10:03 / 22.01.2020
3 524

Hatto Mirziyoyevga qarshi ovoz berilgan edi

Hatto Mirziyoyevga qarshi ovoz berilgan edi
20 yanvar kuni Abdulla Aripov raisligidagi avvalgi hukumat o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishini Senatga ma’lum qilgan edi. Oradan 24 soatdan kamroq vaqt o‘tib, yangi O‘zbekiston yana bosh vazirlik bo‘ldi — lekin bosh vazir eski, kechagi Abdulla Aripovning o‘zi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi axir. Parlament saylovlari yakuniga ko‘ra bosh vazir lavozimiga nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan O‘zLiDeP 18 yanvardayoq Prezidentga Abdulla Aripov nomzodini taqdim etib bo‘lgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Biror manbada Prezident bu taklifni rad etgani, Aripovdan boshqa nomzodni ko‘rsatishni so‘ragani haqida gap-so‘z chiqqani yo‘q, to‘g‘rimi? Buyoqda biror bir partiya, masalan, O‘zXDP chiqib: «Biz Ochilboy akamiz bosh vazir bo‘lishlarini xohlaymiz», degani ham yo‘q (deyolmaydi ham, buning uchun parlament saylovlarida g‘olib chiqish lozim). Boz ustiga, biz partiyalarimizdan bunday kutilmagan harakatlarni kutmaymiz ham va to‘g‘ri qilamiz, aks holda, «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi: «Parlament saylovida g‘alaba qozonsak, biz ham bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini ko‘rsatmoqchi edik», degan gapini eshitgan vaqtimizdagidek xafsalamiz pir bo‘lardi.

Xullas, hammasi kutilganidek bo‘lishi deyarli aniq bo‘lsa-da, atrofda bahs-munozara o‘zicha davom etaveradi: «Balki u bo‘lmas, boshqasining nomzodi ko‘rsatib qolinar, to‘satdan?», «O‘zim eshitdim, almasharmish, o‘rniga boshqasini qo‘yisharmish», «Deputatlar boshqacharoq nuqtai nazar bilan chiqib qolar?» va hokazo, va hokazo. Ammo yangi saylangan deputat va senatorlarimizga gap yo‘q — «kutilmagan harakat qilmaslik» borasida «bildirilgan yuksak ishonch»ni oqlab, ortiqcha intriga-yu sensatsiyaga imkon qoldirilmadi. Kim bilsin, balki Abdulla Aripov nomzodiga birorta deputat yoki senatorning qarshi ovoz bermaganining o‘zi, balki, «kutilmagan voqea»dir?

Ma’lumot uchun: Oliy Majlis palatalarining 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida ishtirok etgan 150 nafar deputatdan 148 nafari Abdulla Aripov nomzodini ma’qullab ovoz berdi. Bir deputat betaraf qolgan bo‘lsa, yana biri ovoz berishda ishtirok etmagan. 97 senatordan 94 nafari ham Abdulla Aripov nomzodini ma’qulladi — 3 senator ovoz bermagan.

Tan olish kerak, ba’zan qoidadan tashqari istisno holatlar ham bo‘lib turadi. Bundan besh yil avval saylangan yangi parlamentning ilk qo‘shma majlisida 100 nafar senatorning bari Prezident tomonidan tavsiya qilingan bosh vazirlikka nomzodni 100 foiz qo‘llab-quvvatlagan, ammo 150 nafar deputatdan biri nomzodga qarshi (betaraf emas, aynan qarshi!) ovoz bergan edi.

Xalq shoirlari tomonidan «qora tush» deb ta’riflanadigan o‘sha davrdagi bu voqeadan keng jamoatchilik «Axborot»ning soniyalik lavhasi orqali xabar topgan, shundan so‘ng internetda «Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir deputati Shavkat Mirziyoyevning bosh vazir bo‘lishiga qarshi chiqdi» degan sarlavhalar paydo bo‘lgandi.

O‘shanda xalq vakili «qarshi» ovoz berish tugmasini, balki, adashib, hayajonda shoshilib bosib yuborgandir. Lekin birgina shu fakt 2015 yilgi jarayonni yodda qolarli tarixiy voqeaga aylantirganini rad etib bo‘lmaydi. Darvoqe, 2019 yilgi parlament saylovida ovoz berishga chiqqan saylovchilar sonining har doimgidan ham kam bo‘lgani raqamlarning haqqoniyligiga bo‘lgan ishonchni oshirdi. «Saylovchilarning ishonchga sazovor soni»ga o‘xshash holatni, deputat va senatorlarimizning samimiyligi hamda Abdulla Aripovning salohiyatiga shubha bildirmagan holda, ehtimol, qolgan jabhalarda ham yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylab ko‘rish kerakmikin, degan mulohaza bor.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Har ne bo‘lganda ham, Prezidentga 89 foizdan kamroq ovoz bergan xalqning vakillari bosh vazirlikka nomzod shaxsga salkam 97 foiz ovoz berishi — chetdan, yumshoq qilib aytganda, biroz g‘alati ko‘rinadi (xuddi shu nomzodga xalq vakillari 2016 yili 100 foiz ovoz bergani hisobga olinmasa, albatta).

Muhrim A’zamxo‘jayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hatto Mirziyoyevga qarshi ovoz berilgan edi