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish huquqiga ega bo‘lar ekanmiz.
Davlat soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi «Buxara-sotton textile cluster» korxonasida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda paxta xomashyosini yetishtib beruvchilar va to‘qimachilik tarmog‘i korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda yig‘ilganlarga soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Xususan, ishtirokchilarni yangi tahrirdagi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari, qo‘shilgan qiymat solig‘i va hisobvaraq-fakturalar qoida tariqasida elektron ko‘rinishda rasmiylashtirilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar qiziqtirdi.

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar «Buxara-sotton textile cluster» korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tanishuv jarayonida ular korxona rahbarining soliq sohasiga oid savollariga batafsil javob qaytarib, o‘zlarinig tegishli tavsiyalarini berdilar.

Davlat soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning buxorolik tadbirkorlar bilan uchrashuvining yana biri Buxoro shahar hokimligida tashkillashtirildi. Mazkur uchrashuvda viloyatning barcha shahar va tumanlari hududida faoliyat yuritayotgan 400 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti vakillari qatnashdi.

Ko‘rgazmalar zalida 40 dan ortiq mavzulardagi axborot stendlari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Yangi Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar haqida turli mavzudagi 1,5 mingdan ortiq bukletlar tarqatildi.
Ko‘rgazmali seminar doirasida tadbirkorlar va buxgalterlarga Soliq kodeksiga oid sharhlar, intervyular, shuningdek yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amalga kiritilishi bilan bog‘liq eng ko‘p uchraydigan savollarga javoblarni o‘z ichiga olgan «Soliq-plyus» va «Nalogi plyus» gazetalarining maxsus soni tarqatildi.

Seminarda aksiz solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari, mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan miqdori, mahalliy yig‘imlarning chegaraviy stakalari, avtotransport vositalarini sotib olinganda va (yoki) vaqtinchalik olib kirilganda ichki ishlar organlarida ularni ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun avtotransport vositalari egalari (foydalanuvchilari) tomonidan to‘lanadigan yig‘imlar va xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirishi va hududdan tranzit o‘tishi uchun yig‘imlar stavkalari 2019 yil 9 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2020 yildagi Davlat budjeti to‘g‘risida"gi qonun bilan tasdiqlangani aytib o‘tildi.

Shuningdek, yer solig‘i bo‘yicha 2020 yil uchun soliq hisoboti qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar qismi bo‘yicha 2019 yilda amaldagi shakllar bo‘yicha yer uchastkasi joylashgan joyidagi soliq organlariga taqdim etilishi, mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning 2020 yil uchun hisoblanadigan summasi to‘g‘risidagi hisobot 2019 yilda amalda bo‘lgan shaklda hamda 2019 yil uchun soliq hisob-kitoblari Soliq kodeksining yangi tahririda nazarda tutilgan muddatlarda 2019 yilda amal qilgan shakl va tartibda taqdim etilishi bildirildi.

- Seminarda yig‘ilganlarga joriy yildan boshlab soliq tekshiruvlari qay tartibda va qaysi mezonlarga asosan o‘tkazilishi haqida ham batafsil ma’lumot berildi, deydi - “Navro‘z-Haydar” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi rahbari Latipov Umar. – Xususan, endilikda ushbu tekshiruvlar inson omilisiz 42 ta mezonlar asosida tahlika-tahlil dasturi yordamida tanlanib o‘tkazilar ekan.

Xulosa qilib aytganda buxorolik tadbirkorlar uchun tashkillashtirilgan ko‘rgazmali seminar ishtirokchilar uchun ham davlat soliq xizmati organlari xodimlari uchun ham qiziqarli va samarali bo‘ldi. Ushbu uchrashuvlarda soliq to‘lovchilarning 60 dan ortiq savollariga malakali javob qaytarilib, ayrim muammoli masalalarning yechimini topish belgilab olindi.

Buxoro viloyati DSB
Axborot xizmati.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ilgari tekshiruvchi organ sifatida gavdalangan davlat soliq idoralari imidji o‘zgardi