23:00 / 18.01.2020
3 594

Coddalik ham evi bilan-da, opasi...

Coddalik ham evi bilan-da, opasi...
Tahririyatimizga jizzaxlik Sevara Mamatova degan ayol murojaat qildi. Uning noroziligi “Mon Reve” degan tikuvchilik tashkilotidan. Aytishicha, bu tashkilot necha oydan beri odamlarning oyligi berishni paysalga solyapti. U korxonadan atigi bir oylik pulini, ya’ni 12 millionni ikki bo‘lib olgan xolos. Sezdingizmi, oylik 12 million so‘m!!!

Tikuvchilarga shunaqa oylik beradigan korxonalar bor ekan. E, otangga balli, deyishga andak shoshmay turing, akasi. Bo‘tta bir gap bor-da!

Opa-singillar 12 million oylik bergich korxona haqida eshitgan, kamiga “Mening yurtim” degich kanaldan reklomini ko‘rgan. Chippa-chin ishonib, “Iye, singiljon, biz 15 yildan beri tikuv-bichuv qilamiz, bizni olmay, kimni olsin”, deb hayyo-xuyt deya Toshkent sari ot solishgan.

Toshkonga kelishsa, boyvuchchalar “Yo‘q, opovsi, picha shoshmang-ye”, deyishgan. “Ming yillik chevar bo‘sezam, bizni maktabimizni o‘qish kerak. Bizni istil Ovro‘poniki, ya’ni farangcha(fransuz). Ikki oylik tahsil bahosi 11 million 721 ming tanga(so‘m)”, deyishgan.

Opalar soddamasmi, hay mayli, deb har biri qariyb 12 million so‘mdan qurtdek sanab berishgan. Ikki oy o‘qishda biror bir ilm o‘rgatilmagan ham. Artis-partislar bilan ovuntirib, vaqt o‘tkazishgan.

“O‘quv kursida na dastur, na tartib bor. Oddiy listga nina yurgazish, salfetkani qayirishni o‘rgatishdi. Hatto 24 millionlik to‘lov qilganlar ham bo‘ldi. Respublikaning barcha hududlaridan kelishdi. Tahminan 150 kishilik auditoriyaga 400 nafargacha odam joylashardi. Bir dona tikuv mashinasiga 3 odam biriktirilardi”, deydi murojaatchi ayol.

Xullas, opa-singil avgustda to‘lov qilgan va avgust-sentabr o‘quv kursida umr o‘tkazishgan. Va’dagi muvofiq, oktabrda ish bo‘yicha mehnat shartnomasi tuzilgan. Noyabrda berilishi kerak bo‘lgan 12 million so‘m dekabrda ikkiga bo‘lib to‘langan. Ya’ni ular avgustda to‘lagan pulni 5 oydan so‘ng, ikki bo‘lib qaytarib olgan. Zo‘r-a!?

Opaning aytishicha, hozir o‘quv kursining muddati va to‘lov miqdori o‘zgargan. Ya’ni o‘qish muddati 5 oyga cho‘zilgan. To‘lov miqdori esa 8 million 700 ming so‘m etib belgilangan.

Anglagan bo‘lsangiz, mazkur tashkilotning ish yurituvi “moliyaviy piramida”ni eslatadi. Ya’ni kurs uchun deb odamlarning puli olinadi va 4-5 oy davomida undan foydalaniladi. Sarflangan pullar huddiki oylik tarzida “ishchi”ga qaytariladi va shu yerda “ishchi”lar bilan o‘rtadagi “munosabat” tugaydi. Davom ettirishning yo‘li o‘zi kabi “ikki ishchi”ni, aniqrog‘i, sodda tikuvchini korxonaga jalb qilish.

Odamlar muncha sodda bo‘lmasa?! Bu ustomon “tadbirkor”ga o‘z oyoqlari bilan borib, o‘z qo‘llari bilan qariyb 12 million so‘mni berib, “Mana, shu pulim bekor yotibdi. 4-5 oy “oborot” qivoling”, degandek gap-ku!

O‘zi-chi, oxirgi 2-3 yilda aqlli firibgarlar ko‘payib ketdi-a?!

RakursUz telegram kanalidan olindi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Coddalik ham evi bilan-da, opasi...