06:00 / 22.01.2020
3 314

«Patent bo‘lmasa, boshqasini o‘ylab topishadi» — Rossiyadagi o‘zbekistonliklar

«Patent bo‘lmasa, boshqasini o‘ylab topishadi» — Rossiyadagi o‘zbekistonliklar
O‘zbekistonda va xorijdagi o‘zbekistonliklar tomonidan 2019 yilning oktabridan buyon Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish masalasi muhokama qilib kelinmoqda.

Mustaqillikka erishgach turli ittifoqlarga qo‘shilishni mustaqillik uchun xavf sifatida ko‘rib kelgan O‘zbekiston hukumati rahbariyati so‘nggi yillarda dunyo uchun ochila boshladi. Rossiya Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko Toshkentga tashrifi vaqtida O‘zbekiston YEOIIga kirishi haqida gapirib yuborganidan keyin ittifoqqa a’zo bo‘lish va bo‘lmaslik tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlarda bu masalani faol muhokama qila boshlashdi. Shuningdek, partiyalar, hukumat a’zolari YEOIIga qo‘shilish unchalik xatarli emasligi haqida ayta boshlashdi va ko‘pchilikda 2020 yil O‘zbekiston ittifoqqa kirishi aniq degan tasavvur hosil paydo bo‘ldi.

Kun.uz saytining Rossiyaga safar qilgan muxbirlari Moskvadagi o‘zbekistonliklardan O‘zbekistonning YEOIIga qo‘shilishiga qanday munosabatda bo‘lishlarini so‘radi.

Respondentlarga «O‘zbekiston YEOIIga qo‘shilishi tarafdorimisiz yoki yo‘q?» degan savol bilan murojaat qilindi.

- Qo‘shilsa yaxshi yoki yomon bo‘lishini tepadagilar yaxshi tushunishadi. Ko‘pchilik patentning yengilligini hisobga olib gapirmoqda. Men shaxsan qo‘shilmasligi tarafdoriman. Hammaning erkinligi o‘zida qolgani yaxshi. Boshqa tomondan yengillik bo‘lgani yaxshi bo‘lardi. Misol uchun, o‘zimdan kelib chiqsam, bir yilda 4 marta «registratsiya» (propiska) qilib qiynalaman. Birinchisi, yaxshi chiqsa, xo‘p, ikkinchisi «falshivka» (soxta) chiqadi. Pul to‘lab ham qila olmayapmiz. Shuni bir yillik qilishsa yaxshi bo‘lardi. Patentni umuman yo‘q qilishlariga aqlim yetmaydi. Boshqa jihatlardan yordam qilishlari, yengilliklar yaratishlari mumkin.

- Bilasizmi, avvalambor, men olim emasman. Olimlarimiz bu masalaning iqtisodiy tomonlarini ko‘rishlari kerak. Deputatlarimiz bor, ular bosh qotirishlari kerak, men iqtisodchi emasman. Ammosi bor. 4-5 mln odamimiz shu yerda yuribdi. Qo‘shilmaslikning iloji ham yo‘qda. Kim-kimgadir qo‘shilmasa, qoloq bo‘lib ketyapti. Yolg‘iz otning changi chiqmas, deyishadi-ku! Bu bo‘lmasa, ya’ni ittifoqqa qo‘shilmasak, Xitoy qarab turibdi. Investitsiyalar kirityapti. Nimalardir quryapti. Xitoyliklar bosib ketadi-ku unaqada? Biz ular qanaqa xalq ekanini bilmaymiz. Menimcha, yomon bo‘lmaydi ittifoqqa qo‘shilsak. Ko‘proq odamlar shu yerga kelib ishlaydi. Qonunlar tartibga kiradi va hokazo.

- Men shaxsan qarshiman. O‘zbekiston o‘ziga xon, o‘ziga bek davlat. Xohlasa qo‘shiladi, xohlasa qo‘shilmaydi. «Qo‘shil-qo‘shil», deb majburlashmasin. Rossiya «qo‘shil-qo‘shil» deyapti-da faqat. Qolgan davlatlar, Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston «qo‘shil» deb aytmayapti. Faqat Rossiyaning o‘zi «qo‘shil» deyapti. Patent to‘lovi bo‘lmaydi degani bu aldov gap. Qo‘shilsak, yana boshqa narsa o‘ylab chiqishadi. Qul bo‘lib qolamiz. Islom Karimov – oldingi prezidentimiz «qo‘shilmaymiz» deb to‘g‘ri aytgan. Lekin, O‘zbekiston-Rossiya o‘rtasida do‘stona aloqalar bo‘laveradi. Bu ittifoq kerak emas. Men shaxsan (patent) to‘layman. O‘zbekiston qul bo‘lishini xohlamayman.

- Oxirgi vaqtlarda ko‘p bahslarni kuzatyapman. Men bu yerda migrantlarga oson bo‘lishini emas, biroz qiyinroq bo‘lishini xohlayman. Chunki, o‘zbeklar O‘zbekistonning qadriga yetishsin. Hozir, Rossiya bilan qandaydir shartnomaga qo‘shilmoqchi. Unday bo‘lsa, patent bekor bo‘ladi. Rossiya deputatlari baribir biror narsa o‘ylab, qandaydir soliq turini topishadi. Migrantlar uchun boshida yengil bo‘lishi mumkin, keyinchalik foydasiz bo‘lib qoladi. Negaki, migrantlar Rossiya iqtisodiyotiga katta yordam bermoqda. Deputatlarimiz bizlarga ish o‘rinlari ochish harakatini qilishsin. Oddiy xalq uchun yaxshi ish joylari va qonunlar o‘ylab topishlarini xohlardim. 200-300 dollar pulni O‘zbekistonda harakat qilib topsa ham bo‘ladi. Bunga harakat qilish kerak.

- Menga qo‘shilmagani yaxshi. Nega deganda, avvalgi 15ta respublika bo‘lganda ham bekorga chiqib ketmaganmiz.

Bir necha oydan buyon jamoatchilik e’tibor markazida turgan masala borasida prezident Shavkat Mirziyoyev ham ikki bor o‘z munosabatini bildirdi. Davlat rahbari 2019 yilning 26 dekabrida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida ziyolilar bilan uchrashuv vaqtida O‘zbekiston tashqi siyosatiga doir ayrim qarashlarini ma’lum qilgandi:

«Mana, biz katta-katta integratsiyalarga qo‘shilmoqchimiz. Hamma har xil aytyapti: mustaqillikni berib qo‘yamiz...
Hech kim hech qachon mustaqillikni, o‘zbek millati, kim bo‘lishidan qat’i nazar endi bermaydi.

Bobolarimiz boshlab bergan kurash hozir ham davom etadi. Lekin jilov o‘zimizning qo‘limizda. Biz bozor iqtisodiyotida manfaat nuqtai nazaridan qaysi yo‘l to‘g‘riligini hisob-kitob qilishimiz kerak. Har kuni.

Albatta, bizning eng katta harakatimiz - eng ma’qul, eng to‘g‘ri iqtisodiy manfaat yo‘liga kiramiz. Kim bilan borishimizni xalqimizning o‘zi deputatlar bilan maslahat qilib... xalqimiz bilan maslahatlashib qilamiz. Yo‘limizning to‘g‘riligiga ishonsak, qilamiz».

Prezident Mirziyoyev 20 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida qilgan ma’ruzasida ham shu masalaga to‘xtalib, O‘zbekiston tashkilotga «kuzatuvchi» maqomida kirayotganini ta’kidladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Patent bo‘lmasa, boshqasini o‘ylab topishadi» — Rossiyadagi o‘zbekistonliklar