06:00 / 20.01.2020
5 102

Lavozimiga qayta tayinlangan Shuhrat G‘aniyev yana tanqid nishoniga aylandi (foto)

Lavozimiga qayta tayinlangan Shuhrat G‘aniyev yana tanqid nishoniga aylandi (foto)
Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati
18 yanvar kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev boshliq viloyat mutasaddilari So‘x tumanining Cho‘ng‘ara qishlog‘ida bo‘ldi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, tashrif «anklav hududdagi fuqarolarning turmush tarzini o‘rganish, ularni ijtimoiy himoya qilish, muammolarini hal etish maqsadida» amalga oshirilgan. Xabarga o‘nlab suratlar ilova qilingan bo‘lib, ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda salbiy reaksiyani vujudga keltirdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati
Cho‘ng‘ara qishlog‘ida olingan suratda viloyat rahbarlarini kutib olish uchun qo‘liga non tutqazilgan maktab yoshidagi qizning havo sovuq bo‘lishiga qaramay boshyalang va qalin ustki kiyimsiz, milliy libosda turganini ko‘rish mumkin. Vaholanki, holatni olqish bilan kuzatayotgan tomoshabinlar, xususan Shuhrat G‘aniyevning o‘zi ham qalin ustki va bosh kiyimda.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati
Surat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarni keltirib chiqardi. Foydalanuvchilar viloyat hokimi o‘z qizini hech qachon sovuq havoda bunday yengil kiyimda turishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi, deya fikr bildirishmoqda.

«Bechora qiz, qancha vaqt sovuqda turgani bizga noma’lum», deb yozadi Facebook foydalanuvchilaridan biri.
«Shartta bosh kiyimi bilan paltosini yechib, qizchaga kiydirib qo‘yganida edi, non yemasdan...» – degan boshqa bir yuzer.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati
Ijtimoiy tarmoqda, shuningdek, bu vaziyatda hokimni ayblash noto‘g‘ri bo‘lishi, holat uchun mahalliy rahbarlar mas’ul ekanini aytayotganlar ham topiladi. O‘z navbatida, hokim ham qizni ko‘rgani hamon mutasaddilarni koyib bergan bo‘lishi lozim edi, deb hisoblayotganlar ham yo‘q emas.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati
Muhokamalar ortidan Farg‘ona viloyati hokimligi rasmiy saytidagi surat olib tashlangan, ammo fotoni viloyatning Oltiariq, Furqat, Bag‘dod va Dang‘ara kabi tumanlari hokimliklarining rasmiy saytlaridan topish mumkin.

Rasmiy xabarga ko‘ra, So‘x tumanidagi Cho‘ng‘ara qishlog‘ida 240ta xonadon bo‘lib, bu yerda 1400 nafar fuqaro yashaydi.

Shuhrat G‘aniyev tashrifi davomida xotin-qizlar uchun 34ta tikuv mashinasi, qishloqdagi yagona maktab uchun 50ta kompyuter jamlanmasi, 2 mingta kitob, sport anjomlari va musiqa asboblari sovg‘a qilingan.

Bundan tashqari, qishloq vrachlik punktiga dori vositalari va tibbiy anjomlar keltirilib, cho‘ng‘araliklar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan; qator mehnatkashlarga sanatoriyalar yo‘llanmasi berilgan. Qishloqda yangi bog‘cha va do‘kon tantanali suratda ochilib, barcha xonadonlarga suyultirilgan gaz baloni bepul tarqatilgan. Infratuzilmaga oid boshqa loyihalarga ham kirishilib, fuqarolar murojaatlari hal etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lavozimiga qayta tayinlangan Shuhrat G‘aniyev yana tanqid nishoniga aylandi (foto)