19:54 / 18.01.2020
2 415

Kommunal boshqaruv bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Kommunal boshqaruv bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Joriy yilning 22 yanvar kuni tataristonlik bir guruh investorlar Toshkent shahriga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi vakillari bilan bo‘ladigan uchrashuv davomida Yakkasaroy tumani misolida kommunal boshqaruv bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinadi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Otabek Nasimov ma’lum qildi. Nasimovning aytishicha, tumanning kommunal boshqaruvi investorlar taklif qilayotgan yangi tizim bo‘yicha sinab ko‘riladi.

«Ko‘zlanayotgan shartnoma loyihasiga ko‘ra, tataristonlik investorlar dastlab namuna sifatida Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy, Bog‘saroy mahallalaridagi 5ta xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatida ish boshlaydi. Loyiha o‘zini oqlagan taqdirda, keyinchalik tumandagi barcha xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari qamrab olinadi», dedi u.

Shu yilning 11 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish uchun kelganida Toshkent shahri tumanlari hokimlari bilan muloqot qilgandi. Muloqot davomida Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan prezidentga Toshkentda rejalashtirilayotgan yangi investitsiyaviy loyihalar haqida ham ma’lumot berilgandi.

Shahar hokimi bugungi kunda poytaxtdagi eng katta ijtimoiy muammolar kommunal sohada saqlanib qolayotganini qayd etgandi.

«Biz bu muammolarga xorijiy investorlarni jalb qilgan holda yechim topishimiz mumkin. Masalan, yaqinda tataristonlik investorlarning Toshkentga tashrifi paytida bu masalani muhokama qildik.
Jumladan, Tatariston kompaniyasi Yakkasaroy tumani aholisiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish masalasini to‘la o‘ziga olgan tizimni yo‘lga qo‘yib bermoqchi.

Bu masalada kichik muammo shundaki, tumanning kommunal to‘lovlar
[XUJMSHlar qarzdorligi nazarda tutilmoqda - tahr.] borasida 24 mlrd so‘m qarzdorligi bor. Agar shu masala o‘z yechimini topadigan bo‘lsa, bu kelishuv amalga oshishi mumkin», degandi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Hokim bergan ma’lumotdan so‘ng, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan muhim jihatlarga ham to‘xtalib o‘tilgan.
«Agar sizlar taklif qilayotgan tizim o‘z samarasini bersa va sohaga investitsiya kiritayotgan kompaniya vakillari kommunal tizim faoliyatini yaxshilasa, ularga ishonch bildirish kerak.

Lekin, bu tizimni avvalo bir nechta joyda sinovdan o‘tkazib ko‘rish maqsadga muvofiq. Qarzdorlik masalasida investorlar nima taklif qiladi, bu masalani ham jiddiy tahlil qilish kerak
», degan prezident Shavkat Mirziyoyev.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kommunal boshqaruv bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi mumkin